Shamshidinov Israiljon Turgunovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Qoratog‘ va Markaziy Qizilqum fosforitlaridan ekstraksion fosfat kislota ishlab chiqarishning takomillashgan va konsentrlangan fosforli o‘g‘itlar olish texnologiyalarini yaratish», 02.00.13–Noorganik moddalar va ular asosidagi materiallar texnologiyasi (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.DSc/T15.
Ilmiy maslahatchi: Mirzakulov Xoltura Chorievich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Namangan muhandislik-qurilish instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Umumiy va noorganik kimyo instituti, Toshkent kimyo-texnologiya instituti, DSc.27.06.2017.K/T.35.01.
Rasmiy opponentlar: Namazov Shafoat Sattarovich, texnika fanlari doktori, professor; Usmanov Sultan Usmanovich, texnika fanlari doktori, professor; Dexkanov Zulfikaxar Kirgizbaevich, texnika fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Urganch davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: magniyli fosforitlardan olingan ekstraksion fosfat kislotani (EFK) qo‘shimchalardan tozalash va faollashtirish usullarini hamda yuqori magniyli fosforitlarni EFKga qayta ishlash va ikkilamchi fosfatlarni faollangan EFKda parchalash yo‘li bilan konsentrlangan fosforli va mikroelementli o‘g‘itlarga qayta ishlash texnologiyalarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
birinchi marotaba ko‘rsatkichlarni o‘lchashning keng qamrovli doirasida H3PO4-H2O, H3PO4-MgSO4-H2O, H3PO4-MgSO4-NH4NO3-H2O va tarkibida ammoniy nitrat bo‘lgan magniyli EFK sistemalarida qaynash harorati, to‘yingan bug‘ bosimi, bug‘ hosil bo‘lish issiqligi, elektr o‘tkazuvchanligi va pH qiymati aniqlangan;
ammoniy nitrat ishtirokida EFK konsentrlangan eritmalari fizik-kimyoviy va reologik xossalarining yaxshilanishi magniy sul`fat gidratlarining buzilishi hisobiga sodir bo‘lishi isbotlangan;
magniyli fosforitlar asosidagi fosfat kislotaning ammoniy nitrat ishtirokida faollanish mumkinligi aniqlangan;
birinchi marotaba maydalanish paytida Qoratog‘ fosfatli xomashyosi komponentlarining ma’lum izchillikda taqsimlanishi, fosforit parchalanish darajasiga zarrachalar o‘lchamining ta’siri, zarrachalar o‘lchami ortishi bilan parchalanish darajasining minimum orqali o‘tishi aniqlangan va bunda kal`siy sul`fat mayda kristallarining yirik zarrachalar sirtida quyqa qatlam hosil qilish sabablari asoslangan;
fosfat kislotani sul`fat kislotali ekstraksiyalashda fosforitlarning parchalanish jarayoni hamda kal`siy sul`fat digidrati kristallanishiga magniyning ta’siri aniqlangan;
jarayon bosqichlarini kamaytirish hisobiga kislota tozalash jarayonini jadallashtirish ta’minlanadigan EFK ishlab chiqarish texnologik siklida EFKni ftor va sul`fatlardan bir paytning o‘zida tozalash hamda MQ fosforitlaridan tarkibida 52,0% dan kam bo‘lmagan R2O5 bo‘lgan ekologik toza mahsulot – yuqori navli ammofos olish mumkinligi aniqlangan;
ikkilamchi fosfatlarni konsentrlangan va ammoniy nitrat bilan faollangan EFK va mikroelementli EFKda parchalash yo‘li bilan konsentrlangan fosforli o‘g‘itlar hamda mikroelementli o‘g‘itlar olish texnologiyalari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Qoratog‘ va Markaziy Qizilqum magniyli fosforitlarini konsentrlangan fosforli o‘g‘itlarga qayta ishlash texnologiyalarini yaratish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
murakkab azot-fosforli o‘g‘it olish usuliga O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti olingan (№ IAP 03806). Natijada magniyli EFKni ammoniy nitrat ishtirokida bug‘latish yo‘li bilan olingan konsentrlangan va faollangan kislotada fosforitlarni parchalash, mahsulotni donadorlash va quritish orqali konsentrlangan fosforli o‘g‘it – qo‘shaloq superfosfat olish imkoniyati yaratilgan;
EFKni sul`fatlar va ftordan tozalash, azot-fosfor-kal`siyli o‘g‘it va mikroelementli o‘g‘it olish, Qoratog‘ yuqori magniyli fosforitlaridan yangi turdagi konsentrlangan fosforli o‘g‘it olish texnologiyalari «Ammofos-Maxam» AJda tatbiq etilib, yuqori navli ammofos hamda tarkibida kal`siy va mikroelementlar tutgan konsentrlangan fosforli o‘g‘itlar olingan («O‘zkimyosanoat» AJning 2017 yil 24 iyuldagi 01/3-3976/P-son ma’lumotnomasi). Ushbu natijalarni amaliyotga joriy qilish ammofos ishlab chiqarishning amaldagi usuliga nisbatan xomashyolar – sul`fat kislota sarfini 15–20% ga, ammiak sarfini 60–80% ga kamaytirish imkonini bergan.