Asadov Maqsud Husenovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «O‘zbek mumtoz she’riyatida rindona ma’no va lirik qahramon xarakteri», 10.00.02–O‘zbek adabiyoti (filologiya fanlari)
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.PhD/Fil3.
Ilmiy rahbar: Haqqulov Ibrohim Chorievich, filologiya fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi: O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti, DSc.27.06.2017.Fil.46.01.
Rasmiy opponentlar: Qudratullaev Hasan Ergashevich, filologiya fanlari doktori, professor; Boltaboev Hamidulla Ubaydullaevich, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Buxoro davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: mumtoz she’riyatimizning o‘ziga xos mavzularidan biri bo‘lgan rindona she’rlarning shakllanish omillarini aniqlash hamda tarixiy taraqqiyoti, g‘oyaviy-badiiy olami va lirik qahramon – rind xarakterining muhim xususiyatlarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
rindona she’rlarning taraqqiyot tamoyillari, obrazlar tizimi, g‘oyaviy-badiiy xususiyatlari, tasvir ko‘lami, ifoda usuli va lirik qahramon xarakteri ochib berilgan;
rindona she’rlarning yuzaga kelishida Sharq xalqlarining diniy-mifologik tushunchalari, ijtimoiy-maishiy turmush madaniyati, urf-odat va marosimlari, ularning badiiy ijoddagi ahamiyati hamda estetik xususiyatlari isbotlangan;
qadimgi arab va fors-tojik she’riyatidagi xamriyatlarning o‘zbek mumtoz adabiyotida rindona she’rlar takomilidagi mavqei aniqlangan;
Sharq mumtoz adabiyotida, xususan, turkiy she’riyatda XV asrning I yarmiga qadar yaratilgan rindona mazmundagi alohida misra, bayt va she’rlarning badiiy o‘ziga xosligi dalillangan;
rindona she’rlarning o‘zbek mumtoz adabiyotidagi ifoda imkoniyatlari, obraz va timsollar olami, tarixiy va badiiy xususiyatlari asoslangan;
rindona she’rlarning o‘zbek mumtoz she’riyatida faollashuv miqyosi va darajasining ijtimoiy sabablari, estetik mezonlari ochib berilgan;
lirik qahramon dunyoqarashi, ma’naviy-axloqiy qiyofasining rindona she’rlarning mazmun-mohiyati, poetik tabiati, badiiy tasvir prinsiplari bilan bog‘liqligi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Rindona she’rlarning genezisi, poetik xususiyatlari, obrazlar tabiati va lirik qahramon xarakterini ochib berish jarayonida ma’naviy-ma’rifiy tizimni takomillashtirish bo‘yicha belgilangan tadbirlar asosida:
may, boda, sharob, chog‘ir poetik timsollarining ko‘chma, majoziy ma’nolarining ifoda imkoniyatlari va g‘oyaviy-badiiy xususiyatlarining o‘ziga xos jihatlarini asoslash bilan bog‘liq ilmiy xulosalar FA-F8-034 raqamli «O‘zbek tili leksikasi va terminologiyasining rivojlanish tamoyillari» (2007–2011) fundamental tadqiqot loyihasining “Navoiy asarlari lug‘ati” qismini (Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasining 2016 yil 20 dekabrdagi
FTK-0313/930-son ma’lumotnomasi) tayyorlashda qo‘llanilgan. Natijada ularning o‘zbek tili leksikasining taraqqiyot tamoyillarini ko‘rsatib berishdagi ahamiyati ilmiy dalillar asosida o‘z isbotini topgan. Rindona she’rlarda qo‘llangan badiiy obrazlarning xarakterli belgilari 40 taga yaqin poetik atamalarning she’riy matn tarkibidagi metaforik – ko‘p qirrali ma’nosini izohlash uchun foydalanilgan. Ilmiy natijalarning joriy qilinishi Navoiy ijodidagi barcha so‘zlarni qamrab olgan mukammal «Navoiy asarlari lug‘ati»ni tuzish, shuningdek o‘zbek mumtoz adabiyotining poetik obrazlar tabiati, rindona she’rlarda qo‘llangan timsol-tushunchalarning shoir dunyoqarashi, ma’naviy olami, lirik qahramon xarakterining o‘ziga xos xususiyatlarini yoritishdagi ahamiyatini ko‘rsatishga xizmat qiladi.