Valiev Bobur Batirovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbekistonda hududlar iqtisodiyotini barqaror rivojlantirishda investisiya salohiyatini oshirish mexanizmi”, 08.00.12 – “Mintaqaviy iqtisodiyot” (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.DSc/Iqt197.
Ilmiy rahbar: Sodiqov Avazbek Madaminovich,iqtisodiyot fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti huzuridagi O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishning ilmiy asoslari va muammolari ilmiy tadqiqot markazi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti, DSc.14/30.12.2019.I.84.01.
Rasmiy opponentlar: Olimjonov Odil Olimovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Nizomov Asliddin Badriddinovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Raxmonov Norim Razzakovich, iqtisodiyot fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Urganch davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi O‘zbekiston hududlarini barqaror iqtisodiy rivojlantirishda ularning investisiya salohiyatini oshirish bo‘yicha ilmiy-uslubiy va amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
hududlarning investisiya salohiyatini baholash uslubiyoti o‘nta sohalar kesimida reyting tuzishga imkon beruvchi subindikatorlarni “nol”dan “bir”gacha intervaldagi koeffisientlarga aylantirish va ahamiyati jihatidan ularga vazn koeffisientlarini biriktirish yordamida yagona integral ko‘rsatkichni shakllantirish orqali takomillashtirilgan;
“investisiya me’yori”,“investisiya mul`tiplikatori”, “investisiya qaytimi” va “ICOR koeffisienti”ni yalpi hududiy mahsulotni hisobga olgan holda o‘zaro yaxlit bir tizimga bog‘lash orqali investisiya samaradorligini baholash usuli takomillashtirilgan;
investisiya manbalarining iqtisodiy o‘sishni ta’minlovchi omillari o‘rtasidagi ta’sirini hisobga olgan holda qisqa muddatda mahalliy investisiyalarning xorijiy investisiyalarga nisbatan yalpi hududiy mahsulot o‘sishiga ta’siri yuqori ekanligi asoslangan;
mintaqaviy investisiya salohiyatini oshirish mexanizmi “ilg‘or” va “chekka” hududlarga ajratish, hududlararo “qo‘shma dasturlar” ishlab chiqish, mintaqalararo institusional va innovatsiya aloqalarni samarali rivojlantirish usullari orqali takomillashtirilgan;
hududlar iqtisodiyotini barqaror rivojlantirishni e’tiborga olgan holda ularga investisiyalarni jalb qilish salohiyatining 2025 yilgacha prognoz parametrlarining ssenariy variantlari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Mamlakatimiz hududlari iqtisodiyotiga investisiyalar jalb qilish mexanizmini takomillashtirish va investisiya salohiyatini oshirish yuzasidan ishlab chiqilgan uslubiy va amaliy takliflar asosida:
hududlar iqtisodiy o‘sishiga investisiyalar ta’sirini baholashning elastiklik koeffisientlari orqali zamonaviy ekonometrik usullardan foydalanish, hududlarda investisiyalar samaradorlik ko‘rsatkichlarini hisoblash yo‘llari hamda hududlar investisiya salohiyatini baholash usullaridan O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 29 apreldagi PQ-4300-son “Respublika iqtisodiyotiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiyalarni jalb qilish mexanizmlarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori, 2019 yil 17 yanvardagi PF-5635 son Farmoni bilan belgilangan Vazirlar Mahkamasining “2025 yilgacha O‘zbekiston Respublikasi investisiya siyosati strategiyasini tasdiqlash” to‘g‘risidagi qarori, “2030 yilgacha O‘zbekiston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish konsepsiyasi”ni ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligining 2019 yil 13 avgustdagi SS-3-1/20-148-son ma’lumotnomasi). Taklif etilgan ilmiy yondashuvlar mintaqalar bo‘yicha investisiya dasturlarining ustuvor yo‘nalishlarini aniqlash va hududlar investisiya salohiyatidan samarali foydalanish yo‘llarini ochib bergan;
respublika va hududlar uchun investisiya siyosati strategiyasini ishlab chiqish zaruriyatini asoslovchi takliflar, hududlar iqtisodiyotiga investisiyalar ta’siri, ularning samaradorligi va investisiyalar tarkibiy tuzilishini tahlil qilish natijalaridan 2019 yil 20 iyun` kuni bo‘lib o‘tgan 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investisiyalar va ijtimoiy rivojlanish” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risidagi Senat hisobotida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining “Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari” qo‘mitasining 2019 yil 2 dekabrdagi ma’lumotnomasi). Ushbu ilmiy natijalarning amaliyotda qo‘llanilishi “Investisiya faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunning tegishli davlat organlari va mintaqalardagi mahalliy hokimliklar tomonidan ijro etilishi jarayoni sifatini oshirdi, mahalliy byudjetlar salohiyatini ko‘paytirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilgan;
mamlakatimiz hududlariga investisiya resurslarini faol jalb qilishning ustuvor yo‘nalishlari va shakllari, hududlarning investisiyalarni o‘zlashtirish bo‘yicha zahira va imkoniyatlaridan oqilona foydalanish istiqbollari, hududiy investisiya siyosati strategiyasini shakllantirish yo‘llari bo‘yicha takliflar Sirdaryo viloyati kichik sanoat zonalari direksiyasi tomonidan investisiya loyihalarini shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Sirdaryo viloyati hokimligi huzuridagi kichik sanoat zonalarini boshqarish yagona direksiyasining 2019 yil 11 oktyabrdagi 4s-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarni joriy etish natijasida kichik sanoat zonalari direksiyasi hududidagi “Muzaffar savdo Fayz” MChJda sutni kayta ishlash, “Xavasim shirinliklari” MChJda shokolad ishlab chiqarishni tashkil etish, “Snaxzodbek Yangiyer Group” MChJda plastmassa buyumlari ishlab chiqarish kabi investisiya loyihalari samaradorligini oshirishga erishilgan;
hududlarda yuqori iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga qaratilgan investisiya strategiyalari yuzasidan xorijiy ijobiy tajribalar, investisiya resurslarini faol jalb qilishning yo‘nalishlari va zamonaviy shakllari, mavjud zahira va imkoniyatlardan oqilona foydalanish bo‘yicha takliflar O‘zbekiston Respublikasi “Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki tomonidan hududlarda “Bank missiyasi” va “Rivojlanish strategiyasi”ni ishlab chiqish jarayoniga tatbiq etilgan (O‘zbekiston Respublikasi “Trastbank” xususiy aksiyadorlik bankining 2019 yil 26 avgustdagi 01-33/2673-son ma’lumotnomasi). Natijada “Trastbank” aktivlari va kapital rentabelligining oshishi ta’minlangan.