Ahmedova Zebiniso Jumaqulovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Ming bir kecha” va o‘zbek xalq ertaklari syujet tizimining qiyosiy tadqiqi”, 10.00.08 – Fol`klorshunoslik(filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.3.PhD/Fil1393.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi:Navoiy davlat pedagogika instituti.
Ilmiy rahbar: Mamatqul Jo‘raev, filologiya fanlari doktori, professor.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyot va fol`klori instituti,Dsc.02/30.12.2019.Fil.46.02.
Rasmiy opponentlar: Yormatov Isomiddin Turgunovich, filologiya fanlari doktori, professor; Sobirova Nasiba Ergashevna, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori.
Yetakchi tashkilot: Buxoro davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi o‘zbek va arab xalq ertaklari syujet tizimini qiyoslash asosida “Ming bir kecha” tarkibidagi an’anaviy epik syujetlarning genezisi, poetik transformatsiyasi va xalq ertaklari syujet tizimining tadrijiy rivojida tutgan o‘rnini aniqlash hamda bu adabiy manbaning o‘zbek fol`kloriga ko‘rsatgan ta’sirini “sayyor syujetlar”lar migratsiyasi misolida ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
“Ming bir kecha”ning yuzaga kelishi va manbalari hind, fors va arab ertakchilik an’analari bilan bog‘liq bo‘lib, uning shakllanish jarayoni qadimgi hind mifologik syujetlarining epik transformatsiyasi natijasida vujudga kelgan “Hazor afsona” majmuasining arab tiliga tarjima qilinishi, XII-XIII asrlarda Bag‘dod va uning atrofidagi hududda yaratilgan xalq ertaklarining turkumlashishi hamda XIV asrda Qohirada tizimlashtirilgan an’anaviy arab ertaklarining kiritilishidan iborat ko‘pqatlamli bosqichdan iboratligi dalillangan;
“Ming bir kecha” majmuasi tarkibidagi ertaklar syujetining etnomadaniy asoslari va epik transformatsiyasi aniqlanib, ushbu yodgorlikning shakllanishiga asos bo‘lgan dastlabki manba hind fol`klori ekanligi aniqlangan hamda qadimgi hind ertakchiligi an’analari ta’sirida shakllangan syujetlarni o‘zida aks ettirgan pahlaviy yozma yodgorliklari oraliq tip, ya’ni epik syujetlar migratsiyasidagi o‘rta bo‘g‘in vazifasini o‘taganligi isbotlangan;
o‘zbek xalq sehrli ertaklarining asosiy qismi tarixiy asoslariga ko‘ra,qadimgi hind, fors va arab ertakchiligi an’analarining ta’sirini o‘zida mujassamlashtirgan “sayyor syujetlar” asosida yaratilganligi asoslangan hamda tarixiy-fol`kloriy jarayon davomida bunday o‘zlashma epik qatlam ertakchilarning badihago‘yligi va ijodkorligi tufayli takomillashib borganligi aniqlangan;
o‘zbek xalq sehrli ertaklari syujetini harakatga keltiruvchi va epik asar kompozision qurilishini shakllantiruvchi asosiy syujet halqalaridan biri hisoblangan evrilish motivining genezisi qadimgi totemistik va animistik tasavvurlarga borib taqalishi isbotlangan;
“Ming bir kecha” tarkibidagi epik syujetlar migratsiyasi natijasida shakllangan o‘zbek xalq sehrli ertaklarida evrilish motivining xiyonatkorligi sababli jazolangan qahramonning o‘z ko‘rinishini o‘zgartirishi, qahramonning dushman ta’qibidan o‘zini himoya qilishi hamda dushman tomonidan sehrlanishi, kabutar-parilarning antropomorf qiyofa kasb etishi kabi uch asosiy tipi mavjudligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. “Ming bir kecha”ning o‘zbek xalq ertaklari syujet tizimining shakllanishi va badiiy evolyusiyasiga ta’sirini qiyosiy tadqiq etish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
“Ming bir kecha” asosida yaratilgan o‘zbek xalq ertaklari syujetidagi an’anaviy epik motivlar va obrazlar tizimining genezisiga doir nazariy xulosalari O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy tadqiqot institutida 2017-2020 yillarda amalga oshirilgan FA-F-1-005 raqamli “Qoraqalpoq fol`klorshunosligi va adabiyotshunoslik tarixini tadqiq qilish”mavzusidagi fundamental tadqiqot loyihani bajarishda (O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limining 2021 yil 21 iyundagi 17.01/125-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘zbek adabiyotidagi mifologik obrazlarning tarixiy asoslari Sharq xalqlari, jumladan, qadimgi hind, fors va arab fol`klorining arxaik qatlamiga mansub mifopoetik kontekst bilan bevosita bog‘liqligi ilmiy jihatdan asoslangan;
“Ming bir kecha”ning turkiy ertakchilik an’anasiga ta’siri natijasida shakllangan “sayyor syujet”larning o‘zbek fol`kloridagi epik talqinlarini majoziy va sehrli-fantastik ertaklardagi evrilish hamda safar motivlari misolida tahlil qilish asosida chiqarilgan xulosalar O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Navoiy viloyati bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan “Navoiylik yosh navoiyxonlar”, “Ma’naviyatli yoshlar Vatanni madh etadi”, “Men she’r (hikoya, ertak) yozaman”, “Yosh kitobxon” kabi turli tanlovlarning ssenariysini shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Navoiy viloyati bo‘limining 2021 yil 22 iyundagi 22-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘zbek xalq ertaklarida o‘z ifodasini topgan didaktik qarashlardan etuk yosh avlodni tarbiyalashda foydalanishning ilmiy-pedagogik mezonlarini ishlab chiqishga erishilgan;
o‘zbek xalq ertaklarining o‘ziga xos badiiy xususiyatlari, syujet tizimining manbalari va shakllanish tamoyillariga doir ilmiy qarashlardan Navoiy viloyati teleradokompaniyasining “Ma’naviyat sarchashmasi”, “Dolzarb mavzu”, “Adabiy muhit”, “Ma’naviyat gulshani” kabi teleko‘rsatuvlarida foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi Navoiy viloyati teleradiokompaniyasining 2021 yil 10 yanvardagi 03-02/15-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘zbek fol`klori asarlarining qadimiy asoslari haqidagi ilmiy qarashlar keng ko‘lamda ommalashtirilgan.