Karimova Zulnura G‘ulamqodirovnaning falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbek va ingliz tillarida so‘z-gaplarning sotsiopragmatik xususiyatlari”, 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.3.PhD/Fil588.
Ilmiy rahbar: Qurbonova Muxabbat Matyakubovna, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.19.01 (bir martalik).
Rasmiy opponentlar: Sadullaeva Nilufar Azimovna, filologiya fanlari doktori, dotsent; Bobokalonov Ramazon Rajabboevich, filologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi o‘zbek va ingliz tillaridagi so‘z-gaplarning sotsiopragmatik xususiyatlarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
o‘zbek va ingliz tillarining voy, ola, ha, yo‘q, aylanay, o‘rgilay, urra, rahmat, iltimos, salom, voy xudoyim, astag‘firullo, inshoolloh, albatta, voy o‘lay, juvonmarg/oh, oh my, yes, no, hurrah, thanks, please, hello, oh my God, my goodness, gosh, damn, shit, hell, yay, wow, ok, congrats, well, ouch kabi so‘z-gaplar tizimi va bu tizimdan joy olgan birliklarning ijtimoiy xususiyatlari, nutqiy aktlarni hosil qilishi, ularda tagma’no va presuppozisiyaning ifodalanishi, sotsiopragmatik to‘siqning yuzaga kelishi va kommunikativ maqsadning bevosita va bilvosita ifodalanishi kabi sotsiopragmatik xususiyatlari ilk marotaba qiyosiy tahlil asosida ochib berilgan;
o‘zbek va ingliz tillaridagi so‘z-gaplarning sotsial (gender va yoshga ko‘ra) xoslanish masalasida o‘rgilay, o‘rgilib ketay, onang (xolang, ammang) o‘rgilsin, aylanay, aylanib ketay, onang aylansin, jonim tasadduq qulluq kabi milliy-madaniy jihatdan o‘zbek tilidagi ba’zi erkalashni bildiruvchi so‘zlar, duolar, murojaat birliklari, juvonmarg bo‘lgur, qarchiningdan qiyilgur kabi qarg‘ish so‘z-gaplari ingliz tilida lakunalar ekanligi asoslangan;
har ikki tilda so‘z-gaplarning lokutiv, illokutiv, perlokutiv nutqiy akt turlarini hosil qila olishi hamda so‘z-gaplarni qiyosiy o‘rganish asosida o‘zbek va ingliz tillarining struktur-semantik tuzilishidagi buyruq, iltimos, talab qilish kabi pragmatik ma’nolar ifodalangan nutqiy akt turlarida perlokusiyaning amal qilishi ingliz tiliga qaraganda o‘zbek tili so‘zlashuv nutqida kuchliroq ekanligi aniqlangan;
o‘zbek va ingliz tillaridagi so‘z-gaplarda tagma’no, presuppozisiya, sotsiopragmatik to‘siq, kommunikativ maqsad, ijtimoiy munosabat tamoyilining ifodalanishi bilan bog‘liq umumiy jihatlar o‘zbek tilidagi Xo‘sh? ingliz tilidagi Well? so‘z-gaplarining tagma’nolarini qiyoslash orqali, farqli jihatlari esa o‘zbek tilidagi suhbatdoshiga hurmat nuqtai nazaridan“Yo‘q” inkor so‘z-gapi o‘rnida qo‘llanuvchi “Rahmat” so‘z-gapi (ingliz tilida bu ma’noda to‘g‘ridan to‘g‘ri No yoki No, thanks birliklari ishlatiladi) tahlili orqali ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbek va ingliz tillarida so‘z-gaplarning sotsiopragmatik xususiyatlarini tadqiq etish bo‘yicha olingan natijalar asosida:
talabalarning til o‘rganish jarayonida so‘z-gaplarni og‘zaki nutqda qo‘llash kompetensiyalarini rivojlantirishga ko‘maklashuvchi tadqiqot natijalari asosida tayyorlangan “O‘zbek va ingliz tilidagi so‘z-gaplarning izohli lug‘ati”dan Erasmus + dasturining “Project 598340-EPP-1-2018-1-ES-EPPKA2-CBHE-JP University Cooperation Framework for knowledge Transfer in Central Asia and China (UNICAC)” nomli xalqaro loyihada foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 25 sentyabrdagi 89-03-3549-son ma’lumotnomasi). Natijada talabalarning til o‘rganish jarayonida so‘z-gaplardan og‘zaki nutqda keng foydalanish imkoniyati yaratilgan;
inson fe’l-atvori, tabiat va milliy timsollar tasvirini yoritish, erkak va ayollar nutqiga xos xususiyatlarni izohlash hamda milliy timsollar tasvirining tarixiy taraqqiyot bosqichlaridagi tadrijiy takomiliga doir ilmiy xulosalardan IOT-2019-42 raqamli “O‘zbek va ingliz tillarining elektron (inson qiyofasi, fe’l-atvori, tabiat va milliy timsollar tasviri) poetik lug‘atini yaratish” (2019-2020) mavzusidagi innovatsion loyihaning nazariy qismida foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 5 noyabrdagi 89-03-4453-son ma’lumotnomasi). Natijada lug‘atda inson fe’l-atvori, tabiat va milliy timsollar tavsifi yanada mukammallashgan.
xorijiy jurnalda (EPRA International Journal of Multidisciplinary Research (IJMR) - Peer Reviewed Journal) nashr etilgan “Classification of Uzbek and English Interjections according to the age” (Özbekçe ve ingilizce ünlemlerinin yaşa göre sınıflandırılması) nomli maqoladagi o‘zbek va ingliz tillaridagi undov so‘z-gaplarning yoshga ko‘ra tasniflanishiga oid ilmiy xulosalardan Niğde Ömer Halisdemir universitetining “Chog‘dosh turk lahchalari va adabiyotlari” bo‘limidagi talabalarga o‘zbek tili darslarida foydalanilgan (Niğde Ömer Halisdemir universiteti “Chog‘dosh turk lahchalari va adabiyotlari” bo‘limining 2020 yil 22 dekabrdagi ma’lumotnomasi). Natijada talabalarning o‘zbek va ingliz tillaridagi undov so‘z-gaplarning yoshga ko‘ra tasnifiga oid bilim va ko‘nikmalari oshishiga xizmat qilgan.
o‘zbek va ingliz tillarida so‘z-gaplarning sotsiopragmatik xususiyatlari tadqiqiga oid ilmiy-nazariy xulosalardan “O‘zbekiston” telekanalining “Tilga e’tibor”, “Munosabat” nomli ko‘rsatuvlarida foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston” teleradiokanalining 2020 yil 9 oktyabrdagi 01-13-940-son ma’lumotnomasi). Natijada erkak va ayollar tomonidan salbiy baho ifodalovchi so‘zlarning o‘zlashtirilishida ijtimoiy muhit, xususan, oilaviy muhitning o‘rni haqidagi masalalar ilmiy asoslangan.