Arslonov Abdimurod Karomatovichning falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Temurnoma”larning qo‘lyozma manbalari va qiyosiy-tekstologik tadqiqi”, 10.00.10 – Matnshunoslik va adabiy manbashunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.1.PhD /Fil1195.
Ilmiy rahbar: Shodmonov Nafas Namozovich,filologiya fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Termiz davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.19.01.
Rasmiy opponentlar: Erkinov Aftondil Sadirxonovich,filologiya fanlari doktori;Zohidov Rashid Fozilovich, filologiya fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot:Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi “Temurnoma”larning qo‘lyozma va toshbosma manbalari nusxalari hamda nashrlarini qiyosiy-matniy tahlil qilish, Amir Temur haqidagi adabiy manbalarning matn tarixi, tahriri va talqini muammolarini ilmiy asoslash, “Temurnoma”larning milliy adabiyot tarixida tutgan o‘rnini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Amir Temur siymosining yozma manbalarga transformatsiyasi Sohibqiron yashagan davrda tarixiy asarlardan boshlanib, keyinchalik esa badiiy adabiyotda davom etganligi, ijtimoiy-falsafiy, axloqiy-didaktik manbalarda aks etishi bu buyuk shaxs fenomenining badiiy asarlarga ko‘chishida bir ko‘prik vazifasini bajarganligi, u bilan bog‘liq rivoyatsimon hikoyatlar va xalq dostonlari syujeti birlamchi manbalar asosida ochib berilgan;
“Temurnoma”larning vujudga kelishida fors tilidagi Nizomiddin Shomiy va Sharafuddin Ali Yazdiylarning “Zafarnoma”lari, Ibn Arabshohning “Ajoyib al-maqdur fi-tarixi Taymur” kabi tarixiy asarlari, Ashraf Marog‘iy, Xotifiy va Mirzo Rumuzlarning “Temurnoma” (“Zafarnoma”) singari badiiy asarlari hamda xalq og‘zaki ijodi unsurlari va uslublariga tayanilgani asoslangan;
“Temurnoma”lar janriy xususiyatiga ko‘ra, xalq kitoblariga yaqin turishi – Amir Temur hayoti va faoliyati to‘g‘risida xalq orasidagi hikoyat va rivoyatlarning xalq kitoblari tarzida umumlashtirilgani, “Temurnoma”lar nasriy yo‘lda yozilganligi bois voqealar xalq kitoblarining tuzilishiga xos bo‘lgan an’anaviy qolip jumlalardan keng foydalanilganligi misollar orqali isbotlangan;
“Temurnoma”lar matni tarixi va talqini natijasida o‘zbek mumtoz adabiyotida yaratilgan Umar Boqiy va Mahzun kabi ijodkorlarning qissalari hamda “Qisasi Rabg‘uziy”, “Shajarayi tarokima” singari nasriy asarlar bilan umumiy belgilarga ega ekani aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. “Temurnoma”-larning qo‘lyozma manbalari va qiyosiy-tekstologik tadqiqi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
“Temurnoma”larning vujudga kelishida fors tilidagi tarixiy va badiiy asarlar hamda xalq og‘zaki ijodi unsurlari va uslublariga tayanilganiga, Sohibqiron fenomenining yozma adabiyotga transformatsiyasida xalq og‘zaki ijodi alohida o‘rin tutganligi, og‘zaki ijoddagi epik tafakkurning dostonlar, afsonalar, rivoyatlar orqali yozma adabiyot sari yoki tarixiy asarlar, solnomalar orqali xalq og‘zaki ijodiga o‘sib borish silsilasini yoritishga oid ilmiy-nazariy xulosalardan FA-F1-0005 raqamli “Qoraqalpoq fol`klorshunosligi va adabiyotshunosligi tarixini tadqiq etish” (2016-2020) mavzusidagi fundamental loyihaning nazariy qismida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limining 2021 yil 2 apreldagi 17.01/41-son ma’lumotnomasi). Natijada Sharq mumtoz poetikasi va fol`klorshunosligi taraqqiyotida badiiy-tarixiy nasrning tutgan o‘rnini belgilash imkonini bergan;
“Temurnoma”lar takomili evolyusiyasida dohiy ideali g‘oyasi ustuvorlik kasb etgani va janriy xususiyatiga ko‘ra, xalq kitoblariga yaqin turishiga oidilmiy xulosalardan F1-FA-0-43429, FA-F1, G002 raqamli “Qoraqalpoq fol`klori va adabiyoti janr va turlarining nazariy masalalarini tadqiq etish” (2012-2016) mavzusidagi fundamental loyihaning nazariy qismida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limining 2021 yil 2 apreldagi 17.01/41-son ma’lumotnomasi). Natijadaxalq kitoblarining vujudga kelishini ta’minlagan nazariy asoslar va amaliy tajribalarni aniqlashga va tizimlashtirishga xizmat qilgan;
“Temurnoma”larning qo‘lyozma manbalari, o‘zbek adabiyoti tarixida tutgan o‘rni, Amir Temur fenomenining yozma adabiyotga transformatsiyasi kabi masalalarga oid ilmiy ma’lumotlardan Surxondaryo televideniyasi dasturlaridan o‘rin olgan ko‘rsatuv va radioeshittirishlar ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan. (Surxondaryo teleradiokompaniyasining 2021 yil 4 yanvardagi 01-01/12-son ma’lumotnomasi). Natijada ko‘rsatuv va radioeshittirishlarni ma’naviy-ma’rifiy jihatdan boyitishga erishilgan.