Sharaxmetova Muxlisa Ansaritdinovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Boburnoma»ning urducha tarjimasida muallif uslubiga xos leksik-semantik xususiyatlarning aks etishi. 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.3.PhD/Fil614.
Ilmiy rahbar: Abdurahmonova Muhayyo Hakimovna, filologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil/Tar.21.01.
Rasmiy opponentlar: Xallieva Gulnoz Iskandarovna, filologiya fanlari doktori, professor; Xodjaeva Nilufar Bekmuratovna, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat O‘zbek tili va adabiyoti universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi «Boburnoma»ning Mirzo Nasiruddin Haydar Ko‘ragoniy tomonidan urdu tiliga qilingan tarjimasida milliy kolorit, tarixiy shaxslar adabiy portreti, mamlakatlar ta’rifi, hayvonot va nabotot bilan bog‘liq leksik-semantik xususiyatlarni ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
«Boburnoma»ning urdu tiliga qilingan tarjimalarini qiyoslash asosida turkiydan qilingan Mirzo Nasiruddin Haydar Ko‘ragoniy qalamiga mansub tarjimaning to‘liq tarjima ekani, Yunus Ja’fariyning forsiydan o‘girgan bilvosita to‘liq, sharhli va ilmiy tarjimasi hamda forsiydan Rashid Axtar Nadaviy, Muhammad Qosim Siddiqiylar tomonidan o‘girilgan bilvosita tarjimalarning qisqa shaklda ekanligi asoslangan;
«Boburnoma»da muallifning badiiy mahorati, qisqa va sodda bayon tarzi, fikrni ixcham hamda lo‘nda ifodalash, voqealarni real tasvirlash kabi xususiyatlarning Mirzo Nasiruddin Haydar Ko‘ragoniy tarjimasida aks etishi, leksik va uslubiy jihatlari aniqlangan;
asliyatdagi milliy-madaniy xos so‘zlarning urdu tiliga, asosan, transliteratsiya va muqobili bilan almashtirish usullari orqali o‘girilganligi dalillangan;
mamlakatlar ta’rifi, tarixiy shaxslar adabiy portreti, Hindiston hayvonot hamda nabotot olami tasviri tarjimasini qayta yaratishda leksik va semantik transformatsiyalar, xususan, generalizatsiya (umumlashtirish), konkretizatsiya (aniqlashtirish), kompensatsiya (to‘ldirish) usullari bilan asliyatga muvofiqlik darajasi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. «Boburnoma»ning urducha tarjimasida muallif uslubiga xos leksik-semantik xususiyatlarning aks etishi bo‘yicha olingan natijalar asosida:
«Boburnoma»ning urdu tiliga Mirzo Nasiruddin Haydar Ko‘ragoniy amalga oshirgan bevosita hamda Yunus Ja’fariy, Rashid Axtar Nadaviy, Muhammad Qosim Siddiqiy tomonidan o‘girilgan bilvosita tarjimalari yuzasidan chiqarilgan xulosalardan OT-A1-38 raqamli «Boburiylar davri adabiyoti» (hindiy, urdu, turkiy va forsiy tilidagi manbalar asosida) mavzuidagi loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 6 yanvardagi 89-03-94-son ma’lumotnomasi). Natijada loyihaning urdu tilidagi manbalar qismi «Boburnoma» asarining urducha bevosita va bilvosita tarjimalariga oid yangi ma’lumotlar bilan boyigan va ilmiy jihatdan takomiliga etkazilgan;
«Boburnoma»dagi mamlakatlar ta’rifi, Hindiston hayvonot va nabotot olami tasviri tarjimalarining o‘ziga xosliklariga oid ma’lumotlardan Lal Bahodur Shastri nomidagi Hindiston madaniyat markazi ilmiy faoliyatida foydalanilgan (Lal Bahodur Shastri nomidagi Hindiston madaniyat markazining 2019 yil 20 dekabrdagi ma’lumotnomasi). Natijada Hindiston madaniyat markazi faoliyatiga Zahiriddin Muhammad Bobur qoldirgan tarixiy-adabiy yodgorlikning Hindiston va Pokistonda o‘rganilishi, uning urdu tiliga qilingan tarjimalarida, xususan, Mirzo Nasiruddin Haydar Ko‘ragoniy qalamiga mansub tarjimasida mamlakatlar ta’rifi, adabiy portretlar, Hindiston hayvonot va nabotot olami tasvirini qayta yaratish masalalari borasidagi yangi qarashlardan voqif bo‘lish imkoniyati yaratilgan; 
«Boburnoma»ning urducha tarjimasida muallif uslubiga xos leksik-semantik xususiyatlarga oid xulosalardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining «O‘zbekiston» teleradiokanalida efirga uzatilgan «Mumtoz so‘z sehri», «Adabiy jarayon» turkum eshittirishlarining ssenariylarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi «O‘zbekiston» teleradiokanalining 2020 yil 24 yanvardagi 04-25-184-son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu radioeshittirishlar ssenariylari ilmiy ma’lumot bilan boyigan, keng jamoatchilik «Boburnoma»ning urdu tiliga qilingan tarjimalari, xususan, Mirzo Nasiruddin Haydar Ko‘ragoniy tarjimasida Zahiriddin Muhammad Bobur uslubiga xos jihatlar haqidagi ma’lumotlarga ega bo‘lgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish