Hasanova Feruza Mirzabekovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Xitoy-bayxua tilining leksik-semantik va grammatik xususiyatlari”, 10.00.05 -Osiyo va Afrika xalqlari tili va adabiyoti.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.2.PhD/Fil1295.
Ilmiy rahbar: Karimov Akramjon Abil`evich, filologiya fanlari nomzodi, dotsent
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi B2020.2.PhD/Fil1295.
Rasmiy opponentlar: Sodiqov Qosimjon Pozilovich, filologiya fanlari doktori, professor; Nasirova Saodat Abdullaevna, filologiya fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat chet tillar instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi xitoy-bayxua tilining leksik-semantik va grammatik xususiyatlarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Xitoy-bayxua tilining yuzaga kelish davri, rivojlanish davri, bayxua tilining etuklik davri va bayxua tilining “o‘tish davri” ya’ni, 1919 yil “4 may harakati”dan to 1955 yilda xitoy adabiy tili - putungxuaga o‘tilgunga qadar vaqt oralig‘ida “o‘tish davri” bo‘lganligi asoslangan;
Xitoy-bayxua tilida yaratilgan ilk yozma yodgorliklarga tavsif berilib, ushbu manbalar asosida o‘rta davrlar venyan adabiy tili va so‘zlashuv tili bo‘lgan bayxua tilining mumtoz adabiy til venyandan polisillabik birliklar bilan ifodalanishiga ko‘ra farq qilishi asoslangan;
Xitoy adibi Lao She asarlarida qo‘llangan leksik birliklar misolida bayxua tilining ikki va undan ortiq ieroglif bilan ifodalangan so‘zlarlarning leksik-semantik xususiyatlari hamda asarda uchragan to‘rt va undan ko‘p ieroglifdan iborat frezeologik birliklarning leksikalizatsiyalashish xususiyatlari ochib berilgan;
Xitoy-bayxua tili lug‘at tarkibining boyishiga Ching sulolasi davridan so‘ng davriy nashrlarda bayxua tilidan foydalanishga o‘tilganligi sabab bo‘lganligi aniqlanib, hozirgi xitoy adabiy tili – putungxuaning aynan bayxua tili negizida shakllanganligi, putungxuaning grammatik qurilishi bayxua tili grammatik qoidalariga asoslanishi dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Xitoy-bayxua tilini leksik-semantik va grammatik tahlil qilish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar va xulosalar asosida:
xitoy tilshunosligida “o‘tish davri”da amalga oshirilgan yozuv islohotlariga oid nazariy xulosalar asosida 5120100 – filologiya va tillarni o‘qitish (xitoy tili) ta’lim yo‘nalishi uchun “Xitoy tili (ieroglifika)” o‘quv qo‘llanmasi yaratilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 30 iyundagi 359-son qarori). Natijada ushbu ta’lim yo‘nalishining xitoyshunoslik sohasi xitoy yozuvining yuzaga kelishi, taraqqiy etishi, xitoy alifbolari hamda an’anaviy yozuvdan ierogliflarning qisqartirilgan shakliga o‘tilishi, yozuv islohotlari, haqidagi ma’lumotlar bilan boyitilgan;
o‘zbek xalqi tarixiy shaxslari hamda joy nomlarini xitoy tilida to‘g‘ri tarjima qilish bo‘yicha olingan xulosalardan Xitoy Xalq Respublikasi Shimoli-g‘arbiy millatlar universiteti akademik tadqiqotlar bo‘limi tomonidan xalqaro loyiha doirasida yaratilgan “O‘zbek xalqining kelib chiqish tarixi” kitobini xitoy tiliga tarjima qilishda foydalanilgan (Xitoy Xalq Respublikasi Shimoli-g‘arbiy millatlar universitetining 2020 yil 4 dekabrdagi ma’lumotnomasi). Natijada kitobda keltirilgan o‘zbek tarixiy shaxslari hamda joy nomlarini ifodalovchi leksik birliklarning xitoycha manbalarda xilma-xilligi, ularning leksik-semantik hamda funksional xususiyatlarini e’tiborga olgan holda xitoy tilida to‘g‘ri ifodalanishiga erishilgan;
xitoy-bayxua tilining leksik xususiyatlari, grammatik qurilishi bo‘yicha olingan xulosalardan Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti huzuridagi Konfusiy nomidagi o‘zbek-xitoy institutining ilmiy yo‘nalishlari hamda xitoy tili nazariy grammatikasini o‘rgatishda foydalanilmoqda (Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti huzuridagi Konfusiy nomidagi o‘zbek-xitoy institutining 2020 yil 12 oktyabrdagi 5-son ma’lumotnomasi). Natijada xitoy adabiy tili tarixi, uning shakllanishi va takomili, xitoy-bayxua tilining leksik-semantik va grammatik xususiyatlari bo‘yicha tinglovchilarda mukammal ma’lumot hosil bo‘lishiga xizmat qilmoqda.