Kim Antonina Amurovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Is gazidan o‘tkir zaharlanishda bosh miya strukturaviy o‘zgarishlarini tanatogenetik baholash», 14.00.24 – Sud tibbiyoti (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.2.PhD/Tib1274.
Ilmiy rahbar: Indiaminov Sayit, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat tibbiyot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent tibbiyot akademiyasi, DSc.04/30.12.2019.Tib.30.03.
Rasmiy opponentlar: Ruziev Sherzod Ibadullaevich, tibbiyot fanlari doktori, dotsent; Akbergenova Kamila Abdikerimovna, tibbiyot fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Ijevsk davlat tibbiyot akademiyasi (Rossiya  Federatsiyasi)
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: is gazidan zaharlanishda bosh miya strukturaviy o‘zgarishlarini tanatogegetik baholashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
is gazidan o‘tkir zaharlanishning turli shakllaridan vafot etganlarning bosh miya katta yarim sharlari va miyacha qon tomirlari tizimi tuzilmalarining distrofik zararlanishga olib keluvchi morfologik jihatlari va organlarning shikastlanish darajasi ochib berilgan;
bosh miya yarim sharlari va miyacha tuzilmalaridagi aniqlangan o‘zgarishlar asosida o‘lim agonal tarzda kuzatilishi va qonda karboksigemoglobin miqdori 60% dan yuqori bo‘lganda, yuqoridagi tuzilmalar zararlanish darajasining oshishi asoslangan; 
o‘tkir alkogol intoksikatsiyasi negizidagi is gazidan zaharlanishda miya tuzilmalarida yuzaga kelgan morfofunksional etishmovchilik oqibatida agonal davr qisqarishi va bu holat etanol miqdori qonda 3‰ dan hamda karboksigemoglobin miqdori 60% dan yuqori bo‘lganida namoyon bo‘lishi isbotlangan;
is gazidan zaharlanishning alkogolli intoksikatsiya va termik travma holatlarida tomirlar spazmi va qon reologik xususiyatlari buzilishi neyronlarning kariotsitolizga qadar jiddiy zararlanishiga, tuzilmalarda shishinishning kuchayishga, glial xujayralarda - drenaj tarmog‘i shakllanishiga olib kelishi tasdiqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 
Is gazidan o‘tkir zaharlanishning turli shakllarda bosh miya katta yarim sharlari va miyacha tuzilmalaridagi o‘zgarishlarni tanatogenetik ahamiyati bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida: 
is gazidan zaharlanish holatida jasadlarni sud-tibbiy ekspertizasi bo‘yicha olingan ilmiy tadqiqotning natijalari asosida ishlab chiqilgan «Is gazidan zaharlanish holatida jasadlarni sud-tibbiy ekspertizadan o‘tkazish (tekshirish) metodologiyasi» nomli uslubiy tavsiyanoma tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2020 yil 9 oktyabrdagi 8n-d/170-son ma’lumotnomasi). Natijada is gazidan zaharlanishning tanatogenezini asoslashda jasadlarda sud-tibbiy tekshiruvlar sifatini oshirish yo‘llari ko‘rsatilgan va tekshiruvlarni tizimli tashkillashtirish imkonini bergan;
qon zaharlari bilan zaharlanganda miyani sud-gistologik o‘zgarishlar  bo‘yicha olingan ilmiy tadqiqotning natijalari asosida ishlab chiqilgan «Qon zaharlari bilan zaharlanganda miyani sud-gistologik tekshirish metodologiyasi» nomli uslubiy tavsiyanoma tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2020 yil 9 oktyabrdagi 8n-d/170-son ma’lumotnomasi). Natijada qon zaharlaridan, jumladan is gazidan zaharlanishning tanatogenezini asoslashda bosh miya va ichki a’zolar sud-gistologik tekshiruvlarining sifatini oshirish yo‘llari ko‘rsatilgan va tekshiruvlarni tizimli tashkillashtirish imkonini bergan;
is gazidan zaharlanishning turli shakllarda bosh miya katta yarim sharlari va miyacha tuzilmalaridagi o‘zgarishlarning morfologik va morfometrik jihatlari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar sog‘liqni saqlash amaliyotiga, jumladan, Respublika sud tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazining Jizzax, Navoiy va Toshkent viloyatlari filiallarining morfologik va sud-gistologik bo‘limlari amaliyotiga tadbiq etilgan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2020 yil 12 noyabrdagi 8n-z/155-son ma’lumotnomasi). Olingan natijalar sud-tibbiy tashxisot muddatini qisqartirishga, iqtisodiy sarf-xarajatlarni kamaytirishga va sud-tibbiy tekshiruvlar sifatini yaxshilashga va asoslashga imkon bergan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish