Sayt test rejimida ishlamoqda

Boboev Sayfulla G‘afurovichning

fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Murakkab turlararo duragaylash orqali g‘o‘zaning ko‘p genomli yangi duragaylarini yaratish va xususiyatlarini ochib berish», 03.00.09–Umumiy genetika (biologiya fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.DSc/B3.

Ilmiy maslahatchi: Muratov G‘ayrat Azatovich, biologiya fanlari doktori, dotsent.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Botanika va zoologiya instituti, O‘zbekiston Milliy universiteti, Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti, DSc.27.06.2017.V.39.01.

Rasmiy opponentlar: Abzalov Miradham Fuzailovich, biologiya fanlari doktori, professor; Ibragimov Paridun Shukurovich,  qishloq xo‘jalik fanlari doktori, professor; Sultanov Amatjon Saidkarimovich, biologiya fanlari doktori, professor.

Etakchi tashkilot: Genomika va bioinformatika markazi.

Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: g‘o‘zaning [(G. thurberi Tod.x G. raimondii Ulbr.)x G.arboreum L.]x G.hirsutum L. sxemasidagi amfidiploidlariga G.hirsutum L. va G.barbadense L.turlarining madaniy navlarini duragaylash va genetik jihatdan boyitilgan ko‘p genomli yangi turlararo murakkab duragaylari, oilalari va tizmalarini yaratishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

ilk marotaba murakkab tuzilishga ega {[(G. thurberi Tod.x G. raimondii Ulbr.) x G. arboreum L.] x G.hirsutum L.} amfidiploidlariga G.hirsutum L. va G.barbadense L.turlarining madaniy navlarini duragaylash asosida 4 va 5 ta g‘o‘za turlari ishtirokidagi yangi turlararo murakkab duragaylari yaratilgan;

onalik shaklida ishtirok etgan {[(G. thurberi Tod.x G. raimondii Ulbr.) x G. arboreum L.] x G.hirsutum L.} amfidiploidi  ishtirokida olingan turlararo murakkab duragay o‘simliklarda (F8 gacha) asosiy qimmatli-xo‘jalik belgilarning shakllanishi va o‘zgaruvchanligi aniqlangan;

yaratilgan yangi turlararo murakkab va bekkross duragaylarda ayrim qimmatli xo‘jalik belgilar orasidagi o‘zaro korrelyativ bog‘liqliklar aniqlangan;

turlararo murakkab g‘o‘za duragaylarining xo‘jalik belgilarida namoyon bo‘ladigan ayrim salbiy korrelyativ bog‘liqliklarni bartaraf etish yo‘li bilan tezpishar, mahsuldor, tola chiqimi va sifati hamda 1000 dona chigit vazni kabi belgilarning yuqori majmuasiga ega rekombinantlar va oilalar ajratib olish imkoniyati asoslangan;

g‘o‘zani ko‘p genomli TMDlarining belgi xususiyatlarini ijobiy transgressiv o‘zgaruvchanlikka erishishida hamda genetik jihatdan boyitilgan qimmatli xo‘jalik belgilarning ijobiy majmuasiga ega rekombinantlarni yaratishda bekkross chatishtirishning ahamiyati isbotlangan;

g‘o‘zaning ko‘p genomli tizmalaridan xo‘jalik uchun qimmatli belgilarning yuqori majmuasiga ega bo‘lgan SP-1303, SP-«Kamolot», S-1306  va S-7277 yangi navlari yaratilgan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:

Murakkab turlararo duragaylash orqali g‘o‘zani ko‘p genomli yangi duragaylarini yaratish va xususiyatlarini ochib berish bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar asosida:

g‘o‘zaning yangi ko‘p genomli tizmalari asosida xo‘jalik uchun qimmatli belgilarning yuqori majmuasiga ega bo‘lgan SP-1303, SP-«Kamolot», S-1306 va S-7277 kabi yangi g‘o‘za navlari yaratilgan (Qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini sinash Davlat komissiyasining 2016 yil 21 noyabrdagi 53/4-356-son ma’lumotnomasi). Natijalar asosida SP-1303 va SP-«Kamolot» navlarining nav tozaligi 96% bo‘lganligi tasdiqlanib, 2017 yildan respublikamizning turli mintaqalarida joylashgan shoxobchalarda keng qamrovli sinovni amalga oshirish imkoniyati yaratilgan;

S-7277 g‘o‘za navining dastlabki urug‘chiligi Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot institutining Qashqadaryo viloyati filialida tashkil qilingan va 6 gektar maydonga joriy etilgan (Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2016 yil 31 dekabrdagi 02/20-1289-son ma’lumotnomasi). Natijalar S-7277 navi turli stress omillar ta’sirida ham hosildorlik komponentlarini saqlanib qolishi hisobiga 31,5 s/ga dan hosil terib olishga hamda rentabellikni boshqa navlardan 22–24 % ga yuqori bo‘lishiga imkon bergan;

SP-1303, SP-«Kamolot», S-1306 va S-7277 yangi g‘o‘za navlarining elita urug‘lari dunyoda etakchi o‘rinda turuvchi Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot institutining g‘o‘za kolleksiyasiga topshirilgan (Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2017 yil 22 martdagi 02/20-263-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalar mavjud g‘o‘za kolleksiyasini tezpisharligi, hosildorligi, tolasining yuqori sifati hamda vilt kasalligiga bardoshliligi bo‘yicha ajralib turuvchi nav namunalari bilan boyishiga imkon bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish