Baymirzaev Dilmurod Nematovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Iqtisodiy faoliyatda xatarlarni boshqarish tizimini takomillashtirish (Namangan viloyati fermer xo‘jaliklari misolida)”, 08.00.13 – “Menejment”, 08.00.04 – “Qishloq xo‘jaligi iqtisodiyoti” (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.3.PhD/Iqt603.
Ilmiy rahbar: Mahmudov Nosir Mahmudovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Namangan davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Andijon davlat universiteti, PhD.03/30.12.2019.I.60.03.
Rasmiy opponentlar: Umarov Ilxomjon Yuldashevich, iqtisodiyot fanlari doktori, dotsent; Dadaboev To‘lqin Yusupjonovich, iqtisodiyot fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi fermer xo‘jaliklari iqtisodiy faoliyatida xatarlarni boshqarish tizimini takomillashtirish yuzasidan ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
fermer xo‘jaliklarida ishlab chiqarish xatarini diversifikatsiyalash, qishloq xo‘jaligi ekinlarini etishtirish agrotexnologiyasini takomillashtirish asosida paxta va g‘alla kabi qishloq xo‘jaligi ekinlarini boshqa ekinlar kombinatsiyasi bilan almashtirish bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyatlar asoslangan;
qishloq xo‘jaligida xatarlarni ta’sir etish darajasi va ko‘lami bo‘yicha boshqarish tizimi asosida fermer xo‘jaliklarida ishlab chiqarish xatarini strategik boshqarishda har bir boshqaruv bo‘g‘inining aniq vazifalari ishlab chiqilgan;
fermer xo‘jaliklarida paxta va bug‘doy hosildorligini variatsiyalash asosida Namangan viloyati tumanlari bo‘yicha xatar darajasining pasayishi asoslangan;
ishlab chiqarishni tashkil etishning xavfsiz usullarini tanlash asosida fermer xo‘jaliklarida hosildorlik xatarining salbiy oqibatlarini kamaytirish mexanizmi takomillashtirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Iqtisodiy faoliyatda xatarlarni boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
fermer xo‘jaliklarida ishlab chiqarish xatarini diversifikatsiyalash, qishloq xo‘jaligi ekinlarini etishtirish agrotexnologiyasini takomillashtirish asosida paxta va g‘alla kabi qishloq xo‘jaligi ekinlarini boshqa ekinlar kombinatsiyasi bilan almashtirish bo‘yicha taklifi O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2020 yil 10 iyuldagi 05/034-2102-son ma’lumotnomasi). Natijada Namangan viloyatining paxta va bug‘doy hosildorligi nisbatan zich korrelyasiyalangan Mingbuloq, Chust va Pop tumanlaridagi fermer xo‘jaliklarida ekinlarni etishtirishning optimal kombinatsiyalarini takomillashtirilgan holda bug‘doydan keyin bo‘shagan 3,7 ming gektar ekin maydonlarida ko‘k ozuqa ekinlarini etishtirish yo‘lga qo‘yilgan, Kosonsoy tumanidagi fermer xo‘jaliklari ishlab chiqarish faoliyatini diversifikatsiya qilish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqilgan hamda hosildorlik past bo‘lgan ekin maydonlari o‘rnida tuproq unumdorligini oshiruvchi dukkakli va moyli ekinlar etishtirish bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyatlar ishlab chiqarishga jalb etilgan, shuningdek amalga oshiilgan chora-tadbirlar natijasida ekinlarni sug‘orishda suv iste’moli, fermer xo‘jaliklarida ish haqi va moddiy sarf-xarajatlarni tejalishiga erishilgan;
qishloq xo‘jaligida xatarlarni ta’sir etish darajasi va ko‘lami bo‘yicha boshqarish tizimi asosida fermer xo‘jaliklarida ishlab chiqarish xatarini strategik boshqarishda har bir boshqaruv bo‘g‘inining aniq vazifalari yuzasidan taklifi Namangan viloyati fermer xo‘jaliklari faoliyatiga bevosita ta’sir etuvchi ishlab chiqarish infratuzilmasi va boshqa institutsional tuzilmalar faoliyatida foydalanilgan O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi faoliyatiga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2020 yil 10 iyuldagi 05/034-2102-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklif. Natijada Namangan viloyatida 2019 yilda mineral o‘g‘itlar bilan ta’minlanganlik darajasi o‘tgan yilga nisbatan 32 foiz, yonilg‘i-moylash materiallari bilan ta’minlanganlik 15 foizga oshgan, suv ta’minotidagi taqchillik 20 foizga qisqargan;
fermer xo‘jaliklarida paxta va bug‘doy hosildorligini variatsiya usulida aniqlash asosida Namangan viloyati tumanlari xatar darajalarining mezonlari bo‘yicha taklifi O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2020 yil 10 iyuldagi 05/034-2102-son ma’lumotnomasi). Natijada paxta va g‘alla hosildorligi variatsiya darajalari yuqori bo‘lgan tumanlardagi fermer xo‘jaliklarida ishlab chiqarish xatarlari ta’sirini yumshatish bo‘yicha yo‘l xaritasi ishlab chiqilib, Namangan viloyatida bug‘doy hosildorligi variatsiya darajasi 2019 yilda 29,8 foizga, paxta hosildorligi bo‘yicha 2019 yilda 31,2 foizga kamayishiga erishilgan;
ishlab chiqarishni tashkil etishning xavfsiz usullarini tanlash asosida fermer xo‘jaliklarida hosildorlik xatarining salbiy oqibatlarini kamaytirish mexanizmini takomillashtirish yuzasidan bergan taklifi Namangan viloyati Chust, Kosonsoy va Pop tumanlari sharoitida amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2020 yil 10 iyuldagi 05/034-2102-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklif asosida Namangan viloyati Chust, Kosonsoy va Pop tumanlarida er sharoiti va suv ta’minoti og‘ir, past rentabelli, oxirgi uch yilda paxta hosildorligi 15 sentnerdan kam bo‘lgan paxta maydonlarini qisqartirish hisobiga rentabelligi yuqori bo‘lgan qishloq xo‘jaligi ekinlarini etishtirish yo‘lga qo‘yilib, viloyatda paxta hosildorligi 30 sentnerdan yuqori bo‘lgan fermer xo‘jaliklarining salmog‘i ortgan va 2019 yilda 45,1 foizga etgan.