Begimqulova Laylo Mashrabovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “XV asr boshlarida Movarounnahrda hokimiyat uchun kurash (kuchlar nisbati va natijalar tahlili)”, 07.00.01 – O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.4.PhD/Tar528.
Ilmiy rahbar: Usmonov Bahriddin Ahmedovich, tarix fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Farg‘ona davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Andijon davlat universiteti, DSc.03/31.12.2020.Tar.60.01.
Rasmiy opponentlar: Abdullaev Muzrobjon G‘ulomjonovich, tarix fanlari doktori; Madraimov Abdumajid Abduraimovich, tarix fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi 1405–1409 yillarda Movarounnahrda kechgan hokimiyat uchun kurash tarixi, taxtga da’vogar shahzodalar o‘rtasidagi kuchlar nisbati va natijalarni keltirib chiqargan omillarni ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
valiahd shahzoda Mirzo Muhammad Sulton vafotidan so‘ng temuriy shahzodalar o‘rtasida boshqaruvchilik qobiliyati, ijtimoiy-siyosiy va harbiy mavqei bilan boshqalardan keskin ajralib turadigan yaqqol yetakchi ko‘zga tashlanmaganligi ochib berilgan hamda shu sababli Amir Temur valiahd tayinlash masalasiga jiddiy e’tibor qaratganligi isbotlangan;
taxt uchun da’vogar shahzodalar o‘rtasidagi kuchlar nisbati tahlil etilib, boshqaruvdagi tajribasi va yoshi kattaligi bilan Mirzo Pir Muhammadning, yirik amirlar, haram ahli va diniy ulamolar o‘rtasidagi mavqeining yuqoriligi sababli Mirzo Shohruxning, Xitoy yurishiga jalb qilingan qo‘shinning katta qismini boshqarayotganligi, hokimiyat uchun kurash jarayonida poytaxtga yaqin bo‘lganligi uchun Xalil Sultonning imkoniyatlari yuqori ekanligi dalillangan;
Xalil Sulton lashkarining katta qismini tashkil etgan qaro totorlar va iroqliklarning Movarounnahrdan Kichik Osiyo hamda Iroqqa qaytishi ularga nisbatan siyosiy hamda moliyaviy e’tiborning pasayishi, 1406-1407 yillarda Movarounnahrda yuz bergan qahatchilik sababli 3 bosqichda amalga oshganligi aniqlanib, bu holat uning mavqeini zaiflashuviga katta ta’sir qilganligi asoslangan;
Xalil Sultonning davlat boshqaruvidagi xatolari, xususan, amirlar Shayx Nuriddin va Xudoydod Husayniyga qarshi kurashda muvaffaqiyatga erisha olmaganligi Movarounnahrda Mirzo Shohrux hokimiyatining o‘rnatilishi uchun qulay sharoit yaratganligi ko‘rsatib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. XV asr boshlarida Movarounnahrda hokimiyat uchun kurash (kuchlar nisbati va natijalar tahlili) muammosini tadqiq etish bo‘yicha olingan ilmiy xulosa va takliflar asosida:
valiahd shahzoda Mirzo Muhammad Sulton vafotidan so‘ng temuriy shahzodalar o‘rtasida boshqaruvchilik qobiliyati, ijtimoiy-siyosiy va harbiy mavqei bilan boshqalardan keskin ajralib turadigan yaqqol yetakchi ko‘zga tashlanmaganligi sababli Amir Temur valiahd tayinlash masalasini ortga surib borganligi, taxt uchun da’vogar shahzodalar o‘rtasida boshqaruvdagi tajribasi va yoshi kattaligi bilan Mirzo Pir Muhammadning, yirik amirlar, haram ahli va diniy ulamolar o‘rtasidagi mavqeining yuqoriligi sababli Mirzo Shohruxning, Xitoy yurishiga jalb qilingan qo‘shinning katta qismini boshqarayotganligi, hokimiyat uchun kurash jarayonida poytaxtga yaqin bo‘lganligi uchun Xalil Sultonning imkoniyatlari yuqori ekanligi kabi ilmiy natijalari asosida tayyorlangan maqolalardan hamda Movarounnahr tarixi to‘g‘risida ma’lumot beruvchi o‘rta asrlarga oid fors tilidagi tarixiy asarlarning elektron nusxalari kabi muzey hujjatlar fondiga taqdim etilgan ma’lumotlardan Farg‘ona viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi ekspozisiyasini shakllantirishda foydalanilgan (Madaniyat vazirligining 2020 yil 23 dekabrdagi 01-12-10-5681-son ma’lumotnomasi). Taqdim etilgan materiallar muzey fondini yangi ma’lumotlar bilan boyitishga, ekspozision rejalar tuzishga, ko‘rgazmalar tashkil etishga, ilmiy-ommabop ma’lumotlar yaratishga, ularni ilmiy jihatdan boyitishga manba sifatida xizmat qilgan;
Qaro totorlar va iroqliklarning Movarounnahrdan Kichik Osiyo hamda Iroqqa qaytishi 3 bosqichda amalga oshganligi aniqlanib, bu holat Xalil Sulton mavqeining zaiflashuviga katta ta’sir qilganligi, uning davlat boshqaruvidagi xatolari, amirlar Shayx Nuriddin va Xudoydod Husayniyga qarshi kurashda muvaffaqiyatga erisha olmaganligi Movarounnahrda Mirzo Shohrux hokimiyatining o‘rnatilishi uchun qulay sharoit yaratganligi kabi ilmiy xulosalardan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O’zbekiston tarixi” telekanalining “Taqdimot” ko‘rsatuvi ssenariyasini shakllantirishda foydalanilgan (“O’ZBEKISTON” TELERADIOKANALI” DUKning 2021-yil 16-fevraldagi 02-10-230 son ma’lumotnomasi). Natijada ko‘rsatuvning birlamchi tarixiy manbalar asosidagi ilmiy dalil va XV asr boshlarida Movarounnahrda kechgan tarixiy jarayonlarga oid yangiliklar bilan boyitilishi ta’minlangan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish