Teshabaev Sherzod Alijanovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “G‘o‘za-g‘alla navbatlab ekish tizimida begona o‘tlarga qarshi samarali kurash texnologiyasini takomillashtirish”, 06.01.01 – Umumiy dehqonchilik. Paxtachilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2. PhD/Qx84.
Ilmiy rahbar: Maxmudov Obidjon Maxmudovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti, PhD.05/30.10.2020.Qx.126.01.
Rasmiy opponentlar: Ibragimov Odiljon Olimjonovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Rizaev Shuxrat Xudoyberdievich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, katta ilmiy hodim.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat agrar universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Andijon viloyatining och tusli bo‘z tuproqlari sharoitida g‘o‘za-g‘alla navbatlab ekish tizimida g‘o‘za va kuzgi bug‘doy ekinlari parvarishlanayotgan maydonlarda uchraydigan begona o‘tlarga qarshi uyg‘unlashgan (tuproqqa asosiy ishlov berish usullari bilan birga gerbisidlarni qo‘llash) holda kurashishda ekinlardan yuqori va sifatli hosil etishtirishni ta’minlaydigan agrotexnologiyani takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor Andijon viloyatining och tusli bo‘z tuproqlari sharoitida g‘o‘za-g‘alla navbatlab ekish tizimida begona o‘tlarga qarshi uyg‘unlashgan kurashning g‘o‘za dalasidagi bir yillik begona o‘tlarni kamayishiga ta’siri 84,1% dan 85,7% gacha, ko‘p yillik begona o‘tlarga ta’siri esa 79,4% dan 81,1% gacha, kuzgi bug‘doy dalasida esa bir yillik begona o‘tlarga keyingi ta’siri 84,3% dan 92,8% gacha, ko‘p yillik begona o‘tlarning kamayishiga ta’siri 54,2% dan 66,7% gacha bo‘lishi isbotlangan;
g‘o‘za va kuzgi bug‘doy ekinlari parvarishlanayotgan maydonlardagi begona o‘tlarga qarshi uyg‘unlashgan kurashning tuproqning agrofizik xossalaridan, tuproqning hajm og‘irligini 0,02 g/sm3 kamayib, g‘ovakligi 0,86% ga, tuproqning suv o‘tkazuvchanligi 43,7 m3/ga gacha hamda tuproq donadorligi 1,5% gacha yaxshilanishi isbotlangan;
g‘o‘za va kuzgi bug‘doy ekinlarini parvarishlash uchun tuproqni ikki yarusli plug bilan 28-30 sm chuqurlikda shudgorlab hamda g‘o‘za qator orasiga 15-20 sm chuqurlikda kul`tivator bilan ishlov berib, gerbisidlar qo‘llanilganda ekinlarining o‘sishi, rivojlanishi, hosildorligi hamda sifat ko‘rsatkichlariga ijobiy ta’siri aniqlangan;
g‘o‘za va kuzgi bug‘doy ekinlari parvarishlanayotgan maydonlardagi begona o‘tlarga qarshi tuproqqa ishlov berish usullari bilan birga qo‘llanilgan gerbisidlarni paxta va kuzgi bug‘doy etishtirishda yuqori iqtisodiy samara berishi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Andijon viloyatining och tusli bo‘z tuproqlari sharoitida g‘o‘za va kuzgi bug‘doy ekinlari parvarishlanayotgan maydonlaridagi bir va ko‘p yillik begona o‘tlarga qarshi shudgorlash usullari va gerbisidlarni qo‘llash bo‘yicha olib borilgan ilmiy tadqiqot natijalari asosida:
paxtachilik hamda g‘allachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari uchun «Bir yillik va ko‘p yillik begona o‘tlarga qarshi tuproqqa ishlov berish usullari va gerbisidlarni qo‘llash bo‘yicha» tavsiyanoma tasdiqlangan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2020 yil 7 dekabrdagi 02/025-4225-son ma’lumotnomasi). Ushbu tavsiyanoma viloyat va tuman qishloq xo‘jaligi sohasi xodimlari uchun fermer xo‘jaliklarida begona o‘tlarga qarshi kurashishda qo‘llanma sifatida keng foydalanilmoqda.
begona o‘tlarga qarshi paxta maydonlarini ikki yarusli omoch bilan 28-30 sm chuqurlikda shudgorlab, Stomp 33 % e.k. 2,0 l/ga me’yorda qo‘llash texnologiyasi Andijon viloyatining Qo‘rg‘ontepa tumanida jami 120 gektar (paxta maydonlarida 60 gektar, g‘alla maydonlarida 60 gektar), Jalaquduq tumanida jami 150 gektar (paxta maydonlarida 75 gektar, g‘alla maydonlarida 75 gektar) maydonlarda joriy qilingan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2020 yil 7 dekabrdagi 02/025-4225-son ma’lumotnomasi). Natijada bir yillik begona o‘tlar 85-90 % gacha kamayib, paxta hosildorligi 3-4 s/ga ortgan, rentabellik darajasi 40% bo‘lishiga erishilgan;
kuzgi bug‘doy maydonlarida uchraydigan bir yillik begona o‘tlarga qarshi kurashishda g‘o‘za qator orasiga kul`tivator yordamida 15-20 sm chuqurlikda ishlov berib, g‘allaning tuplanish davrida Granstar-75 DF gerbisidini qo‘llash texnologiyasi Andijon viloyatining Qo‘rg‘ontepa tumanida jami 120 gektar (paxta maydonlarida 60 gektar, g‘alla maydonlarida 60 gektar), Jalaquduq tumanida jami 150 gektar (paxta maydonlarida 75 gektar, g‘alla maydonlarida 75 gektar) maydonlarda joriy qilingan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2020 yil 7 dekabrdagi 02/025-4225-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida dalalardagi har xil biologik xususiyatga ega bo‘lgan bir yillik begona o‘tlarni 85-90 % gacha kamayib, kuzgi bug‘doy don hosili 4 s/ga ortib, rentabellik darajasi esa 35 % ni tashkil etgan.