Sayt test rejimida ishlamoqda

Egamberdieva Saida Abdisamatovnaning

fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «G‘o‘zaning madaniy G.hirsutum L. turini qimmatli xo‘jalik belgilarini yaxshilashda introgressiv shakllardan foydalanish», 06.01.05–Seleksiya va urug‘chilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.DSc/Qx3.

Ilmiy maslahatchi: Rizaeva Safiya Mamedovna, biologiya fanlari doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.27.06.2017. Qx13.01.

Rasmiy opponentlar: Massino Igor` Vsevolodovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Narimanov Abdujalil Abdusamadovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori;  Baboev Saidmurat Kimsanboevich, biologiya fanlari doktori.

Etakchi tashkilot nomi: O‘simlikshunoslik ilmiy-tadqiqot instituti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: G.hirsutum L. turining introgressiv duragaylashdan foydalanib olingan boshlang‘ich ashyosi asosida keng genetik imkoniyatlarga ega bo‘lgan donorlari, navlari va tizmalarini yaratishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

ilk bor yovvoyi diploid G.trilobum Skovsted, G.lobatum Gentry,G.Harknessii Brandg va ruderal G.hirsutum ssp. yucatanense, G.hirsutum ssp. punctatumvar. purpurascens (Poir.) Mauer tur xillari ishtirokida olingan introgressiv shakllarning genetik potensiali aniqlangan;

1–14 avlod introgressiv shakllari ishtirokida olingan duragay va tizmalar populyasiyasi shakllanishining biometrik tahlili o‘tkazildi. Dispercion tahlilni qo‘llash natijasida bir qator qimmatli-xo‘jalik belgilarning umumiy fenotipik o‘zgaruvchanligida genotipik va modifikatsion o‘zgaruvchanlikning nisbiy hissasi baholangan;

yovvoyi diploid G.trilobum Skovsted, G.lobatum Gentry, G.harknessii Brandg turlari ishtirokida olingan introgressiv shakllar asosida yuqori tola sifatiga ega, boshqa qimmatli-xo‘jalik belgilari va kasalliklarga bardoshliligi uyg‘unlashgan navlar va tizmalar yaratilgan;

introgressiv shakllar ishtirokida olingan duragaylarda miqdoriy belgilarning irsiylanishi va o‘zgaruvchanligi bo‘yicha ma’lumotlar olindi hamda F1 avlod duragaylarida vertisillez viltiga chidamlilikning dominantligi aniqlangan;

duragaylashda introgressiv shakllardan foydalanish orqali yovvoyi turlarning foydali belgilarini madaniylashgan G.hirsutum L. turi genomiga o‘tkazishning original sxemasi ishlab chiqildi; qimmatli seleksiya ashyosi yaratishda introgressiv shakllarni navlar bilan chatishtirishning nav ichida duragaylashga nisbatan afzalligi va samaradorligi ko‘rsatilgan;

madaniy navlarning genotipini yaxshilashda turlararo va tur ichida uzoq duragaylab olingan introgressiv shakllar foydali belgilarning qimmatli donorlari ekanligi aniqlangan;

ajralayotgan avlodlarda yuqori mahsuldor rekombinantlarni tanlashning samaradorligi prognoz qilingan;

F2 va F3 avlodlarida boshqa duragay kombinatsiyalarga nisbatan  transgressiya darajasi va chastotasi yuqori bo‘lgan genotiplar kombinatsiyalari seleksion qiymatga ega bo‘lishi aniqlangan;

tanlovlarning samaradorligi yoki duragay kombinatsiyaning qiymati F2 avlodda olingan yuqori ko‘rsatkichli yakka tanlovlarning miqdoriga ham bog‘liq. F2 va F3 da olingan yakka tanlovlar soni kam bo‘lganda, hatto ular yuqori ko‘rsatkichlarga ega bo‘lganda ham tanlov samarador bo‘lmaganligi isbotlangan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:

Introgressiv seleksiyasi bo‘yicha olib borilgan izlanishlar natijalari asosida:

qimmatli xo‘jalik belgilari majmuiga ega  S-6779, SP-6780  yangi navlari yaratilgan. L-T – [F15BC4 (G.hirsutum L., S-4727 x G.trilobum Skovsted) x S-4727] x Omad introgressiv shakli ishtirokida olingan S-6779 navi 2014 yilda Gruntnazoratdan muvaffaqiyatli o‘tdi va 2015 yildan nav sinash jarayonini o‘tmoqda. G‘o‘zaning L-L - F9 BC3 G.hirsutum L., Tamcott x G.lobatum Gentry) x S-4880 introgressiv shakli ishtirokida olingan SP-6780 navi (L-2505 tizmasi) 2016 yilda Gruntnazoratda sinalgan (Qishloq xo‘jalik ekinlari navlarini sinash davlat komissiyasining 2017 yil 21 iyundagi 53/4-289-son ma’lumotnomasi). Ushbu navlarni ishlab chiqarishga joriy qilinishi yuqori hosil etishtirish hisobiga har gektar maydondan 3–5 sentner qo‘shimcha hosil olinadi. Tezpisharlik hisobiga etishtirilgan hosilni sovuq tushkungacha tez va sifatli terib olish imkonini beradi;

yangi S-6771 va S-6775 g‘o‘za navlariga patentlar olingan (NAP 00063, 18.12.2006 y.; NAP 00106, 30.01.2012 y). O‘rta tolali S-6775 g‘o‘za navi 2013 yildan Farg‘ona viloyati uchun rayonlashtirilgan va qishloq xo‘jalik ekinlari Davlat reestriga kiritilgan. S-6775 navi 2014 yilda 300 ga, 2015 yilda 1049 ga, 2016 yilda Farg‘ona viloyati fermer xo‘jaliklarida 2255 ga maydonda ekildi. Quva tumani fermerlari tomonidan S-6775 navining ekilishi hisobiga bir gektardan qo‘shimcha 4–5 sentner sifatli paxta xomashyosi olingan (Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi 2016 yil 23 noyabrdagi 02/20-1253-son ma’lumotnomasi). Bunda iqtisodiy samaradorlik o‘rtacha bir gektardan 1309,7 ming so‘mni tashkil qildi, rentabellik darajasi 15–20 foizga etgan. 

Yangiliklarga obuna bo‘lish