Begimqulov Dilshod Qalandarovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Qarshi shahri hududini suv bosishi va drenajlanishini bashoratli baholash hamda modellashtirish», 04.00.04 – Gidrogeologiya va muhandislik geologiyasi (geologiya-mineralogiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.4.PhD/GM96.
Ilmiy rahbar: Irgashev Yuldashbay, geologiya-mineralogiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat texnika universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: «Gidrogeologiya va injenerlik geologiyasi instituti» DM, DSc.24/30.12.2019.GM.96.01.
Rasmiy opponentlar: Xabibullaev Ibroxim, texnika fanlari doktori, professor; Tadjibaeva Nodira Ruzievna, geologiya-mineralogiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot: «O‘zbekgidrogeologiya» DUK.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Qarshi shahri urbanlashgan hududining suv bosish va drenajlanish jarayonlarining o‘ziga xos xususiyatlarini gidrogeologik modellashtirish orqali bashorat qilish va baholashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
suv bosish jarayonining rivojlanishiga ta’sir etuvchi omillar va Qarshi shahri er osti gidrosferasi shakllanishining asosiy manbalari aniqlangan;
geoaxborot tizimlari asosida hududlarning suv bosish va drenajlanish jarayonlarini aniqlashning texnologik sxemasi ishlab chiqilgan;
Qarshi shahri urbanlashgan hududi er osti gidrosferasining uch o‘lchamli modeli ishlab chiqilgan;
tabiiy-texnogen sharoitlarda Qarshi shahri hududining suv bosish va drenajlanish jarayonlari bashoratlangan va baholangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Qarshi shahri hududini suv bosishi va drenajlanishini modellashtirish hamda bashoratli baholash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Qarshi shahrining er osti gidrosferasining shakllanishiga va suv bosish jarayonining rivojlanishiga ta’sir ko‘rsatuvchi texnogen omillar va manbalar «GIDROINGEO instituti» DMda amaliyotga joriy qilingan (Davlat geologiya qo‘mitasining 2020 yil 21 dekabrdagi 04-17-son ma’lumotnomasi). Natijada, Qarshi shahrida gidrogeologik-meliorativ tadqiqotlarni takomillashtirish va axborotliligini oshirish imkoni yaratilgan;
geoaxborot tizimi asosida urbanlashgan hududlarning suv bosish va drenajlanish jarayonlari bo‘yicha ishlab chiqilgan texnologik sxema «GIDROINGEO instituti» DMning gidrogeologik monitoring tizimiga joriy qilingan (Davlat geologiya qo‘mitasining 2020 yil 21 dekabrdagi 04-17-son ma’lumotnomasi). Natijada, shaharlarning suv bosish jarayoniga moyilligini bashoratli baholash uchun gidrogeologik tadqiqotlar olib borish muddatlarini qisqartirish imkonini bergan;
ArcGIS 10.3 va Visual MODFLOW 4.2. zamonaviy dasturlari asosida yaratilgan Qarshi shahrining urbanlashgan hududi er osti gidrosferasining uch o‘lchamli modeli «GIDROINGEO instituti» DMning faoliyatiga joriy qilingan (Davlat geologiya qo‘mitasining 2020 yil 21 dekabrdagi 04-17-son ma’lumotnomasi). Natijada, tabiiy-texnogen sharoitlarda Qarshi shahri hududini suv bosishi va drenajlanishining maydon bo‘ylab taqsimotini bashoratli baholashni asoslash imkonini bergan.