Mahmudova Mahabbat Madirimovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy qoidalar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbekistonda tibbiyotning terapiya yo‘nalishi: holati, o‘zgarishlar va muammolar (1917-2017 yillar)”, 07.00.02- Fan va texnologiyalar tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.1.PhD/Tar654.
Ilmiy rahbar: Shadmanova Sanavar Bazarbaevna, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent tibbiyot akademiyasi Urganch filiali.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Abu Rayxon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti, DSc.02/30.12.2019.Tar.44.01.
Rasmiy opponentlar: Iskandarova Shahnoza To‘lqinovna, tibbiyot fanlari doktori, professor; Mo‘minova Gavhar Esonovna, tarix fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat stomatologiya instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi O‘zbekistonda tibbiyotning terapiya yo‘nalishining paydo bo‘lishi, holati va taraqqiyot bosqichlarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
O‘zbekistonda 1917-2017 yillarda tibbiyotning terapiya sohasi mutaxassislar tayyorlash va kasalxonalar barpo etish (1917-1960 yillar), ilmiy-tadqiqot institutlari faoliyatini rivojlantirish (1970-1990 yillar), ixtisoslashtirilgan terapevtik xizmatning rivojlanishi hamda xususiy sektorning terapiya yo‘nalishiga jalb etilishi (1991-2017 yillar) kabi uchta bosqichda shakllanganligi aniqlangan;
O‘zbekistonda tibbiyotning terapiya yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassislar 1920-yillardan tayyorlana boshlaganligi, shuningdek urushdan keyingi davrlarda shahar va qishloqlardagi tibbiyot muassasalarining moddiy texnik bazasi mustahkamlanib yuqumli kasalliklarga qarshi kurash olib borilganligi natijasida mamlakatda vabo, o‘lat, rishta, oddiy chechak traxoma kabi epidemik turdagi bezgak kasalliklari tugatilganligi aniqlangan;
mustaqillik yillarida birlamchi terapevtik tibbiy yordam bilan ixtisoslashtirilgan terapevtik tibbiy xizmatlarning uzviy holda rivojlanishi natijasida terapiya yo‘nalishining tarkibiy qismlaridan bo‘lgan gastroenterologiya, pulmonologiya, nefrologiya, kardiologiya, gematologiya, revmatologiya, yuqumli kasalliklar va endokrinologiya sohalarida ixtisoslashtirilgan shifoxonalar faoliyati yo‘lga qo‘yilganligi isbotlangan;
mustaqillik yillarida “Salomatlik – 1, 2, 3” dasturlari asosida aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimida qishloq vrachlik punktlari, oilaviy poliklinikalar, tez tibbiy yordam stansiyalari vujudga kelishi natijasida katta yoshdagilar va bolalarga ko‘rsatilayotgan terapevtik xizmat ko‘lami kengayib, aholining yuqumli (gripp, sariq, bezgak, pnevmoniya) va ichki kasalliklar (yurak-tomir, o‘pka, oshqozon-ichak) bilan og‘rish ko‘rsatkichlari kamayganligi dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: 1917-2017 yillardagi O‘zbekistonda tibbiyotning terapiya yo‘nalishi tarixiga doir olingan ilmiy natijalar va amaliy takliflar asosida:
O‘zbekistonda 1917-2017 yillarda tibbiyotning terapiya sohasi mutaxassislar tayyorlash va kasalxonalar barpo etish (1917-1960 yillar), ilmiy-tadqiqot institutlari faoliyatini rivojlantirish (1970-1990 yillar), ixtisoslashtirilgan terapevtik xizmatning rivojlanishi hamda xususiy sektorning terapiya yo‘nalishiga jalb etilishi (1991-2017 yillar) kabi uchta bosqichda shakllanganligi bo‘yicha olingan xulosalardan Xorazm Ma’mun akademiyasida 2016-2017 yillarda amalga oshirilgan “Xiva xonlari davlat arxivi (2-jild)” mavzusidagi amaliy loyihani tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2020 yil 10 martdagi 3/1255-699-son ma’lumotnomasi). Natijada mustabid davrda va mustaqillik yillarida terapiya sohasi ahvoli va rivojini holisona yoritish imkoni yaratilgan;
O‘zbekistonda terapevtik muolajalarning tashkil etilishi tarixi, to‘plangan tajriba, yorqin iz qoldirgan vrachlarning hayoti va faoliyatiga doir ma’lumotlar Xorazm viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasining faoliyatida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining 2019 yil 25 dekabrdagi 8p-d/250-son ma’lumotnomasi). Natijada sog‘liqni saqlash soxasi xodimlarining tarixiy dunyoqarashi, o‘z kasbining o‘tmishi va bugungi kunini teran anglash, sadoqat va vatanparvarligini kuchaytirishga imkon bergan;
Abu Ali ibn Sino o‘z amaliy faoliyatida qo‘llagan ichki kasalliklarni davolashdagi ilg‘or usullar, parhez taomlarning ahamiyati, ovqatlanish va badan tarbiya gigienasi haqidagi materiallardan 2018-2019 yillarda Buxoro va Xorazm viloyatlari sog‘liqni saqlash muassasalari faoliyatida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Ibn Sino jamoat fondining 2019 yil 25 dekabrdagi 1/282-son ma’lumotnomasi). Natijada zamonaviy dietologiyada to‘plangan tajriba, vrachlarning hayoti va faoliyati, terapiya yo‘nalishining tarixi to‘g‘risidagi yangi ma’lumotlar pirovard natijada mamlakatimiz ichki tibbiyotining holati, rivojlanishi, an’analari, ziddiyatli o‘zgarishlarni aniqlash, ularning sabab va oqibatlarini xolisona baholashga imkon bergan.