Xamroeva Shahlo Mirdjonovnaning 
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbek tili morfologik analizatorining lingvistik ta’minoti», 10.00.11 – Til nazariyasi. Amaliy va kompyuter lingvistikasi.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.4.DSc/Fil227.
Ilmiy maslahatchi: Mengliev Baxtiyor Rajabovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Farg‘ona davlat universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.05.02.
Rasmiy opponentlar: Samsitova Luiza Xamzinovna, filologiya fanlari doktori, dotsent; Iskandarova Sharifa Madalievna, filologiya fanlari doktori, professor; Shaxabitdinova Shohida Xoshimovna, filologiya fanlari doktori, professor
Yetakchi tashkilot nomi: Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi o‘zbek tili morfologik analizatorining lingvistik ta’minoti nazariy asoslarini va modellarini yaratishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
o‘zbek tilida axborot qidiruv tizimining lingvistik ta’minoti tarkibi, vazifalarini aniqlash orqali orfokorrektor, lemmatizator, morfoanalizator, parser kabi lingvistik analizatorlarining xususiy funksional aspektlari aniqlangan;
axborot-qidiruv tizimida morfologik analizatorning matnni lingvistik annotatsiyalash hamda mashina tarjimasidagi tabiiy tilga avtomatik ishlov berishning asosiy vositasi ekanligi dalillangan; 
turkiy tillarda ishlab chiqilgan morfologik analizatorlar funksional imkoniyatining lingvistik ta’minot jihatidan farqli, tilga avtomatik ishlov berishning morfologik tahlil usullari jihatidan esa mushtarak ekanligi aniqlangan;
o‘zbek tilidagi imloviy o‘zgarishlar tufayli so‘z shakllarining umumiy qoidalaridan farqlanuvchi so‘zlar uchun fonotaktikaning  kombinator va pozision  lingvistik ta’minoti dasturi ishlab chiqilgan;
o‘zbek tili birliklarini avtomatik morfologik tahlil qilish uchun so‘z yasovchi, lug‘aviy shakl yasovchi, sintaktik shakl yasovchi morfemalar hamda qo‘shimcha shaklidagi yuklamalarning so‘zga birikish pozisiyalari dasturiy ta’minot algoritmi uchun  lingvistik modellashtirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbek tili morfologik analizatori lingvistik ta’minoti, morfologik analizator tuzishning umumiy tamoyillari, morfologik analizatorning axborot-qidiruv tizimidagi ahamiyati, o‘zbek tili morfoanalizatori birliklari, tuzilishi, tarkibiga doir xulosalardan:
o‘zbek tili morfoanalizatori birliklari; tuzilishi, tarkibi va tahlil birliklarini aniqlash, so‘z yasovchi, lug‘aviy shakl yasovchi, sintaktik shakl yasovchi va qo‘shimcha ko‘rinishidagi yuklamalar qurshovini lingvistik modellashtirishga oid natijalardan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan olib borilgan FA-F1-G003 «Hozirgi qoraqalpoq tilida funksional so‘z yasalishi» mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 20 noyabrdagi 89-03-4852-son ma’lumotnomasi). Natijada hozirgi qoraqalpoq tilida funksional so‘z yasalishi modellari mukammallashtirilgan; qoraqalpoq tilidagi shakl yasovchi morfema, qo‘shimcha ko‘rinishidagi yuklamalar omonimiyasini avtomatik farqlash tamoyillari ishlab chiqilgan; 
axborot-qidiruv tizimida o‘zbek tili birliklarini qo‘llashning ahamiyati, axborot-qidiruv tizimining til madaniyatini shakllantirishdagi o‘rni haqidagi xulosalardan 2017-2020 yillarda Andijon davlat universitetida bajarilgan “OTF-1-18/ Ommaviy lisoniy madaniyatni shakllantirish metodlari va metodologiyasini ishlab chiqish” davlat-fundamental tadqiqotlar dasturlari doirasidagi loyihada foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 20 noyabrdagi 89-03-4852-son ma’lumotnomasi). Natijada ommaviy lisoniy madaniyatni shakllantirish metodlari va metodologiyasini ishlab chiqishda axborot-qidiruv tizimida o‘zbek tili birliklarini keng qo‘llash tamoyillari ishlab chiqilgan, axborot-qidiruv tizimining til madaniyatini shakllantirishdagi o‘rnini asoslashga  erishilgan; 
so‘zda boshqa grammatik shakllar bilan omonimiya hosil qiluvchi lug‘aviy shakl yasovchi va sintaktik shakl yasovchi morfemalar; kontekstda so‘z yasovchi morfemaning omonimik hamda polifunksionallik xususiyatini aniqlash uchun so‘zdagi qurshovni modellashtirish natijalaridan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida bajarilgan I-OT-2019-42 raqamli «O‘zbek va ingliz tillarining elektron (Inson qiyofasi, fe’l-atvori, tabiat va milliy timsollar tasviri) poetik lug‘atini yaratish» mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 20 noyabrdagi 89-03-4852-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘zbek va ingliz tillarida inson qiyofasi, fe’l-atvori, tabiat va milliy timsollar tasvirini bildiruvchi so‘zlarning kontekstdagi omonimiyasini avtomatik aniqlashga erishilgan;
so‘z yasovchi qo‘shimchalarning qurshovdagi ma’nosini aniqlash uchun taklif etilgan qo‘shimchalar aranjirovkasi, so‘z yasovchi qo‘shimchalarning so‘zdagi pozisiyasiga qarab ma’nosining o‘zgarishi xususidagi xulosalardan 5220100 – Filologiya va tillarni o‘qitish (o‘zbek tili) bakalavr ta’lim yo‘nalishi talabalariga mo‘ljallangan “Hozirgi o‘zbek tili” darsligining “Yasama so‘zlarning leksemalashuvchi” deb nomlangan 13-paragrafida o‘zbek tili leksikasidagi lisoniy yasama so‘z hamda sof nutqiy yasama so‘zlarning yasalish strukturasini tavsiflashda foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 20 noyabrdagi 89-03-4852-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘zbek tili leksikasidagi lisoniy yasama so‘z hamda sof nutqiy yasama so‘zlarning yasalish strukturasi tavsifi mukammallashgan;
o‘zbek tili morfologik analizatorining tabiiy tilga avtomatik ishlov berish usullari: stemming, parsing, tagging natijalaridan  5A120106 – Kompyuter lingvistikasi magistratura mutaxassisligiga mo‘ljallangan “Korpus lingvistikasi: korpus tuzish va undan foydalanish”. Amaliy mashg`ulot uchun qo`llanma”sida foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 20 noyabrdagi 89-03-4852-son ma’lumotnomasi). Natijada “Korpus lingvistikasi: korpus tuzish va undan foydalanish” fanini o‘qitishda adabiyot va axborot manbalarilar sirasi boyitilgan;
ommaviy savodxonlikni oshirish, yoshlar orasida til madaniyatini shakllantirish hamda zamonaviy axborot tizimida o‘zbek tilining imkoniyatlaridan foydalanishda, internetda mavjud bo‘lgan avtomatik tarjimon, kirill-lotin konventori, kompyuter tahlili, tahriri, til korpusi, elektron lug‘at va tezauruslarning ahamiyati haqidagi xulosalardan Buxoro viloyati teleradiokompaniyasi «Buxoro» telekanalining «Assalom, Buxoro» teleko‘rsatuvida foydalanilgan (Buxoro viloyati teleradiokompaniyasining 2020 yil 12 noyabrdagi 1/296-son ma’lumotnomasi). Natijada yuqori saviyali barkamol avlodni voyaga etishtirish, yoshlar orasida til madaniyatini shakllantirish hamda zamonaviy axborot tizimida o‘zbek tilining imkoniyatlaridan foydalanish haqidagi targ‘ibot ishlari mazmuni mukammallashgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish