Kurboniyazov Gulmurza Alambergenovichning 
fan doktori (DSc)  dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Qoraqalpog‘istondagi lisoniy vaziyat», 10.00.11 – til nazariyasi. Amaliy va kompyuter lingvistikasi.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: № B2019.2.DSc/Fil176.
Ilmiy maslahatchi: Dadaboev Hamidulla  Aripovich,  filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Farg‘ona davlat universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.05.02.
Rasmiy opponentlar: Iskandarova Sharifa Madalievna, filologiya fanlari doktori, professor; Mamatov Abdi Eshonqulovich, filologiya fanlari doktori, professor; Qudaybergenov Mambetkarim Sarsenbaevich, filologiya fanlari doktori, professor
Yetakchi tashkilot nomi: Uranch davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqot maqsadi: Dissertatsiyaning asosiy maqsadi Qoraqalpog‘iston hududida mavjud tillarning ijtimoiy xizmati va vazifalari, hududdagi tillar vaziyati va holatlarini ob’ektiv reallikdan kelib chiqqan holda sotsiolingvistik aspektda tahlil qilish va asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
o‘zbek, qoraqalpoq, qozoq, turkman, rus va koreys tillari amal qilishining ijtimoiy sharoiti, sohalari va muhitlari tahlili asosida istiqlol yillarida davlat tillarining sotsial funksiyalari o‘sganligi ibotlangan, hududdagi til vaziyatining majmuaviy sotsiolingvistik modeli Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi kommunikatsion vaziyatning o‘ziga xosligi asosida yaratilgan;
semantik va kognitiv nuqtai nazardan qoraqalpoq tili ijtimoiy funksiyalari kengayishining til ichki taraqqiyotiga ta’siri, tillararo muloqotning amalga oshish sharoiti, tilning sotsial vazifalari kengayishi bilan bog‘liq jarayon sotsiolingvisik metodlar asosida dalillangan; 
respublikadagi til muhitida janubiy va shimoliy sotsiolingvistik zonalar lingvistik xususiyatlariga ko‘ra ajratilib, janubiy zonada o‘zbek, shimoliy zonada qoraqalpoq tillarining sinxron holatidagi lingvistik elementlarning tahlili asosida ularning qozoq, turkman va  boshqa tillarga ta’siri fonetik, leksik-semantik, derivatsion, morfologik va sintaktik yaruslarda voqelanishi aniqlangan;
bilingvizm, diglossiya, interferensiya, polilingvizm hodisalarining paydo bo‘lishi va rivojlanishi, mintaqa tillarining ijtimoiy vazifadorligi nuqtai nazaridan bo‘linishi, shimoliy va janubiy sotsiolingvistik zonalardagi til jamoalarining ijtimoiy-kommunikativ holati diaxron lisoniy vaziyat asosida ochib berilgan;
mustaqillik sharoitida o‘zbek tilining millatlararo til funksiyasini bajarishiga munosabat so‘rovnoma tahlili asnosida, uning qoraqalpoq tiliga ta’siri natijasida lingvistik elementlarning leksik, morfologik, sintaktik sathlarda semantik ekvivalentlari yuzaga kelishi manbalar asosida yoritilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Qoraqalpog‘istondagi lisoniy vaziyatning sotsiolingvistik tahlili bo‘yicha olingan natijalar asosida:
Qoraqalpog‘istonda ishlatilayotgan o‘zbek, qoraqalpoq, qozoq tillari lug‘at boyligidagi umumturkiy so‘zlarning yasalishi, o‘zgarishi, ularning semantik, grammatik, morfonologik interpretatsiyasiga oid fikrlardan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot institutida 2012-2016 yillarda bajarilgan FA-F1-G003 “Funksional`noe slovoobrazovanie v sovremennom karakalpakskom yazike” fundamental loyihasida foydalanilgan (Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limining 2021 yil 11martdagi 17.02/33-son ma’lumotnomasi). Natijada hozirgi qoraqalpoq tilidagi umumturkiy so‘zlarning semantik, grammatik, morfonologik xususiyatlari unda asosiy manba sifatida qo‘llanilgan;  
Qoraqalpog‘istonda qo‘llanilayotgan tillar tahliliga oid xulosalardan Qoraqalpog‘istondagi o‘zbek, qoraqalpoq, qozoq, turkman tillarining o‘zaro ta’siri, munosabati, birgalikdagi faoliyati ularning fonetik, leksik-semantik, derivatsion, morfologik va sintaktik xususiyatlariga oid xulosalardan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot institutida amalga oshirilgan F1-FA-0-43429 “Qoraqalpoq fol`klori va adabiyoti janrlarining nazariy masalalarini tadqiq etish” fundamental loyihasida foydalanilgan  (Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limining 2021 yil 11 martdagi 17.02/33-son ma’lumotnomasi). Natijada qoraqalpoq xalq og‘zaki ijodi va adabiyotida ishlatilgan so‘zlarning, jumladan o‘zbek tili orqali qoraqalpoq tiliga o‘zlashgan arab, fors so‘zlarining morfologik, semantik, derivatsion xususiyatlarini ochib berish imkoni yaratilgan;
Qoraqalpog‘istondagi turkiy tillar leksikasi tahlili va o‘zaro ta’siriga oid ilmiy-nazariy qarashlardan Qoraqalpog‘iston teleradiokompaniyasining “Til – ma’naviyat ko‘zgusi”, “Til va ma’naviyat” “Til gulshani” nomli eshittirishlarini ssenariylarini tayyorlashda foydalanilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi teleradiokompaniyasining 2020 yil 10 avgustdagi 01-02/153-son ma’lumotnomasi). Natijada keng jamoatchilikning nutq jarayonida umumturkiy so‘zlarni qo‘llash me`yorlari va samaradorligi bo‘yicha bilimlarini boyitishga erishilgan,mustaqillik yillaridagi turkiy tillarning taraqqiyoti, ularning o‘zaro bir-biriga ta’siri, milliy adabiy tillarning ichki rivojlanish tamoyillariga oid nazariy ma’lumotlar ommalashtirilgan;
respublika hududidagi bilingvizm, diglossiya, polilingvizmga oid xulosalardan qoraqalpoq shoirlari ijodiga o‘zbek, qozoq, turkman shoirlari asarlari tilining ta’siri, qoraqalpoq tiliga mazkur tillardan o‘zlashgan so‘zlarning lingvopoetik, stilistik xususiyatlari haqidagi ahamiyatli nazariy qarashlari Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmasining yosh ijodkorlar malakasini oshirishda, turli to‘garak, seminar va mahorat darslari o‘tkazishda foydalanilgan (Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmasining 2021 yil 15 martdagi 22-son ma’lumotnomasi). Natijada yosh shoirlarning  lirik asarlarida o‘zlashma so‘zlardan qofiya, allegoriya, alliteratsiya kabi badiiy priyomlarni yaratishdagi  mahorati takomillashtirilgan;
jamiyatning tilga va tilning jamiyatga ta’siri, eski o‘zbek tili birliklarining qoraqalpoq shoirlari ijodida qo‘llanilishiga oid ilmiy-nazariy qarashlar Berdaq nomidagi Qoraqalpoq adabiyoti tarixi davlat muzeyida qoraqalpoq shoirlari asarlari yuzasidan tashkil qilinadigan ko‘rgazmalarda mavjud qo‘lyozmalardagi o‘zbek tili orqali o‘zlashgan so‘zlar haqidagi tasavvurlarni boyitishda, ekskurs darslarni o‘tishda targ‘ib etilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat vazirligining 2021 yil 10 fevraldagi 2-03/279/1-son ma’lumotnomasi). Natijada Qoraqalpog‘istonda yashovchi o‘zbek va qoraqalpoq xalqlari milliy tillarining o‘zaro ta’siri, bir-birini boyitishiga oid xulosalarni qiyoslab o‘rganish imkonini bergan;
”O‘zbekcha-qoraqalpoqcha va qoraqalpoqcha-o‘zbekcha lug‘at” (–Toshkent: A. Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi, 2011. ISBN 978-9943-06-368-6) Respublikadagi o‘zbek va qoraqalpoq tillarini davlat tili sifatida o‘rganuvchilar tomonidan qo‘llanilmoqda.  (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining 2021 yil 9 martidagi 01-01/05-1144-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘quvchilarning davlat tillari hisoblangan o‘zbek va qoraqalpoq tillaridagi til birliklarini to‘g‘ri qo‘llash va izohlash malakalari oshgan, so‘zlarning yozilishi, talaffuzi, ularning tarjimalarini o‘rganishi asnosida o‘quvchilarning so‘zlarning orfografik va orfoepik me’yorlarini o‘zlashtirish, so‘z ma’nolarini tushunish kompetensiyalari shakllangan,  lug‘at boyligining o‘sishini ta’minlash uchun xizmat qilgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish