Djuraeva Shoxista Dilmuradovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Cu(II), Au(III) va Hg(II) ionlarini karbamat va karbazon hosilali reagentlar bilan amperometrik aniqlash», 02.00.02 – Analitik kimyo (kimyo fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.4.PhD/K255.
Ilmiy rahbar: Yaxshieva Zuxra Ziyatovna, kimyo fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand davlat universiteti, PhD.03/30.12.2019.K.02.05.
Rasmiy opponentlar: Sultonov Marat Mirzaevich, kimyo fanlari doktori, dotsent; Ro‘ziev Erkin Abdurajabovich, kimyo fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: tabiiy va texnogen ob’ektlardagi mis (II), oltin (III) va simob (II) ionlarining miqdorini aniqlashda tarkibida azot, oltingugurt bo‘lgan karbamat va karbazon hosilali reagentlarni qo‘llash hamda ular asosida amperometrik titrlash uslublarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor mis (II), oltin (III) va simob (II) ionlarining mikromiqdorlarini maxsus analitik titrantlar sifatida N-(4-metoksi-fenilkarboksimetil)-difeniltiokarbazon va 4-metoksifenilkarboksi-metildietilditiokarbamatdan foydalanib aniqlashning amperometrik titrlash uslublari ishlab chiqilgan;
amperometrik titrlashda yangi qo‘llanilgan organik reagentlar elektro-oksidlanishining vol`tamperometrik xossalari aniqlangan;
mis (II), oltin (III) va simob (II) ionlarining binar, uchlamchi va murakkab aralashmalarini azot va oltingugurt tutgan karbamat va karbazon hosilali reagentlar bilan amperometrik titrlashning maqbul sharoitlari aniqlangan;
tabiiy va texnogen ob’ektlar, oqova suvlardan tarkibida azot, oltingugurt bo‘lgan karbamat hamda karbazon hosilali reagentlar yordamida aniqlashning eng kichik miqdori mis (II) - 2.8, oltin (III) - 0,6, simob (II) - 1,6 mkg/ml bo‘lgan elektrokimyoviy uslublar ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Tabiiy va texnogen ob’ektlar tarkibidagi mis (II), simob (II) ionlarini suvsiz va aralash muhitlarda azot, oltingugurt tutgan karbamat hamda karbazon hosilalarini qo‘llab amperometrik aniqlash uslublarini ishlab chiqish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
ishlab chiqilgan suvsiz va aralash muhitlardagi rangli va nodir metallar ionlarini 4-metoksifenilkarboksimetildietilditiokarbamat yordamida amperometrik aniqlash uslubi «Muborak gazni qayta ishlash zavodi» MChJda oqova suvlar tarkibidagi simob (II) miqdorini aniqlashda joriy etilgan («Muborak gazni qayta ishlash zavodi» MChJning 2020 yil 27 iyundagi 475/GK-06-son ma’lumotnomasi). Natijada, analitik reagentlarning korxona oqova suvlari tarkibidagi simob (II) ionlarini aniqlashda qo‘llanilishi aniqlashning quyi chegarasini bir tartibga kamaytirish imkonini bergan;
suvsiz muhitda mis (II) va kumush (I) ionlarini amperometrik aniqlash uslublari bilan validatsiya yordamida olingan natijalar «Muborak gazni qayta ishlash zavodi» MChJda amaliyotga joriy etilgan («Muborak gazni qayta ishlash zavodi» MChJning 2020 yil 27 iyundagi 477/GK-06-son ma’lumotnomasi). Natijada, ishlab chiqilgan rangli va nodir metallar ionlarini suvsiz muhitda amperometrik aniqlash uslublari tabiiy va texnogen ob’ektlardagi mis (II) va kumush (I) ionlarining mikromiqdorini aniqlash imkonini bergan.