Maxammadieva Yulduz Yashnarovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Feruzning badiiy mahorati”, 10.00.02. – O‘zbek adabiyoti (filologiya fanlari). 
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.3.PhD/Fil530.
Ilmiy rahbar: Jabborov Nurboy Abdulhakimovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.19.01.
Rasmiy opponentlar: Erkinov Aftandil Sodirxonovich, filologiya fanlari doktori; Ismailova Gulsara Ibodullaevna,  filologiya fanlari nomzodi.
Yetakchi tashkilot: O‘zR FA Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Muhammad Rahimxon Feruzning badiiy mahoratini ochib berish orqali ijodkorning o‘zbek adabiyoti tarixida tutgan o‘rnini ilmiy-nazariy asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Feruzning g‘azal, musammat, masnaviy, ruboiy kabi janrlarda individual ijodiy mahoratini namoyon etib, mumtoz janrlar poetikasini milliy ruh, irfoniy mazmun va badiiy-estetik tafakkur uyg‘unligi asosida takomillashtirgani isbotlangan; 
shoir badiiy mahorati ishqiy, ijtimoiy va diniy-ma’rifiy mavzulardagi lirik asarlarida poetik mazmun va shakl uyg‘unligi hamda lirikada individual poetik tafakkurning tadrijiy takomili kesimida ilmiy dalillangan; 
ijodkor she’riyatida, talmeh, takrir, savolu javob, husni ta’lil, tashxis, tanosub, tashbih, tajohulu-l-orif, raddu-l-matla’, tajnis, istiora, nido kabi badiiy san’atlar ikki xil tarzda, ya’ni, birinchidan, g‘azalning to‘liq bir san’at asosiga qurilishi, ikkinchidan, bir vaqtning o‘zida bir qancha badiiy san’atlardan baravar foydalanilishi tarzida qo‘llangani aniqlangan;
Feruz lirik asarlarida aruzning ramal, hazaj, rajaz, mutaqorib, muzori’, munsarih, mujtass, hafif singari sakkiz bahrida ijod qilgani, shoirning aksar she’rlari ramal va hazaj bahrlarida yozilgani aniqlanib, o‘zbek mumtoz she’riyatida faol qo‘llangan vaznlar qatorida kam uchraydigan vaznlarda ham she’rlar bitgani shoirning yuksak mahoratiga dalil bo‘la olishi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Feruzning badiiy mahorati tadqiqi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:  
Feruzning g‘azal, musammat, masnaviy, ruboiy kabi janrlardagi asarlarida individual ijodiy mahoratini namoyon etgani, mumtoz janrlar poetikasini milliy ruh, irfoniy mazmun va badiiy-estetik tafakkur uyg‘unligi asosida takomillashtirgani; shoirning ishqiy, ijtimoiy va diniy-ma’rifiy yo‘nalishdagi asarlarida poetik mazmun va shakl mutanosibligi; shoir lirikasida badiiy san’atlar, aruz va mumtoz qofiyaning o‘rniga doir ilmiy-nazariy xulosalardan OT-F1-030  raqamli “O‘zbek adabiyoti tarixi” ko‘p jildlik monografiyani (7-jild) chop etish” (2017-2020) mavzusidagi fundamental loyihaning nazariy qismida foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2021 yil 12 yanvardagi 89-03-152-son ma’lumotnomasi). Natijada, Feruz adabiy merosiga doir ma’lumotlar mumtoz janrlar poetikasi, badiiy mazmun va shakl, badiiy san’atlar, aruz va qofiya qo‘llanishida ijodkor mahoratiga doir yangi nazariy qarashlar, yangi fakt va ma’lumotlar, yangicha ilmiy xulosalar bilan boyitilgan;
Feruz she’riyatida janrlar poetikasi, shoir lirikasida badiiy mazmun va shakl uyg‘unligi, ijodkorning badiiy obraz yaratish mahoratiga doir yangi ma’lumotlar va ilmiy xulosalardan “O‘zbekiston” telekanalida “Assalom, O‘zbekiston”, “Ijod mahsuli”, “Ibratga yo‘g‘rilgan umr”, “Qalb gavhari” hamda “O‘zbekiston tarixi” telekanalining “Mavzu” va “Taqdimot” nomli ko‘rsatuvlari ssenariylarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2021 yil 15 yanvardagi 01-13-75-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, teleko‘rsatuvlarning sifati oshib, milliy uyg‘onish davri she’riyatining xalqimiz adabiy-estetik tafakkurini o‘stirishdagi o‘rnini ko‘rsatishga erishilgan;
Feruz she’riyatining janr xususiyatlari, shoir lirikasida badiiy san’atlar, aruz va mumtoz qofiyaning o‘rniga doir ilmiy-nazariy xulosalardan Ozarbayjon Milliy Ilmlar akademiyasi Nizomiy Ganjaviy nomidagi Adabiyot institutining “Ozarbayjon-Turkmaniston-O‘zbekiston adabiy aloqalari” bo‘limida ozarbayjonlik o‘zbekshunos olimlar tomonidan foydalanilgan (Nizomiy Ganjaviy nomidagi Adabiyot institutining 2021 yil 21 yanvardagi ma’lumotnomasi). Natijada, ozarbayjonlik talabalarning aruz va mumtoz poetika hamda milliy uyg‘onish davri o‘zbek adabiyoti bo‘yicha bilim, ko‘nikma va malakalari o‘sishiga erishilgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish