Karimova Feruzaxon Sayfuddinovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbek tilidagi dialogik nutqning lingvopragmatik xususiyatlari”, 10.00.01 – O‘zbek tili
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.1.PhD/Fil1084
Ilmiy rahbar: Xudayberganova Durdona Sidiqovna, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti, DSc.02/30.12.2019.Fil.46.03.
Rasmiy opponentlar: Sobirov Abdulhay Shukurovich, filologiya fanlari doktori, professor; Qurbonova Muhabbat Matyakubovna, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Andijon davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi o‘zbek tilidagi dialogik nutqning lingvopragmatik xususiyatlarini aniqlash, uning samarali amalga oshishida lingvopragmatik omillarning ijtimoiy va psixologik omillar bilan uyg‘unlashuvini yoritishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
dialogik nutq jarayonida amal qiluvchi so‘zlovchi va tinglovchi munosabatining mazmuniy-pragmatik jihatlari milliy-madaniy muhit doirasida amal qilishi, bunda suhbatdoshlarning umumiy bilish fondi bilan birgalikda olamni hissiy idrok etish tamoyillarining bir-biriga mos kelishi dalillangan;
dialog va monolog hodisalarining bir-biriga o‘tish holatlari, bog‘liqligi va umumiy kesishuv nuqtalari belgilanib, bu holat jonli nutq va adabiy til chegaralaridagi mushtarak tomonlarni birlashtirishda ijobiy natija berishi asoslangan;
dialoglarni tasnif etishda jumlalar mazmuni bilan birgalikda ishtirokchilarning mazkur nutqiy jarayon kechayotgan vaqt va zamondagi hissiy va ijtimoiy holatlarini ham hisobga olish maqsadga muvofiq ekanligi aniqlangan;
o‘zbek tilida nega va nima komponentli savol-javob dialogik birliklarida savol mazmuni bilan birga inkor, buyruq, ranjish, tinchlantirish, tasdiq, majburlash, achchiqlanish, norozilik kabi qo‘shimcha pragmatik ma’nolar ham ifodalanishi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbek tilidagi dialoglarni pragmalingvistik tadqiq etish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
dialogik nutqda qo‘llaniladigan dialogik diskurs, lingvistik pragmatika, muloqot kodeksi, psixolingvistik omil, milliy-madaniy so‘zlar, milliy-madaniy omillar kabi yangi terminlar o‘zbek tilshunosligining zamonaviy tadqiq yo‘nalishiga xos taraqqiyotni ko‘rsatuvchi omillardan biri ekanligi haqidagi xulosalardan FA – F1-G041 raqamli «O‘zbek tili leksikasi va terminologiyasining mustaqillik davri taraqqiyotini tadqiq etish» mavzusidagi fundamental loyihani amalga oshirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2021 yil 12 yanvardagi 3/1255-74-son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu terminlar mustaqillik davri o‘zbek terminologiyasi taraqqiyotini ko‘rsatuvchi omil sifatida qayd etilgan va loyihada bu xususidagi nazariy fikrlarning illyustrativ misollar bilan dalillanish darajasi ortgan;
dialogik nutqning lingvopragmatik xususiyatini ochib beruvchi kommunikativ implikatura, nutqiy muloqot postulatlari, dialogik diskurs, maksima, attraksiya, milliy-madaniy omillar kabi termin va tahlillardan OT–F1–78 raqamli «Hozirgi globallashuv davrida o‘zbek tili, uning tarixiy taraqqiyoti va istiqbollari (o‘zbek tili vazifaviy uslublari tahlili asosida)» mavzusidagi fundamental loyihani amalga oshirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining 2021 yil 12 yanvardagi 3/1255-74-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘zbek tili lug‘aviy tarkibi taraqqiyoti haqidagi nazariy fikrlarning dalillanish darajasi ortgan;
dialogik nutq jarayonining shakllanishi va rivojlanishida ijtimoiy-ruhiy, milliy-madaniy omillarning o‘rni xususidagi qarashlardan «Madaniyat va ma’rifat» telekanalining «Adabiy jarayon» ko‘rsatuvlari (Sh.Bo‘taev, E.A’zam, X.Do‘stmuhammad asarlari tahliliga bag‘ishlangan sonlari) da foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi «Madaniyat va ma’rifat» telekanalining 2020 yil 25 noyabrdagi 01-16-124-son ma’lumotnomasi). Natijada mazkur takliflar til birliklarining nutqiy imkoniyatlari, tilning inson omili bilan o‘rganilishiga doir ilmiy, amaliy va metodologik g‘oyalarning keng jamoatchilikka etkazilishida amaliy qimmatga ega bo‘lgan hamda ko‘rsatuv uchun tayyorlangan materiallarning mazmuni mukammallashgan.