Reimov Nietbay Baynazarovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Orol bo‘yi tuproqlari unumdorligini va qishloq xo‘jaligi ekinlarining hosildorligini oshirish agrotexnologiyasini takomillashtirish”, 06.01.01 – Umumiy dehqonchilik. Paxtachilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam B2020.4.DSc/Qx108.
Ilmiy maslahatchi: Ismailov Uzakbay Embergenovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat agrar universiteti Nukus filiali.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.05/30.12.2019.Qx/B.42.01.
Rasmiy opponentlar: Ibragimov Odiljon Olimjanovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Tillyaev Rixsivoy Shamaxamadovich qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Oripov Razzoq Oripovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Qoraqalpog‘iston Respublikasining sho‘rlangan tuproq va ekstremal iqlim sharoitlarida ekinlardan yuqori hosil olish hamda tuproq unumdorligini saqlash, qayta tiklash va oshirib borishda agrotexnologiya elementlarini takomillashtirishning g‘o‘za, beda, don va ozuqa ekinlarining hosildorligiga ta’sirini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 
ilk bor Orol bo‘yidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi ekstremal tuproq-iqlim sharoitida qishloq xo‘jaligi ekinlarining hosildorligini oshirish bilan bir qatorda tuproq unumdorligini saqlash va oshirishni ta’minlaydigan almashlab ekish tizimlari va tuproqqa ishlov berish usullari takomillashtirilgan;
qishloq xo‘jaligi ekinlaridan yuqori va sifatli hosil olishda notekis maydonlarni lazerli boshqariladigan tekislagich yordamida ±3-5 santimetrga keltirib, har 3 yilda bir marta tekislash hamda ekish oldidan 80-86% agronomik qulay fraksiyali mayin tuproq hosil qilishda KFG-3,6 frezerli chuqur yumshatgich agregatidan foydalanish samarali ekanligi aniqlangan;
qator oralariga ishlov beriladigan ekinlarni parvarishlashda yarim chirigan qoramol go‘ngi bilan 2-2,5 t/ga hisobidan lentasimon shaklda 12-13 santimetr qalinlikda, 3-4 santimetr qalinlikda, kuchli sho‘rlangan erlarda 5-6 santimetr qalinlikda mul`chalashning nihollar tekis unib chiqishiga, o‘sib rivojlanishiga, tuproq unumdorligining saqlanishiga va oshishiga ijobiy ta’siri isbotlangan;
almashlab ekishning 3:4:1:2 va 1:3:1:2 tizimlari qo‘llanilganda ekinlar hosildorligi va tuproq unumdorligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Orol bo‘yidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasining turli darajadagi sho‘rlangan, notekis, unumdorligi past tuproqlar sharoitida erlarni lazerli er tekislagich bilan tekislash hamda ekish oldidan ishlov berishning resurstejamkor agrotexnologiyasini tuproq unumdorligiga va qishloq xo‘jaligi ekinlarining hosildorligiga ta’siri bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar asosida:
fermer xo‘jaliklari hamda agroklasterlar uchun «Fermerlar uchun dehqonchilik bo‘yicha qo‘llanma», «G‘o‘za va bug‘doy agrotexnikasi, tuproq unumdorligini oshirish chora-tadbirlari» mavzulari bo‘yicha tavsiyanomalar tasdiqlangan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining 2020 yil 18 avgusttagi 06-09/8-5/466-son va Qoraqalpog‘iston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirligining 2020 yil 18 sentyabrdagi 03/010-2014-son ma’lumotnomalari). Ushbu tavsiyanomalar Qoraqalpog‘iston Respublikasi qishloq xo‘jaligi boshqarmalari, agroklasterlar hamda fermer xo‘jaliklarda g‘o‘zaning Chimbay 5018, makkajo‘xorining O‘zbekiston 601 AMV, Uzbekskaya 100, jo‘xorining «Boyjugara», «Daulet», «Massino», O‘zbekiston 18, bedaning KK 15, arpaning «Unumli», sudan o‘tining «Chimbayskaya-Yubileynaya», bug‘doyning «Kroshka», «Yanbash», moyli kungaboqarning KK-1, navlarini parvarishlashda qo‘llanma sifatida xizmat qilgan;
Qoraqalpog‘iston Respublikasining sho‘r tuproqli, notekis erlari sharoitida ishlab chiqilgan erlarni lazerli tekislagich bilan tekislash texnologiyasi 702,0 gektarga joriy etilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining 2020 yil 18 avgusttagi 06-09/8-5/466-son va Qoraqalpog‘iston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirligining 2020 yil 18 sentyabrdagi 03/010-2014-son ma’lumotnomalari). Buning natijasida erlarni lazerli tekislagich orqali tekislash texnologiyasi qo‘llanganda kuzgi g‘alladan 45,8 s/ga, g‘o‘zadan esa 25-28 s/ga hosil olinib, sarflanadigan ishlab chiqarish xarajatlari 21-27 foizgacha, sug‘orishga ishlatiladigan suv miqdori 25 foizgacha kamayishi, rentabellik darajasi birinchi yili 10-15 foizga, keyingi yillarda esa 25 foizgacha ortgan; 
unumdorligi past, mexanik tarkibi og‘ir qumoq tuproqlar sharoitida erni ekish oldidan KFG-3,6 frezali chuqur yumshatgich agregati yordamida ishlov berish agrotexnologiyasi 693,0 gektarga joriy etilgan (Respublika Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2020 yil 18 sentyabrdagi 03/010-2014-son ma’lumotnomasi). Natijada tuproqning agrokimyoviy va agrofizik xususiyatlari yaxshilanib, tuproqning agronomik jihatdan qimmatli agregatlari 76,9-83,2 foizga teng bo‘lgan va 3,7-5,2 s/ga qo‘shimcha paxta hosili olishga erishilgan;
g‘o‘za parvarishlashda 2-2,5 t/ga miqdorda yarim chirigan go‘nglardan qator orasiga mul`cha hisobida foydalanish esa 639 gektarga joriy etilgan (Qoraqalpog‘iston Respubliksi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2020 yil 18 sentyabrdagi 03/010-2014-son ma’lumotnomasi). Natijada mul`cha qo‘llanganda erdagi namlikni saqlagan holda tuproqning agrofizik va agrokimyoviy xossalarini yaxshilanishi hisobiga erta bahorda vujudga keladigan qatqaloqni oldi olinib, nihollarni bir tekisda unib chiqishiga zamin yaratilgan;
dehqonchilikda almashlab ekish tizimlarni bo‘yicha maqbul rejalashtirish bo‘yicha natijalar 826 gektarga joriy etilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi 2020 yil 18 sentyabrdagi 03/010-2014-son ma’lumotnomasi). Natijada almashlab ekishning beda:g‘o‘za tizimida paxtadan 4-5 s/ga qo‘shimcha hosil olinib, rentabellik darajasi 43,3-52,5 foizni tashkil etgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish