Sayt test rejimida ishlamoqda

Tajieva Zebo Baxodirovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Maktabgacha va maktab yoshidagi bolalarda buyraklar kasalligini oldini olish tizimini takomillashtirish»; 14.00.07-«Gigiena», 14.00.09-«Pediatriya» (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.3.PhD/Tib632.
Ilmiy rahbarlar: Shayxova Guli Islamovna, tibbiyot fanlari doktori, professor; Xalmatova Barno Turdixadjaevna, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent tibbiyot akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent tibbiyot akademiyasi, DSc.04/30.12.2019.Tib.30.03.
Rasmiy opponentlar: Xamrakulova Mukaddasxon Askarovna, tibbiyot fanlari doktori, professor; Shamansurova El`mira Amanullaevna, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Etakchi tashkilot: Samarqand davlat tibbiyot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Xorazm viloyatida maktabgacha va maktab yoshidagi bolalar orasida dismetabolik nefropatiyani oldini olish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
maktabgacha va maktab yoshidagi bolalar orasida oksalat nefropatiyaning rivojlanishiga ta’sir etuvchi xavf omillari, ichimlik suvining sifati, faktik ovqatlanish bilan bog‘liqligi aniqlangan, kasallikni optimal davolashga qaratilgan mahalliy mahsulotlardan tuzilgan kunlik va haftalik parhez ishlab chiqilgan;
ichimlik suv tarkibidagi temir, ammiak, sul`fat, ftor mikroelementlari miqdorining davlat standarti talablariga mos kelmasligi natijasida bolalarda modda almashinuvi jarayonlari buzilishi hamda dismetabolik nefropatiyaning shakllanishi aniqlangan, bu holat glomerulyar fil`tratsiya tezligi, mochevina, kreatinin kabi klinik-laborator ko‘rsatkichlar asosida tasdiqlangan;
bolalarda siydik tarkibidagi oksalatlarning kunlik ekskresiyasi bilan ichimlik suvi hamda oziq-ovqat mahsulotlarining tarkibidagi rux, kal`siy, temir, marganes, kaliy, natriy, fosfor mikroelementlari orasida o‘zaro bog‘liqlik mavjudligi isbotlangan; 
Xorazm viloyatida maktabgacha va maktab yoshidagi bolalarda oksalat nefropatiyani davolashda ilk bor Uralesan+parhez kompleksi va maxsus milliy taomlardan tuzilgan parhez ishlab chiqilgan va uning buyraklar asosiy faoliyatlarni me’yoriga olib kelishidagi samaradorligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 
Maktabgacha va maktab yoshidagi bolalarda buyrak kasalligini oldini olishni takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalari asosida:
«Oksalat nefropatiyali bolalarda parhezni optimallashtirish» uslubiy tavsiyanomasi tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2019 yil 1 iyuldagi 8n–r/275-son ma’lumotnomasi). Dismetabolik nefropatiyali bolalarni erta tashxislash, davolash va oldin olishga qaratilgan chora-tadbirlar o‘z navbatida kasallikning qaytalanish darajasini kamaytirish hamda kasallikning rivojlanishini oldini olish imkonini bergan;
Maktabgacha va maktab yoshidagi bolalarda buyrak kasalligini oldini olishni takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalari sog‘liqni saqlash amaliyotiga, jumladan, Toshkent tibbiyot akademiyasi Urganch filiali shifoxonasi, viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi, Urganch shahar 2 va 3–sonli oilaviy poliklinikalari, Shovot, Xiva, Gurlan tuman tibbiyot birlashmalariga qarashli marakaziy poliklinikalarning klinik amalaiyotiga joriy qilingan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2020 yil 9 oktyabrdagi 8n–d/147-son ma’lumotnomasi). Tadqiqot natijalarning amaliyotga tatbiq etilishi maktabgacha va maktab yoshidagi dismetabolik nefropatiyali bolalarni erta tashxislash, davolash, oldini olish uchun  ishlab chiqilgan maxsus milliy taomlardan tuzilgan parhez va Uralesan+parhez kompleksidan samarali foydalanish natijasida bolalarda siydik-tosh kasalliklari kelib chiqishi va og‘ir asoratlarni oldini olish hamda davolanish muddatlarini qisqartirish bilan birgalikda hayot sifatini yaxshilash imkon bergan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish