Jo‘raev Umid Anvarovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Sug‘orma dehqonchilikda biomeliorativ tadbirlarning ilmiy-amaliy asoslari”, 06.01.02- Melioratsiya va sug‘orma dehqonchilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.3.DSc./Qx.133.
Ilmiy maslahatchi: Xamidov Muxammadxon Xamidovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining Buxoro filiali.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.05/30.12.2019.Qx/B.42.01.
Rasmiy opponentlar: Mambetnazarov Bisenbay Satnazarovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, akademik; Avliyakulov Mirzoolim Avazovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, katta ilmiy xodim; Ikramov Raxim Karimovich, texnika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi suv tanqisligining salbiy oqibatlarini kamaytirish, fitomeliorant o‘simliklarini etishtirish orqali erlarning meliorativ holatini yaxshilash, sho‘r yuvish me’yorlari va muddatlarini qisqartirish hamda kollektor-zovur suvlarining mineralizatsiyasini biologik usulda kamaytirib, sifati yaxshilangan zovur suvlari bilan g‘o‘zani sug‘orish bo‘yicha ilmiy-amaliy tavsiyalar ishlab chiqish hisoblanadi.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
kuzgi bug‘doyning Krasnodarskaya-99 navini maqbul sug‘orish va oziqlantirish tartiblarini uning o‘sishi, rivojlanishi, hosildorligi va donning sifat ko‘rsatkichlariga ijobiy ta’siri hamda sug‘orishda suv resurslarini 1935 m3/ga iqtisod qilishi aniqlangan;
maxsar (Carthamus tinctorius D) va tariq (Panicum miliaceum Link) o‘simliklarini sho‘rlangan erlarning meliorativ holatini yaxshilashdagi samaradorligi xamda ular etishtirilgan tuproqlarning sho‘rini yuvishda 29-55 foiz kam suv sarflanishi aniqlangan;
g‘o‘zaga o‘tmishdosh ekin sifatida maxsar (Carthamus tinctorius D) va tariq (Panicum miliaceum Link) o‘simliklarini etishtirish, g‘o‘zaning o‘sishi va rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi hamda hosildorligini 1,7-3,4 s/ga oshirishi aniqlangan;
biomeliorant ekinlarni erlarning meliorativ holatiga va g‘o‘zaning hosildorligiga ta’sirini baholash bo‘yicha chiziqli regressiya modeli va korrelyasiya koeffisienti o‘rtasida bog‘liqlik (R= -0.82) mavjudligi aniqlangan;
dala sharoitida kichik hovuzlarda Kichik Ryaska (Lemna minor), Azolla (Azolla caroliniana) va Eyxorniya (Eichhornia crassipes) suv o‘simliklarining zovur suvlaridagi xlor ioni miqdorini 18-25 foizga va quruq qoldiq miqdorini 20-28 foizga kamaytirishi aniqlangan;
Kichik Ryaska (Lemna minor), Azolla (Azolla caroliniana) va Eyxorniya (Eichhornia crassipes) suv o‘simliklarini o‘stirish orqali sifati biologik usulda yaxshilangan zovur suvlari bilan g‘o‘zani “Buxoro – 102” navini sug‘orish uning o‘sishi va rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, hosildorligini 38-40 s/ga bo‘lishi xamda tolaning sifat ko‘rsatkichlariga ijobiy ta’siri aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Sug‘orma dehqonchilikda biomeliorativ tadbirlarining ilmiy-amaliy asoslari bo‘yicha olib borilgan ilmiy tadqiqotlar natijalari asosida:
g‘o‘za-g‘alla qisqa navbatlab ekish tizimida sug‘orish suvlarining samaradorligini oshirish, shuningdek, daryo suvlari qiyin etib boradigan hududlarda hududlarda mineralizatsiyasi biologik usulda tozalangan kollektor-zovur suvlaridan sug‘orishda foydalanishda fermer xo‘jaliklari uchun qo‘llanma sifatida «Biomeliorativ tadbirlarni qo‘llash orqali erlarni sho‘rini yuvishdagi suv sarfini kamaytirish» va «Kollektor-zovur suvlari mineralizatsiyasini biologik usulda kamaytirish orqali ulardan sug‘orma dehqonchilikda keng foydalanish» nomli tavsiyanomalar tasdiqlangan (Suv xo‘jaligi vazirligining 2021 yil 19 fevraldagi 04/20-592-son ma’lumotnomasi). Mazkur tavsiyanomalar klaster va fermer xo‘jaliklari, shuningdek suvdan foydalanuvchilar uchun suv tanqisligi sharoitlarida ulardan samarali foydalanish, erlarning meliorativ holatini barqaror saqlab turishda qo‘llanma sifatida xizmat qilmoqda;
kuzgi bug‘doyning Krasnodarskaya-99 navini etishtirish texnologiyasi bo‘yicha Buxoro tumani fermer xo‘jaliklarida 600 gektar, Vobkent tumani fermer xo‘jaliklarida 1200 gektar, Kogon tumani fermer xo‘jaliklarida 450 gektar, jami 2250 gektarda joriy qilingan (Suv xo‘jaligi vazirligining 2021 yil 19 fevraldagi 04/20-592-son ma’lumotnomasi). Natijada kuzgi bug‘doyning Krasnodarskaya-99 navini sug‘orish oldi tuproq namligini ChDNS ga nisbatan 70-80-70 %, 2-3-1 sxemasida sug‘orish hamda ma’dan o‘g‘itlar me’yori azot-240, fosfor-180 va kaliy-90 kg/ga me’yorda qo‘llanilgan holda, sug‘orish ishlariga har gektar maydonda 1500-1900 m3 suv tejalib, tuproqdagi tuzlar miqdori 0,027-0,021 % (quruq qoldiq) ning kam yig‘ilishi hamda kuzgi bug‘doydan qo‘shimcha 9,2-11,8 s/ga hosil olishga erishilgan;
kuzgi bug‘doydan bo‘shagan maydonlarda qurg‘oqchilikka va sho‘rlanishga chidamli biomeliorant ekinlaridan maxsar va tariqni takroriy ekin sifatida etishtirish texnologiyasi Buxoro tumani fermer xo‘jaliklarida 550 gektar, Vobkent tumani fermer xo‘jaliklarida 900 gektar, Peshku tumani fermer xo‘jaliklarida 1050 gektar va Shofirkon tumani fermer xo‘jaliklarining 1450 gektar, jami 3950 gektar maydonda joriy qilingan (Suv xo‘jaligi vazirligining 2021 yil 19 fevraldagi 04/20-592-son ma’lumotnomasi). Natijada biomeliorant ekinlari etishtirish tuproqlarning 1 metrlik qatlamida xlor ioni miqdori kuzgi bug‘doydan so‘ng shudgorlab qo‘yilgan dalada 0,043-0,045 %, maxsar dalasida 0,029-0,032 % va tariq dalasida 0,025-0,026 % ga teng bo‘lib, takroriy ekin ekilmasdan shudgorlab qo‘yilgan dalaga nisbatan xlor ioni 0,019-0,031 % ga kam yig‘ilgan. Ushbu dalalarda sho‘r yuvish ishlari bajarilganda kuzgi bug‘doydan so‘ng shudgorlab, ekin ekilmagan dalada sho‘r yuvish me’yori - 5200 m3/ga, maxsar dalasida 3600 m3/ga va tariq dalasida 2900 m3/ga tashkil qilgan. Biomeliorant ekinlari ekilgan dalada takroriy ekin ekilmasdan shudgorlab qo‘yilgan dalaga nisbatan sho‘r yuvishga 29-55 % yoki 1600-2300 m3/ga kam suv sarflangan;
kollektor-zovur suvlarining mineralizatsiyasini pasaytirib, g‘o‘zani sug‘orish texnologiyasi Kogon tumani fermer xo‘jaliklarida 70 gektar, Shofirkon tumani fermer xo‘jaliklarida 140 gektar va Peshku tumani fermer xo‘jaliklarida 90 gektar, jami 300 gektar maydonda joriy qilingan (Suv xo‘jaligi vazirligining 2021 yil 19 fevraldagi 04/20-592-son ma’lumotnomasi). Natijada mineralizatsiyasi 3-5 g/l ga teng bo‘lgan kollektor-zovur suvlarida Kichik Ryaska (Lemna minor) va Azolla (Azolla caroliniana) suv o‘simliklarini o‘stirish orqali, kollektor-zovur suvlarining minerallik darajasini pasaytirishga erishilgan va bu suvlar bilan g‘o‘za maydonlarini sug‘orish natijasida g‘o‘zani kollektor-zovur suvlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri sug‘orishga nisbatan tuproqda xlor ioni miqdori 0,007-0,009 % ga kam yig‘ilishiga va paxtadan qo‘shimcha 6,5-8,0 s/ga hosil olishga erishilgan.