Eshbekov Azamat Erkinovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Phaseolus vulgaris po‘stlog‘i pektin moddalarining tuzilishi va kimyoviy xossalari», 02.00.10 – Bioorganik kimyo (kimyo fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.4.PhD/K135.
Ilmiy rahbar: Raxmanberdieva Rano Karimovna, kimyo fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasalar nomi: O‘zbekiston milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘simlik moddalari kimyosi instituti, DSc.02/30.01.2020.K/T.104.01.
Rasmiy opponentlar: Aripova Salima Fazilovna, kimyo fanlari doktori, professor; Shomurodov Shavkat Abduganievich, kimyo fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Toshkent farmatsevtika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Phaseolus vulgaris o‘simligi po‘stlog‘i pektin moddalarining strukturaviy-kimyoviy tuzilishini o‘rganish, pektin makromolekulasining asosiy va yon zanjiri tuzilishini tasdiqlash, pektinning metall komplekslarini olish va ularning biologik faolligini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor Ph.vulgaris o‘simligi po‘stlog‘idagi uglevodlar, oqsillar va lipidlar tarkibiga mavsumiy dinamikaning ta’siri aniqlangan. Phaseolus vulgaris po‘stlog‘i pektin moddalarining manbai sifatida tavsiya etilgan;
loviya po‘stlog‘idan pektin moddasi ajratib olinib, uning fizik-kimyoviy xossalari va monosaxarid tarkiblari aniqlangan;
ilk bor pektin moddalari kislotali va fermentativ gidrolizga uchratilib, pektin fragmentlari olingan, ularning asosiy va yon zanjirining tuzilishi kimyoviy hamda spektral usullar bilan tasdiqlangan;
pektin makromolekulasining asosiy zanjiri poli-D-galakturonandan tashkil topgan bo‘lib, uning tarmoqlangan yon zanjirlari L-ramnogalakturonan-1 va arabinogalaktandan iborat ekanligi isbotlangan;
pektinning kaliy, magniy tuzlari va kaliy-magniy komplekslari olingan va ularning yurak-qon tomir tizimiga ta’siri tadqiq qilingan;
Ph.vulgaris po‘stlog‘ining suvli ekstrakti Glifasanni mikroblarga qarshi va antidiabetik faolligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Phaseolus vulgaris po‘stlog‘i pektin moddalarining tuzilishi va kimyoviy xossalari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
pektin moddalarini o‘rganish natijalaridan FA-F6-007 raqamli "Dorivor o‘simliklarning biologik faol polisaxaridlari va ularning modifikatsiyalangan shakllarini o‘rganish" mavzusidagi loyiha (2017-2020yy.)ni bajarishda foydalanilgan (O‘zR FAning 2020 yil №4/1255-1948 son ma’lumotnomasi). Natijada pektin moddalarini xalq xo‘jaligining turli sohalarida qo‘llash imkoniyatini asoslab berishda foydalanilgan;
shuningdek, Qozog‘iston Respublikasi Ta’lim va fan vazirligining AR05131003-sonli "Yuqori zaryadlangan poliamfolitlar izoelektrik nuqtasining fundamental muammolari" ilmiy loyihasi (2018-2020yy.)ni amalga oshirishda foydalanilgan (QozR Polimer materiallar va texnologiya institutining 2020 yil №1 son ma’lumotnomasi). Natijada pektin asosida keng doirada (prolongatsiya) ta’sirga ega yanada samaraliroq dorivor polimerlar olingan va yuqoridagi loyihani amalga oshirish metodikasini takomillashtirish imkonini bergan;
loviya po‘stlog‘ining suvli ekstraktidan “Glifasan antidiabetik biologik faol qo‘shimcha”si olish usulining laboratoriya reglamenti ishlab chiqilgan (21 may 2021yil O‘MKI direktori t.f.d., prof. Sh.Sh. Sagdullaev tomonidan tasdiqlangan).