Rasulov Azamat Davronovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Mosh donini dastlabki tozalash mashinasining parametrlari va ish rejimlarini asoslash», 05.07.01 – Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya mashinalari. Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya ishlarini mexanizatsiyalash (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.4.PhD/T1471.
Ilmiy rahbar: Astanaqulov Komil Dullievich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash ilmiy-tadqiqot instituti, PhD.05/13.05.2020.T.112.01.
Rasmiy opponentlar: Norchaev Davron Rustamovich, texnika fanlari doktori, katta ilmiy xodim; Mamadjanov Sultanali Islamalievich, texnika fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Qishloq xo‘jaligi texnika va texnologiyalarini sertifikatlash va sinash markazi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: mosh donini dastlabki tozalash bosqichida begona qo‘shilmalardan kam nobudgarchilik bilan fraksiyalarga ajratgan holda sifatli tozalaydigan mashinani ishlab chiqish hamda uning parametrlari va ish rejimlarini asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
mosh donini begona qo‘shilmalardan tozalab, fraksiyalarga ajratish uchun ichki yuzasi vintsimon yo‘naltirgichli va uch qismdan tashkil topgan silindrik g‘alvir ko‘rinishidagi dastlabki tozalash mashinasining konstruksiyasi ishlab chiqilgan;
ishlab chiqilgan mashinaning birinchi g‘alvirida mosh doni tarkibidagi mayda aralashmalar, ikkinchi g‘alvirida mayda va uchinchi g‘alvirida yirik mosh donlarini ajratishni hisobga olgan holda silindrik g‘alvirning parametrlari asoslangan;
mosh donli aralashmasining silindrik g‘alvir ichki sirti bo‘ylab siljish jadalligi va nuramasdan harakatlanishi asosida mashina g‘alviri ichki yuzasiga o‘rnatilgan vintsimon yo‘naltirgich qadami aniqlangan;
mosh donlarining g‘alvir ko‘zlaridan o‘tib, mayda va yirik fraksiyalarga to‘liq ajralish shartidan kelib chiqqan holda silindrik g‘alvir ko‘zlarining o‘lchami va ularning joylashish tartibi asoslangan. 
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 
Mosh donini dastlabki tozalash mashinasining parametrlari va ish rejimlarini asoslash bo‘yicha olingan natijalar asosida:
mosh donini dastlabki tozalash mashinasiga dastlabki talablar tasdiqlangan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2020 yil 21 avgustdagi 02/023-2611-son ma’lumotnomasi). Natijada, mosh donini dastlabki tozalash uchun ish sifati 1,2 marta yuqori, energiya-resurstejamkor don tozalash mashinasini ishlab chiqish imkoniyati yaratilgan;
mosh donini dastlabki tozalash mashinasi Toshkent viloyatining Yangiyo‘l va Zangiota tumanlaridagi fermer xo‘jaliklarida joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2020 yil 21 avgustdagi 02/023-2611-son ma’lumotnomasi). Natijada, foydalanishdagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri harajatlar 1,1 martagacha kamayishi va tozalangan mosh donlarining sifatini 15-20 foizga yaxshilanishiga erishilgan;
mosh donini dastlabki tozalash mashinasini o‘zlashtirish uchun loyiha-konstruktorlik hujjatlari (texnik topshiriq) «BMKB-Agromash» AJda loyihalash jarayoniga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2020 yil 21 avgustdagi 02/023-2611-son ma’lumotnomasi). Natijada, mosh donlarini dastlabki tozalash uchun materialhajmdorligi 1,3-1,4 martaga kam, mayda va yirik fraksiyalarga ajratib beradigan mashinani sanoat usulida ishlab chiqarish imkoniyati yaratilgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish