Shirinov Djaxongir Djabbarovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati instituti sifatida nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini tashkil etishning huquqiy asoslari”,12.00.02 – Konstitutsiyaviy huquq. Ma’muriy huquq. Moliya va bojxona huquqi (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.3.PhD/Yu186.
Ilmiy rahbar: Saidov Akmal Xolmatovich, akademik, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat yuridik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat yuridik universiteti, DSc.07/30.12.2019.Yu.22.02.
Rasmiy opponentlar: Raximov Faxri Xaydarovich, yuridik fanlar doktori, professor; Tursunov Axtam Salomovich, yuridik fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati instituti sifatida nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini tashkil etishning huquqiy asoslarini tizimli tadqiq etish hamda natijasi bo‘yicha ilmiy asoslangan taklif hamda tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadiqotning ilmiy yangiligi:
O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish zarurati va «fuqarolik jamiyati institutlari» tushunchasiga huquqiy ta’rif berish zarurligi asoslangan;
qonunchilikda «jamoat birlashmalari» tushunchasini bir xilda qo‘llanilishini ta’minlash va noaniqliklarga barham berish maqsadida ularga nisbatan «jamoat tashkiloti» so‘zlarini ishlatmaslik zarurati asoslab berilgan;
fuqarolik jamiyati institutlarining jamoatchilik nazoratini olib borish borasidagi faoliyatini kafolatlash maqsadida nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari jamoatchilik nazoratining sub’ekti bo‘lishi zarurligi asoslangan;
uyushma (ittifoq) nodavlat notijorat tashkilotining alohida shakli ekanligi va uning a’zolikka asoslangan tashkilot shakli ekanligi asoslab berilgan;
boshqa shakldagi nodavlat notijorat tashkilotlaridan farqli ravishda jamoat birlashmasi faqat «tashabbuskor fuqarolar guruhi» tomonidan ta’sis etilishi mumkinligi asoslangan;
davlat organlari muayyan sohada nodavlat notijorat tashkilotining ko‘magiga ehtiyoj sezganda, ushbu masalani taraflarning teng ijtimoiy sherikligi asosida hal etishi lozimligi asoslab berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati instituti sifatida nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini tashkil etishning huquqiy asoslari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish zarurati va «fuqarolik jamiyati institutlari» tushunchasiga huquqiy ta’rif berish haqidagi takliflar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 4 martdagi PF-6181-son Farmonida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining 2021 yil 6 apreldagi 09-1/4-1-sonli ma’lumotnomasi). Ushbu taklifni joriy qilinishi «2021-2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi»da «fuqarolik jamiyati institutlari» tushunchasining huquqiy asoslarini mustahkamlashga xizmat qilgan;
qonunlarda «jamoat tashkiloti» tushunchasini ishlatmaslik, jumladan kasaba uyushmalariga nisbatan «jamoat birlashmasi» degan tushunchani qo‘llash haqidagi taklif 2016 yil 28 noyabrdagi O‘zbekiston Respublikasining «Kasaba uyushmalari, ularning huquqlari va faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida»gi O‘RQ-413-sonli Qonunning 1-moddasida, 2019 yil 6 dekabrda qabul qilingan «Kasaba uyushmalari to‘g‘risida»gi O‘RQ-588-sonli Qonunida o‘z aksini topgan (Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasining 2017 yil 29 dekabrdagi 05/01-11-389/1-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklif qonunda jamoat birlashmasiga nisbatan boshqa tushunchani qo‘llash amaliyotiga barham berishga xizmat qilgan;
jamoatchilik nazoratini nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari tomonidan o‘tkazilishiga oid taklif 2018 yil 12 apreldagi «Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida»gi O‘RQ-474-sonli Qonunning 3-moddasida o‘z aksini topgan (Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasining 2021 yil 15 yanvardagi 05/1-01-09-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklif fuqarolik jamiyati institutlarining jamoatchilik nazoratini olib borish borasidagi faoliyati kafolatlarini qonunda mustahkamlashga xizmat qilgan;
uyushma (ittifoq)ga nodavlat notijorat tashkiloti sifatida huquqiy ta’rif berishga oid taklif O‘zbekiston Respublikasining Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risidagi kodeksi loyihasining 35- va 39-moddalarida o‘z aksini topgan (Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasining 2021 yil 15 yanvardagi 05/1-01-08-son ma’lmuotnomasi). Taklifni joriy qilish natijasida uyushma (ittifoq) nodavlat notijorat tashkilotining alohida shakli ekanligi va u a’zolikka asoslangan tashkilot bo‘lishi qonuniy mustahkamlanmoqda;
jamoat birlashmasi faqat «tashabbuskor fuqarolar guruhi» tomonidan ta’sis etilishi mumkinligi haqidagi taklif 2019 yil 6 dekabrdagi «Kasaba uyushmalari to‘g‘risida»gi O‘RQ-588-sonli Qonunning 19, 20-moddalarida o‘z aksini topgan (Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasining 2020 yil 3 iyundagi 05-1-04-116-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifni joriy qilish kasaba uyushmasini tashkil etish tashabbuskor fuqarolar tomonidan amalga oshirilishi, kasaba uyushmasining ro‘yxatdan o‘tkazilgan ustav asosida faoliyat ko‘rsatishi hamda uning ustaviga nisbatan talablar qonunda mustahkamlashga xizmat qilgan;
nodavlat notijorat tashkilotlari bilan ijtimoiy sheriklikka oid takliflar 2017 yil 29 avgustdagi «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil to‘g‘risida»gi O‘RQ-440-sonli Qonunning 17-moddasida, «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi O‘RQ-441-sonli Qonunning 206-moddasida o‘z aksini topgan (Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasining 2017 yil 29 dekabrdagi 05/01-11-389/3-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifni joriy qilinishi davlat organlari tegishli sohada nodavlat notijorat tashkilotlari ko‘magidan foydalanish, ular bilan ijtimoiy sheriklik asosida masalani hal etish imkoniyatlari huquqiy jihatdan mustahkamlashga xizmat qilgan.