Shukurov Akobirxon Ibodullo o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Dorivor ko‘z plyonkalari: olinishi, tuzilishi, xususiyati va ishlab chiqarish texnologiyasi», 02.00.05 – Sellyuloza va sellyuloza-qog‘oz ishlab chiqarish kimyosi va texnologiyasi (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.2.PhD/T1506.
Ilmiy rahbarlar: Sarimsoqov Abdushkur Abduxalilovich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Polimerlar kimyosi va fizikasi instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Polimerlar kimyosi va fizikasi instituti, DSc.02/30.12.2019.K/FM/T.36.01.
Rasmiy opponentlar: Nabieva Iroda Abdusamatovna, texnika fanlari doktori, professor; Mirzoxidov Xayrulla Abdullaevich, kimyo fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Toshkent kimyo-texnologiya instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: ko‘zning virusli kasalliklarini davolash uchun polimer tarkibli original dorivor ko‘z plyonkalarini olish, ularning fizik-kimyoviy, fizik-mexanik, tibbiy-biologik xossalarini tadqiq etish va ishlab chiqarish texnologiyasini yaratishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor tozalangan Na–KMS va biologik faol modda asosida ko‘zdagi virusli kasalliklarni davolashga yo‘naltirilgan nanotuzilishli dorivor ko‘z plyonkalari olingan;
ilk bor dorivor ko‘z plyonkalarining optimal o‘lchami, qalinligi va shakli hamda ularning fizik-kimyoviy, fizik-mexanik va tibbiy-biologik hususiyatlari aniqlangan;
ilk bor virusli kasalliklarni davolashga yo‘naltirilgan dorivor ko‘z plyonkalarini ishlab chiqarish usuli va texnologiyasi yaratilgan;
ilk bor dorivor ko‘z plyonkalarining eksperimental hayvonlarda virusga qarshi faolligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Dorivor ko‘z plyonkalari: olinishi, tuzilishi, xususiyati va ishlab chiqarish texnologiyasi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
ko‘zda uchraydigan virusli kasalliklarni davolashga yo‘naltirilgan plyonka shaklidagi dori vositalarni olish texnologiyasidan I-FA-2017-6-1 sonli “Kollagen asosida «Bioplant» in’eksion preparatini ishlab chiqarishni tashkil etish” mavzusidagi innovatsion loyihasida bioparchalanuvchan polimer plyonkalar olishning texnologik bosqichlarida foydalanilgan. (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2020 yil 28 oktyabrdagi 4/1255-2325-son ma’lumotnomasi). Natijada plyonka shaklidagi implant in’eksion preparat olish imkonini bergan.
bioparchalanuvchan va bioeruvchan tabiiy polimerlar asosida nanotuzilishga ega, virusli kasalliklarni davolashga yo‘naltirilgan, plyonka shaklidagi original dori vositalarini olish va tadqiq etish usullari 011500212 raqamli “Ba’zi turdagi ko‘z kasalliklarini tashhislash va davolash usullarini takomillashtirishda Oftalmologiya amaliyotida yangi dori shakllarini ishlab chiqish va joriy etish” bo‘yicha ilmiy tadqiqot ishida amaliyotga joriy etilgan (Toshkent tibbiyot akademiyasining 2020 yil 16 dekabrdagi 03-3038-son dalolatnomasi). Natijada ambulator amaliyot uchun yangi davolash usullari ishlab chiqish imkonini bergan;
bioeruvchan tabiiy polimerlar tanlash va ularning tuzilishi, reologik xossalari, plyonka hosil qilish hususiyatlari hamda polimer asosda biologik faol moddaning shakllanish qonuniyatlari “UNITEXPROM BGU” Unitar korxonasida amaliyotga joriy etilgan (“UNITEXPROM BGU” Unitar korxonasining 2020 yil 29 oktyabrdagi 10/900 raqamli xati). Natijada polimer asosida yangi shakldagi dori vositalarining tajriba namunalari olish imkonini bergan.