Qodirova Lutfiya Batirovnaning 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar:
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): “A.G. Serebrennikov to‘plamida Turkiston tarixi masalalari (1839-1876 yillar)”. 07.00.08 – Tarixshunoslik, manbashunoslik va tarixiy tadqiqot usullari (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqami: B2020.4.(PhD) /Tar412
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Guliston davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa, IK raqami: Fanlar Akademiyasi Tarix instituti, DSc.02/30.12.2019.Tar.56.01. 
Ilmiy rahbar: Shadmanova Sanavar Bazarbaevna, tarix fanlari doktori, professor.
Rasmiy opponentlar: Doniyorov Alisher Xudayberdievich, tarix fanlari doktori, professor; Ergashev Baxtiyor Ergashevich, tarix fanlari doktori, dotsent. 
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekiston milliy arxivi 715-jamg‘armasi “A.G. Serebrennikov to‘plami”dagi XIX asrda Rossiya imperiyasining Turkistonni bosib olish strategiyasi, uning o‘lkada yuritgan siyosatiga doir hujjatlarning tarixiy-manbaviy mohiyatini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 
“A.G. Serebrennikov to‘plami” hujjatlarida Rossiya imperiyasi siyosatini oqlovchi fikrlar alohida ta’kidlansa-da, hukumat ko‘rsatmalariga so‘zsiz bo‘ysunuvchi harbiylar tomonidan yuritilgan batafsil yozma qaydlar harbiy yurishlarning asl “mustamlakachilik mohiyati”ni ochib berishda muhim dalil bo‘lib xizmat qilganligi va shu bois mazkur jamg‘armaning ko‘pchilik materiallari “maxfiy hujjatlar” sirasiga kiritib kelinganligi asoslab berilgan; 
Turkistonni bosib olish rejasi Rossiya imperiyasining mas’ul idoralari o‘rtasida o‘zaro muvofiqlashtirilmagani aniqlanib, Harbiy vazirlik faol harakatlar tarafdori bo‘lgani holda, Tashqi ishlar vazirligi qarshi, Moliya vazirligi esa, ko‘p hollarda, ikkilanish pozisiyasida turganligi dalillangan;
Rossiya imperiyasining Turkiston bilan 1839-1876 yillar oralig‘idagi o‘zaro diplomatik munosabatlari tadrijiy ravishda “savdodagi hamkorlik”dan “imperiyaning o‘z hukmini o‘tkazish” holatiga o‘zgarib borganligi ochib berilgan;
imperiya hukumati Turkistonni bosib olish jarayonida “axborot xurujidan” ustalik bilan foydalanganligi, mahalliy aholining yuz berayotgan voqealarga munosabatini o‘rganish, jamoatchilik fikri va kayfiyatiga ta’sir ko‘rsatishda “ovozalar” va “mish-mishlar” kuchli yo‘naltiruvchi vosita sifatida qo‘llanilgani ko‘rsatib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: A.G. Serebrennikov to‘plamida Turkiston tarixi masalalari (1839-1876 yillar) bo‘yicha bajarilgan tadqiqot yuzasidan ishlab chiqilgan ilmiy xulosalar va takliflar asosida: 
Turkistonni bosib olish rejasi Rossiya imperiyasining mas’ul idoralari o‘rtasida o‘zaro muvofiqlashtirilmagani va Harbiy vazirlik faol harakatlar tarafdori bo‘lgani holda, Tashqi ishlar vazirligi qarshi, Moliya vazirligi esa, ko‘p hollarda ikkilanish pozisiyasida turganligiga hamda bevosita harbiy yurishlarga oid ma’lumotlardan O‘zbekiston tarixi muzeyining “XIX-XX asrlarda O‘zbekiston” bo‘limini yangi materiallar  bilan boyitishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2020 yil 10 martdagi 3/1255-700-son ma’lumotnomasi). Ushbu hujjatlar Rossiya hukumatning O‘rta Osiyodagi siyosatiga doir reja va harbiy strategiyasini o‘rganishga va yangi ijtimoiy-siyosiy sharoitlarda ularga to‘g‘ri baho berishga xizmat qilgan;
A.G. Serebrennikov fondi materiallari tadqiqiga oid natijalardan O‘zbekiston MAning I.715-fondi ro‘yxatini qayta tuzishda foydalanilgan (O‘zbekiston milliy arxivining 2020 yil 14 dekabrdagi 01-26/505-son ma’lumotnomasi). O‘zbek tilida tuzilgan ro‘yxatda keltirilgan fondning tarixiy ma’lumotnomasi, hujjatlarning mazmuni asosidagi klassifikatsiyasi, ismli va geografik ko‘rsatkichlari tadqiqotchilar, soha mutaxassislari hamda foydalanuvchilar tomonidan maqsadli foydalanishda, fond haqida to‘liq ma’lumot taqdim etishga ilmiy-amaliy jihatdan xizmat qilgan; 
Rossiya imperiyasi tomonidan o‘z siyosatini oqlash maqsadida yaratilgan ushbu to‘plam hukumat ko‘rsatmalariga so‘zsiz bo‘ysunuvchi harbiylar tomonidan yuritilgan batafsil yozma qaydlar tufayli harbiy yurishlarning asl “mustamlakachilik mohiyati”ni ochib berishda muhim dalil bo‘lib xizmat qilishi va shu bois mazkur jamg‘arma “maxfiy hujjatlar” sirasiga kiritib kelinganligini asoslovchi ma’lumotlardan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston tarixi” telekanalida efirga uzatilgan “Taqdimot” ko‘rsatuvining “A.G. Serebrennikov fondi – O‘rta Osiyo xonliklari davri tarixi bo‘yicha muhim manba” mavzusidagi sonini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston” teleradiokanali davlat unitar korxonasining 2019 yil 11 noyabrdagi 02-40-2353-son ma’lumotnomasi). Natijalarning qo‘llanilishi ushbu fondning yaratilishidan maqsad bosib olingan hudud haqidagi bilimlarni to‘plash va ulardan foydalangan holda mustamlaka tizimini o‘rnatish, qo‘llab-quvvatlash va xalqaro miqyosda legitimlashtirish bo‘lganligini, hujjatlar mazmunini yoritib berishga xizmat qilgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish