Po‘latov Abrorjon Masutovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Diniylikning siyosiylashuvi va uning jamiyat ijtimoiy-siyosiy jarayonlariga ta’siri”, 23.00.02 – Siyosiy institutlar, jarayonlar va texnologiyalar (siyosiy fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.1. PhD/Ss146.
Ilmiy rahbar: Muhammadolim Muhammadroziq o‘g‘li Muhammadsidiqov, siyosiy fanlar doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.03/30.12.2019.Ss.01.08.
Rasmiy opponentlar: Jo‘raqulov Furqat Noryigitovich, siyosiy fanlar doktori; Karimov Farhod Erkinovich, siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Diniylik, islom dini siyosiylashuvi muammosining kelib chiqish sabablari va shart-sharoitlari, uning mintaqadagi ijtimoiy-siyosiy vaziyat va siyosiy jarayonlarga ta’sirini ochib berish, ularni bartaraf etishga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
muqaddas islom ta’limotidagi muhim arkonlar (farz amallari) o‘zgarmas ekanligidan kelib chiqib, dinning emas, aksincha diniylikka bo‘lgan munosabatlarning muayyan (islom shioridagi guruhlarning hokimiyatga intilishi, tashqi kuchlarning yangi mustamlakachilik siyosatini amalga oshirishga urinishi) manfaatlar asosida o‘zgarishi, diniylikning siyosiylashuvini asosiy sababi ekanligi ochib berilgan.
diniylikning siyosiylashuvi ijtimoiy hayotdagi milliy manfaatlarimizga, tiklanish va yuksalishga xizmat qilsa barqaror taraqqiyotimizning muhim omili bo‘lishi, aksincha holatda milliy tanazzul va inqirozga olib kelishi asoslab berilgan.
aholining ayrim qatlamlari diniy-ma’rifiy tafakkurida ilmdan ko‘ra ibodatga ko‘proq e’tibor qaratilishi, jamiyatning ijtimoiy-siyosiy barqarorligiga salbiy ta’sirini ko‘rsatib, aholi ongida dinning asl mazmun va mohiyati hamda jamiyat taraqqiyotidagi pozitiv rolini targ‘ib qilishda ba’zi (rasmiy din xodimlari va’zlariga emas balki, virtual fatvolarga ergashish) murakkabliklarni yuzaga keltirayotganligi asoslangan.
hozirgi murakkab, tahlikali, o‘zgaruvchan va tasodiflarga boy davrda diniylik siyosiylashuvining muhim o‘rnini inobatga olgan holda aholini sog‘lom diniy e’tiqodini shakllantirishda davlat va diniy tashkilotlar o‘rtasidagi (davlat teleradiosida diniy-ma’rifiy efirlarni uzluksiz olib borish, “tarbiya” fani doirasida diniylik masalasiga e’tibor qaratish) hamkorlikni samarali mexanizmini ishlab chiqish zarurati isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Diniylikning siyosiylashuvi va uning jamiyat ijtimoiy-siyosiy jarayonlariga ta’siri bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
muqaddas islom ta’limotidagi muhim arkonlar (farz amallari) o‘zgarmas ekanligidan kelib chiqib, dinning emas, aksincha diniylikka bo‘lgan munosabatlarning muayyan manfaatlar asosida o‘zgarishi, diniylikning siyosiylashuvini asosiy sababi ekanligiga oid xulosalardan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita huzuridagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy tadqiqot markazida “Islom niqobi ostidagi mutaassib guruhlar” nomli kitobni tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita huzuridagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy tadqiqot markazining 2021 yil 27 apreldagi 01/170-son ma’lumotnomasi). Natijada, xalqaro markaz mutaxassislarining diniy ekstremistik hamda radikal oqimlarning buzg‘unchi g‘oyalariga qarshi aniq va ishonchli raddiyalar berishda, muqaddas islom dini ahkomlarini noto‘g‘ri talqin qilish, ularni sohtalashtirish yo‘li bilan turli fitna va buzg‘unchiliklar sodir etilayotganini yoshlarga etkazish, ilmiy va diniy salohiyatga ega mutaxassislarni tayyorlashda xizmat qilgan;
diniylikning siyosiylashuvi ijtimoiy hayotdagi milliy manfaatlarimizga, tiklanish va yuksalishga xizmat qilsa barqaror taraqqiyotimizning muhim omili bo‘lishi, aksincha holatda milliy tanazzul va inqirozga olib kelishi borasidagi ilmiy asoslangan xulosalari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy Xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyat rejasidagi “Internet orqali radikallashuv: muammolar va ularni bartaraf etish yo‘llari” mavzusida onlayn respublika ilmiy-amaliy konferensiyasini o‘tkazishda hamda markazda nashr etilgan “Islomofobiyani bartaraf etish omillari”, “Islomda ijtimoiy illatlar muolajasi”, “Evropada islomofobiyaning jadallashuvi” kabi darslik va o‘quv qo‘llanmalarni tayyorlashda keng foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy Xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining 2020 yil 12 dekabrdagi 121-son ma’lumotnomasi). Mazkur xulosalar, ma’ruzalarda keltirilgan ilmiy asoslangan materiallar viloyat va tumanlar otinoyilarida din niqobidagi turli tahdidlarni faollashuvi, bu tahdidlarga qarshi kurashda yoshlarda axborot iste’mol madaniyatini yuksaltirish yo‘llari haqidagi bilimlarini boyitishga xizmat qilgan;
aholining ayrim qatlamlari diniy-ma’rifiy tafakkurida ilmdan ko‘ra ibodatga ko‘proq e’tibor berilayotgani, jamiyatning ijtimoiy-siyosiy barqarorligiga salbiy ta’sirini ko‘rsatib, aholi ongida dinning asl mazmun va mohiyati hamda jamiyat taraqqiyotidagi pozitiv rolini targ‘ib qilishda ba’zi murakkabliklarni yuzaga keltirayotganligi borasidagi xulosalardan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, xususan, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy Kengashi, uning hududiy kengashlari faoliyatida, partiya tashkilotlarining 2020 yil ish rejasining 2.3. va 2.4. bandlarini ijrosini ta’minlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2021 yil 28 yanvardagi 02\2-103-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklif va tavsiyalar partiya tizimida faoliyat olib borayotgan yoshlar orasida dinning asl mazmun va mohiyati hamda jamiyat taraqqiyotidagi pozitiv rolini targ‘ib qilishda ba’zi murakkabliklarni yuzaga keltirayotgan ayrim omillarni bartaraf etish borasida targ‘ibot ko‘nikmalari shakllanishiga va ularning nazariy va empirik bilimlarini boyitishga xizmat qilgan;
hozirgi murakkab, tahlikali, o‘zgaruvchan va tasodiflarga boy davrda diniylik siyosiylashuvining muhim o‘rnini inobatga olgan holda aholini sog‘lom diniy e’tiqodini shakllantirishda davlat va diniy tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlikni samarali mexanizmini ishlab chiqish zaruratiga oid ilmiy xulosalari va ilmiy maqolalaridan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazini tashkil etish to‘g‘risidagi PQ-3080-sonli Qarorining 2.6-bandidagi “Islom dini odamlarni, barcha millat va xalqlarni hamisha nurli hayotga, ezgulik, o‘zaro do‘stlik va insoniylikka da’vat etadi” va 2.7-bandidagi “Islom dinining asl gumanistik mazmunini teran tahlil etishga qaratilgan ilmiy tadqiqotlar, jahon ahlini bir maqsad yo‘lida – jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish yo‘lida birlashishga chorlaydi” kabi bandlarini ijrosini ta’minlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazining 2020 yil 8 iyuldagi 211/20-son ma’lumotnomasi). Natijada tadqiqotning ilmiy xulosalaridan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi doirasida ilmiy va diniy salohiyatga ega mutaxassislarni tayyorlashda, xalqaro miqyosda dinlararo sivilizatsiyalararo muloqotni yo‘lga qo‘yish, inson qalbi va ongini egallash uchun turli xavf-xatarlar kuchayib borayotgan bugungi murakkab davrda islom dinining insonparvarlik mohiyatini ochib berish, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish, yosh avlodni gumanistik g‘oyalar, milliy g‘urur va iftixor ruhida tarbiyalashga xizmat qilgan.