Batirova Aziza Negmuratovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Tut ipak qurtining sanoat duragaylari texnologik xususiyatlariga ekologik omillarning ta’siri”, 06.02.04 – Ipakchilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.4.PhD/Qx434.
Ilmiy rahbar: Umarov Shavkat Ramazonovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat agrar universiteti, Ipakchilik ilmiy tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, PhD.05/30.12.2019.Qx.13.02.
Rasmiy opponentlar: Gulamov Azamat Eshankulovich, texnika fanlari doktori, katta ilmiy xodim; Abdrimova Gulbaxor Erimmatovna qishloq xo‘jaligi fanlari bo‘yicha falsafa doktori.
Yetakchi tashkilot: Qorako‘lchilik va cho‘l ekologiyasi ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi istiqbolli va xorij duragaylarining yetakchi ko‘rsatkichlariga turli hududlar ekologik omillari ta’sirini o‘rganib, sifatli navli pilla va texnologik xususiyatlari yuqori ipak xomashyosi etishtirishning samarali usullarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor anomal issiq harorat ta’sirida parvarishlangan ipak qurti duragay pillalari tolasining yetakchi texnologik ko‘rsatkichlari hamda pilla qobig‘ining fizik-mexanik xususiyatlari bo‘yicha ustunligi asoslangan;
turli hududlarda parvarishlanayotgan mahalliy va xorijiy duragay qurtlarining hayotchanligi hamda qurtlik davrining davomiyligiga tashqi muhit anomal sharoitning ta’sir darajasi aniqlangan;
tut ipak qurtining murakkab (tetra) duragay kombinatsiyalarida lichinkalarning biologik ko‘rsatkichlari, oddiy duragaylarga nisbatan ustun bo‘lishi aniqlangan;
anomal issiq sharoitida etishtirilgan pillalardan xom ipak chiqishi pasayishi kuzatilsada, ipak tolasi ingichkaligi bo‘yicha yuqori tipdagi ipak xomashyosi olish mumkinligi isbotlangan;
mahalliy va xorijiy tut ipak qurti duragaylari texnologik xususiyatlariga ekologik omillar ta’sirini kamaytirish va xom ipak sifatini yaxshilash agrotexnikasi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Tut ipak qurtining rayonlashtirilgan va istiqbolli sanoat duragaylari texnologik xususiyat-lariga ekologik omillarning ta’siri bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:
«Sanoat pillalari sifatini oshirish va texnologik ko‘rsatkichlarini baholashning yangi agrotexnik usuli» nomli uslubiy qo‘llanma tasdiqlangan («O‘zbekipaksanoat» uyushmasining 2020 yil 25 noyabrdagi 2-2/2390-son ma’lumotnomasi). Mazkur usulning joriy qilinishi natijada mahalliy va xorijiy duragaylarning texnologik xususiyatlarini to‘la namoyon qilish imkonini beruvchi texnologiya asosida parvarishlangan 30 quti mahalliy va xorijiy (XXR) sanoat duragaylarining 1 qutisi hisobidan 9 kg qo‘shimcha pilla hosili va unga mos ravishda 15,6 foizga ko‘proq xom ipak olish, iqtisodiy samaradorlik 262400 so‘mni tashkil etishi va rentabellik 33,3% ga ko‘tarilishiga imkon bergan;
fermer xo‘jaliklarida parvarishlanadigan sanoat duragaylari pilla va xom ipak sifatini oshirishning yangi agrotexnik taklifi Xorazm viloyatidagi «Khiva Silk Fabric MChJ» da «Musaffo tola 1» va «Jingsong x Haoyue» 30 quti hajmida parvarishlash jarayonida joriy etilgan («O‘zbekipaksanoat» uyushmasining 2-2/2390-son ma’lumotnomasi, 25.11.2020 y.). Natijada har bir quti tajribadagi qurtdan 8 kg qo‘shimcha pilla hosili va mos ravishda 14,2 foiz ko‘proq xom ipak olishga erishilgan. Qo‘shimcha 233600 so‘m iqtisodiy samara olinib, rentabellik 31,7% ni tashkil etgan;
tut ipak qurtining «Musaffo tola 2» duragayini pilla sifati va texnologik xususiyatlarini to‘la namoyon qilish imkoniyatini beruvchi yangi agrotexnik taklifi Buxoro viloyati Vobkent tumanidagi «Kumushkent ipagi» MChJ da «Musaffo tola 2» duragayining 9 qutisini parvarishlash orqali joriy etilgan («O‘zbekipaksanoat» uyushmasining 2-2/2390-son ma’lumotnomasi, 25.11.2020 y.). Natijada parvarishlangan 9 quti qurtdan 15,3 kg qo‘shimcha xom ipak olinib, ipak olish miqdori 23,3 foizga oshgan. Iqtisodiy samaradorlik 2335800 so‘mga, rentabellik darajasi 23,4 % ga oshishiga erishilgan.