Irgasheva Durdona Yakubdjanovnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Kompyuter tizimlarida foydalanishni cheklash vositalari samaradorligini oshirish usullari va algoritmlari», 05.01.05 – Axborotlarni himoyalash usullari va tizimlari. Axborot xavfsizligi (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.4.DSc/T109.
Ilmiy rahbar: Ganiev Salim Karimovich, texnika fanlari doktori, professor
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent axborot texnologiyalari universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, DSc.13/30.12.2019.T.07.01.
Rasmiy opponentlar: Raxmatullaev Marat Alimovich, texnika fanlari doktori, professor; Nigmatov Hikmatulla, texnika fanlari doktori, professor; Kerimov Komil Fikratovich, texnika fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot nomi: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: kompyuter tizimlarini samarali himoyalash uchun foydalanishni cheklash vositalarini qurish, vakolatlarni nazoratlash modellari, usullari va algortimlarini ishlab chiqish va takomillashtirish.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
axborot xavfsizligi standartlari asosida kompyuter tizimlarida foydalanishni nazoratlash va boshqarish vositalariga daxldor tahdidlar ro‘yxati, hamda axborotni himoyalash tizimi samaradorligini baholash ko‘rsatkichlari shakllantirilgan;
foydalanishni cheklash tizimiga tahdidlarning ta’sir etishi ehtimolligini hisoblash orqali tahdidlarni aniqlash modeli ishlab chiqilgan;
formal modellar va foydalanishni cheklash jarayonlarida rekonfiguratsiyaga qaror qabul qilishni hisobga olgan holda konseptual model ishlab chiqilgan;
foydalanishni cheklash sxemalarini, ulardagi elementlarning noaniq xarakterga ega ekanligini hisobga olgan holda dinamik boshqarishni ta’minlovchi foydalanishni cheklash modeli ishlab chiqilgan;
vakolatlar asosida vazifalarni taqsimlashni (SOD) turli atributlar yordamida rollarga vakolatlarni, hamda rollarga foydalanuvchilarni dinamik tarzda tayinlovchi kombinatsiyalangan model ishlab chiqilgan;
foydalanishni rolli cheklash modelida nizolashuvchi va nizolashmagan vakolatlarni aniqlashning «ko‘pga-ko‘p», «ko‘pga-bir», «birga-ko‘p», «birga-bir» rejim usullari va algoritmlari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Kompyuter tizimlarida foydalanishni cheklash usullari va algoritmlarining samaradorligini oshirishdan olingan ilmiy natijalar asosida kompyuter tizimlarini samarali himoya qilishni ta’minlash, rollarga asoslangan foydalanishni cheklash modellari va algoritmlari ishlab chiqildi:
ishlab chiqilgan rollarga asoslangan foydalanishni cheklash modelining nizolashuvchi va nizolanmagan vakolatlarni aniqlash usullari va algoritmlari «Agrobank» va «Qishloq qurilish bank» banklarga tatbiq qilingan (Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining 2021 yil 03 fevraldagi 33-8/821-son ma’lumotnomasi). Ilmiy tadqiqot natijalaridan foydalanish tahdidlarning mavjudligiga tezkor javobni 37%ga oshirishga, shuningdek vakolatlarni yaratishga sarflanadigan vaqt 24%ga kamayishga imkon bergan;
axborot tizimining himoyalashda tahdidlarning ta’siri ehtimolligi va axborot himoya tizimining fosh etilishi ehtimolligini modellash, ya’ni tahdidlar holatining xavfsizlik modeli O‘zbekiston Respublikasining «O‘zarxiv» agentligiga tatbiq qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining 2021 yil 3 fevraldagi 33-8/821-son ma’lumotnomasi). Ilmiy tadqiqot natijasidan foydalanish tahdidlarni tezda aniqlash holatining 1,5 baravar oshishiga va ishonchlilikni ta’minlashga imkon bergan;
foydalanishni cheklash tizimiga tahdidlarning ta’sir etishi ehtimolligini hisoblash orqali, tahdidlarni aniqlash modeli asosida ishlab chiqilgan dasturiy ta’minot «OFFICIAL DEALER TRADE» MChJga tatbiq qilingan (Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining 2021 yil 3 fevraldagi 33-8/821-son ma’lumotnomasi). Ilmiy tadqiqot natijasi foydalanishga tahdidlarni tezda aniqlash holatining 2,5 baravar oshishiga va ishonchlilikni ta’minlashga imkon bergan;
foydalanishni rolli cheklashning kombinatsiyalangan C-RBAC modeliga asoslangan dasturiy ta’minot Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi Oliy ta’lim tizimi pedagog va rahbar kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish Bosh ilmiy-metodik markazi axborot tizimiga tatbiq qilingan (Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining 2021 yil 3 fevraldagi 33-8/821-son ma’lumotnomasi). Natijada vakolatlarni rollarga, rollarning foydalanuvchilarga tayinlash avtomatik tarzda amalga oshirilishi evaziga 2 barobar vaqt tejalish imkonini yaratdi;
foydalanishni cheklash tizimini sintezlash usuli Ichki ishlar vazirligining Akademiyasiga tatbiq etildi (O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining 2021 yil 3 fevraldagi 33-8/821-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarni joriy etish samaradorligi o‘quv materiallarini o‘zlashtirish darajasini oshishi bilan izohlandi va natija malakali mutaxassislarni tayyorlashda amaliy yordam berishi bilan tasdiqlandi.