Mustafaeva Samida Toshmuxammedovnaning

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Xitoy tilshunoslik terminologiyasi», 10.00.05–Osiyo va Afrika xalqlari tili va adabiyoti (filologiya fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017. 1. PhD/Fil.8. 

Ilmiy maslahatchi: Sodiqov Qosimjon Pozilovich, filologiya fanlari doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat sharqshunoslik instituti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, O‘zbekiston Milliy universiteti, 14.07.2016. Fil.09.01.

Rasmiy opponentlar: Dadaboev Hamidulla Aripovich, filologiya fanlari doktori, professor; Nosirova Saodat Abdullaevna, filologiya fanlari nomzodi, dotsent.

Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: xitoy tilshunoslik terminlarini mustaqil funksional qatlam sifatida tadqiq etish, ularning shakllanish bosqichlari va yo‘llari, leksik–semantik hamda struktur xususiyatlarini ilmiy asoslashdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

xitoy tilshunoslik terminlari tizimi sharqshunoslikda ilk marotaba monografik planda tadqiq etilgan, terminlar tadrijiy taraqqiyotining tarixiy bosqichlari dalillangan;

xitoy tilshunoslik terminlarining derivatsion tamoyillari, sintaktik, affiksal  usulda yasalishi aniqlangan va tilshunoslik terminlarining struktur tiplari, ularning miqdoriy ko‘rsatgichi asoslab berilgan; 

xitoy tilshunoslik terminlarining hozirgi holati, soha terminologiyasinining an’anaviy xitoy tilshunosligi terminlarini qayta tiklash, qolaversa, morfologik va sintaktik yo‘llar bilan yangi terminlarni yasash kabi ichki va semantik, fonetik kal`kalar, yaponizmlarni o‘zlashtirish singari tashqi omillar hisobiga boyish yo‘llari isbotlangan;

tilshunoslik terminologiyasida sinonimiya, polisemiya, omonimiyaning termin qo‘llash va ularni boshqa tillarga tarjima qilishga to‘sqinlik qiluvchi holatlar dallillangan;

xitoy tilshunoslik terminlarini tartibga solish,  terminlarning o‘zbek tiliga tarjimalaridagi muammolarni bartaraf etish bo‘yicha terminlarni so‘zma-so‘z tarjima qilishdan qochish, terminlarni tarjima qilishda bilvosita tarjimaga yo‘l qo‘ymaslik, o‘zbek tilida mutanosibi bor terminlarni shu muqobili vositasida berish kabi tavsiyalar ishlab chiqilgan. 

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:

Tadqiqot natijalari, xususan, terminlar tarjimasi O‘zbek–xitoy Konfusiy institutida dars jarayoniga keng tatbiq qilinmoqda. 2014 yildan hozirga qadar tadqiqot ob’ekti bo‘lgan terminlardan 900 tasi, jumladan 判断词panduanci yoki 断词duanci “bog‘lama”, 基础语jichuyu va母语muyuning “asos til”, 声母shengmu “tovush asos” va 韵母yunmu “ritmik asos” kabi tarjimalari muomalaga kiritildi va terminlar izohidan dars jarayonida istifoda etilmoqda (O‘zbek–xitoy Konfusiy institutining 2016 yil 21 noyabrdagi 174/16 raqamli ma’lumotnomasi). Joriy etilgan materiallar O‘zbek–xitoy Konfusiy institutida olib borilayotgan xitoy tili darslarida terminlarning unifikatsiyalashgan holda qo‘llanilishi, terminlar tarjimasidagi chalkashliklarni echish, o‘zbek tilida mosi bo‘lmagan xitoycha terminlarni tarjima qilish orqali o‘quvchilarga oson etkazish, qolaversa, terminologik leksikaning yasalish yo‘llari, xitoy tili taraqqiyotining tilshunoslik terminologiyasiga ta’sirini asoslashga xizmat qilmoqda;

O‘zbekiston Milliy Axborot agentligi rasmiy veb-sayti orqali tarqatiladigan xabarlarning xitoycha tarjimalarini amalga oshirishda foydalanib kelinmoqda. Veb-saytga jamiyat, fan, madaniyat va siyosat bloki bo‘yicha joylanadigan xabarlarning o‘zbek tilidan xitoy tiliga o‘girilishi terminlarning funksional hamda stilistik  xususiyatlari tadqiqiga doir xulosalarga tayangan holda olib borilmoqda. 2013 yildan bugunga qadar 101ta termin, jumladan, “milliy til” yoki “davlat tili” terminlari kontekstdan kelib chiqqan holda “国语” guoyu termini vositasida, “xitoy tili” terminining “汉语” hanyudan tashqari, jumla mazmuni hisobga olingan holda  “贵国语言” guiguo yuyan tarzidagi tarjimalari O‘zA materiallarining xitoycha tarjimalari uchun muomalaga kiritilgan (O‘zbekiston Milliy Axborot agentligining 2016 yil 15 noyabrdagi 01-08/468 raqamli ma’lumotnomasi). Muomalaga kiritilgan terminlar xabarlarni to‘g‘ri hamda aniq, xitoy tili publisistik uslubi me’yorlariga mos ravishda tarjima qilishga xizmat qilib kelmoqda;

Respublika baynalmilal madaniyat markazi va Toshkent shahar Xitoy madaniyat markazi tomonidan o‘tkazilgan tadbirlarda ilmiy tadqiqot natijalaridan foydalanilgan (Respublika Baynalmilal madaniyat markazining 2016 yil 13 dekabrdagi 01-02-276 raqamli ma’lumotnomasi). Natijada xitoy adabiy tili, uning shakllanishi va  taraqqiyoti, adabiy til masalasi va bu tushunchani ifodalovchi terminlar xilma-xilligi, ularning leksik-semantik hamda funksional xususiyatlari, Xitoydagi kam sonli millatlar tili, shevalarning nomlari va sharhlari borasidagi ma’lumotlar, tahlil natijalarini yoritganligi markaz a’zolari va tinglovchilarning bu boradagi bilimlarini takomillashtirishga xizmat qilgan.   

Yangiliklarga obuna bo‘lish