Karabaev Ikramjan Turaevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Tuproqqa ishlov berish agrotexnologiyasini takroriy ekinlarning hosildorligiga ta’sirini baholash», 06.01.01–Umumiy dehqonchilik. Paxtachilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.PhD/Qx.1.
Ilmiy rahbar: Mirzajonov Qirg‘izboy Mirzajonovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor, akademik.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti DSc.27.06.2017.Qx.42.01.
Rasmiy opponentlar: O‘razmatov Nazir, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, katta ilmiy xodim; Norqulov Usmon Norqulovich, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Samarqand qishloq xo‘jalik instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: tipik bo‘z tuproqlar sharoitida kuzgi bug‘doydan so‘ng, takroriy ekin ekish oldidan erga ishlov berish texnologiyasini takomillashtirish orqali tuproq unumdorligini oshirish va takroriy ekinlardan yuqori hamda ertagi hosil etishtirishning resurstejamkor agrotexnologiyalarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor tipik bo‘z tuproqlar sharoitida boshoqli don ekinlaridan bo‘shagan maydonlarda pushtani 8–10 sm chuqurlikda kul`tivatsiya yordamida yuza ishlov berib yumshatish bilan birga, bir yo‘la soya, mosh va makkajo‘xori urug‘larini ekish usullari yaratilgan;
takroriy ekin ekiladigan maydonlarga berilgan yuza ishlov ekish bilan birga o‘tkazilganda, ekin maydonlariga traktorni 3–4 marotaba kam kirishi natijasida tuproqning makrodonadorligi, hajm massasi va g‘ovakligi yaxshilanishi aniqlangan;
resurstejamkor yangi usul bilan erga (8–10 chuqurlikda) yuza ishlov berish hisobiga takroriy ekinlarni ekish muddati 7–10 kunga erta bo‘lib, ekinlarni o‘sishi, rivojlanishi va hosil to‘plashi yaxshilangan;
erga resurstejamkor, minimal usulda yuza ishlov berish natijasida tuproq unumdorligining oshishi va mahsulot ishlab chiqarish tannarxi kamayishi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Tipik bo‘z tuproqlar sharoitida tuproq unumdorligi va takroriy ekinlar hosildorligini oshirishda resurstejamkor agrotexnologiyalarni ishlab chiqish bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar asosida:
tipik bo‘z tuproqlar sharoitida kuzgi bug‘doydan so‘ng, takroriy ekinlarni etishtirishda tuproqqa ishlov berishning resurstejamkor agrotexnologiyalari 2009–2014 yillarda Toshkent viloyatining Qibray va Yuqorichirchiq tumanlaridagi fermer xo‘jaliklarida jami 374 gektar maydonda joriy qilingan (Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2017 yil 12 iyundagi 02/20-380-son ma’lumotnomasi). Bunda kuzgi bug‘doy parvarishlangan pushtani kul`tivatsiya yordamida 8–10 sm chuqurlikda ishlov berib, biryo‘la pushta ustiga takroriy ekin sifatida soya hamda makkajo‘xori ekilib, er yuzasiga o‘tmishdosh ekinning poyasi 25 foiz miqdorda qoldirib parvarishlanganda, soyadan gektariga 18,2 sentner don hosili olingan, rentabellik darajasi 36,7 foizni, makkajo‘xoridan 38,1 sentner don hosili olingan, rentabellik darajasi 32,8 foizni tashkil etgan.