Ismailov Faxriddin Raimovichning 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Elektrolit bo‘lmagan suvli eritmalarda Landau-Plachek munosabatlarini yorug‘likning molekulyar sochilish spektrlari orqali tadqiq qilish», 01.04.05 – Optika (fizika-matematika fanlari). 
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.2.PhD/FM169.
Ilmiy rahbar: Sabirov Leonard Muxammedjanovich, fizika-matematika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand davlat universiteti, PhD.03/30.2019.FM.02.04.
Rasmiy opponentlar: Otajonov Shavkat, fizika-matematika fanlari doktori, professor; Murodov G‘ulomxon, fizika-matematika fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Qarshi davlat universiteti. 
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: elektrolit bo‘lmagan suvli eritmalarning noturg‘un termodinamik muvozanatining maxsus nuqtasi yaqinida qutblangan yorug‘lik sochilish spektrining nozik strukturasida struktura hosil bo‘lishi va fluktuatsion jarayonlarining namoyon bo‘lishining fizik mexanizmlarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
reley tripletining markaziy komponentasi intensivligi o‘sishiga o‘zgarmas zichlikdagi dielektrik singdiruvchanlikning temperaturaviy fluktuatsiyasining sezilarli ta’sir etishi aniqlangan;
~10nm fazoviy masshtabda strukturaning qayta tuzilishi sababli -pikolin eritmasining maxsus nuqtasi yaqinida siljimagan chastota intensivligining kuchli o‘sishi aniqlangan;
izotermik siqiluvchanlik va hajmiy kengayish koeffisientlarini Landau-Plachek munosabatlari orqali isbotlab, eritmaning maxsus nuqtasi atrofida strukturalanish darajasi ochib berilgan;
γ-pikolinning suvli eritmalari temperaturasi o‘zgarganda additiv belgisining musbatdan manfiyga og‘ishi va gidrofob-gidrofil molekulalararo o‘zaro ta’sirning o‘zgarishi sababli gipertovush tezligining additivlik qonuniyatining buzilishi aniqlangan;
fazoviy bir jinsli bo‘lmagan eritmaning maxsus nuqtasida gipertovush tezligining chastotaviy o‘zgarishi bilan tovush tarqalishining fazoviy dispersiyasi sababli norelaksatsion mexanizmining namoyon bo‘lishi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Termodinamik jihatdan barqaror bo‘lmagan suvli organik eritmalarida sochilgan yorug‘lik spektrlarida Landau-Plachek munosabatlarini tadqiq qilish bo‘yicha olingan natijalar asosida:
turli temperaturali va konsentratsiyali suvliorganik eritmalarda sochilgan yorug‘likning spektridagi spektral chiziqlarining intensivliklari munosabatlari (Landau-Plachek munosabati) natijalari OT-F2-40 raqamli “Molekulyar klasterlarning hosil bo‘lish mexanizmlari va ularning tebranma spektrlarda namoyon bo‘lishi” mavzusidagi fundamental loyihasida suvli eritmalarda vodorod bog‘lanishlarni tahlil qilishda foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 20 noyabrdagi 89-03-4859-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi molekulyar komplekslarning tebranish spektrini o‘rganishda angarmoniklikni xisobga olish xamda kombinatsion sochilish va infraqizil yutilishi polosalarining shakllanish mexanizmini tushuntirish imkonini bergan;
temperatura va konsentratsiya o‘zgarishi bilan suvliorganik sistemalarda aniqlangan maxsus nuqta atrofida strukturalanish darajasi va additivlik qonuniyatining buzilishi natijalari OT-F2-30 raqamli “Organik bo‘yoqlar komplekslarining biologik ob’ektlar va metall nanozarrachalari  fotonikasi” mavzusidagi fundamental loyihasida eritmalarda fazaviy o‘tishlarni o‘rganishda foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 20 noyabrdagi 89-03-4859-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi, toza suvdan suv-etanol, suv-dimetilformamid va suv-dioksan tizimlariga o‘tishda, stirilsianin bo‘yoq eritmalarida yutilish spektrlarini hosil bo‘lish mexanizmlarini tushuntirish imkoniyatini bergan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish