Primkulov Bekzod Sheralievichning
falsafa doktori (RhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. 
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Takroriy ekinlar urug‘larini ekadigan kombinatsiyalashgan agregatning tuproqqa tasmali ishlov beradigan ishchi organlari parametrlarini asoslash», 05.07.01 – Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya mashinalari. Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya ishlarini mexanizatsiyalash (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.1.PhD/T1855.
Ilmiy rahbar: Alimova Feruza Abdukadirovna, texnika fanlari nomzodi, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash ilmiy-tadqiqot instituti, PhD.05/13.05.2020.T.112.01. 
Rasmiy opponentlar: Xudayarov Berdirasul Mirzaevich, texnika fanlari doktori, professor; Artikbaev Baxtiyar Pirniyazovich, texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: “BMKB-Agromash” AJ.  
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: kombinatsiyalashgan agregatning takroriy ekinlar urug‘lari ekiladigan zonaga kam energiya sarflagan holda tasmali ishlov beradigan ishchi organlari parametrlarini asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
tuproqqa ishlov beradigan yassi disk va o‘qyoysimon panjadan tashkil topgan ish organlarining konstruktiv sxemasi ishlab chiqilgan va ularning texnologik ish jarayoni asoslangan; 
yassi diskning diametri va o‘tkirlanish burchagi u yo‘lida uchraydigan o‘simlik qoldiqlarini kesib ketishi ta’minlanishini hisobga olingan holda aniqlangan;
yassi disklar orasidagi ko‘ndalang hamda o‘qyoysimon panja va disklar orasidagi bo‘ylama masofalar ular tuproq bilan ta’sirlashish zonalari hamda tuproqning bo‘ylama yo‘nalishda sinish burchagini hisobga olingan holda asoslangan;
kombinatsiyalashgan agregatning tuproqqa tasmali ishlov beradigan ishchi organlari parametrlarining talab darajasidagi ish sifatini kam energiya sarflagan holda ta’minlaydigan maqbul qiymatlari uning agrotexnik va energetik ish ko‘rsatkichlarini ta’sirini baholovchi regressiya tenglamalarini echish orqali aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 
Takroriy ekinlar urug‘larini ekadigan kombinatsiyalashgan agregatning tuproqqa tasmali ishlov beradigan ishchi organlari parametrlarini asoslash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
takroriy ekinlarni ekish uchun erlarni tayyorlash texnologik jarayonlari bajarilishining sifat ko‘rsatkichlarini baholashga dastlabki talablar va kombinatsiyalashgan agregat konstruksiyasini loyihalash va ishlab chiqarish uchun texnik topshiriq tasdiqlangan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2020 yil 23 dekabrdagi 02/023-4559-son ma’lumotnomasi). Natijada takroriy ekinlar urug‘larini ekadigan energiya-resurstejamkor kombinatsiyalashgan agregat konstruksiyasini ishlab chiqish imkoni yaratilgan;
erlarni takroriy ekinlarni ekishga tasmali tayyorlash uchun ishlab chiqilgan kombinatsiyalashgan agregat Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumani va Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumani fermer xo‘jaliklarida joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2020 yil 23 dekabrdagi 02/023-4559-son ma’lumotnomasi). Natijada mavjud agregatlarga nisbatan foydalanishdagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xarajatlar 1,5 martagacha kamayishiga erishilgan;
kombinatsiyalashgan agregat ishlab chiqarilishini o‘zlashtirish maqsadida loyiha-konstruktorlik hujjatlari (texnikaviy shartlar va chizmalar) «BMKB-Agromash» AJ da loyihalash jarayoniga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2020 yil 23 dekabrdagi 02/023-4559-son ma’lumotnomasi). Natijada energiya-resurstejamkor kombinatsiyalashgan agregatning sanoat nusxasi ishlab chiqarish imkoni yaratilgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish