Ziyadullaev Anvar Egamberdievichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Sianur kislota asosida vinil birikmalar sintezi, olingan birikmalarning xossalari va qo‘llanilishi», 02.00.14 – Organik moddalar va ular asosidagi materiallar texnologiyasi (kimyo fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.4.PhD/K147.
Ilmiy rahbar: Nurmanov Suvonqul Erxanovich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent kimyo-texnologiya instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent kimyo-texnologiya ilmiy-tadqiqot instituti huzuridagi DSc.16/30.12.2019.T.87.01 raqamli ilmiy kengash asosidagi bir martalik ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Maxsumov Abduxamid Gofurovich, kimyo fanlari doktori, professor; Akbarov Hamdam Ikromovich, kimyo fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Navoiy davlat konchilik istituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: sianur kislota vinil efirlarini mahalliy xomashyolar asosida sintez qilish, jarayon borishining maqbul sharoitlarini topish va ularni olish texnologiyalarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
sianur kislotani gomogen sharoitda atmosfera bosimida yuqori asosli sistemalar va yuqori bosimda ZnO+DMSO, ZnO+DMFA katalitik sistemalari ishtirokida atsetilen bilan vinillash reaksiyasi asosida uning vinil efirlari sintez qilingan;
sianur kislotani geterogen usulda KOH/Sfaol. katalizatorligida vinillash usuli ishlab chiqilgan va sianur kislotaning mono-, di- va trivinil efirlari sintez qilingan;
sianur kislota vinil efirlarining galogenli birikmalari sintez qilingan hamda jarayon borishiga ta’sir qiluvchi omillar va kinetik parametrlar aniqlangan;
kvant-kimyoviy hisoblashlar orqali sianur kislota molekulasida zaryadlarning va elektronlar zichligining taqsimlanishi hamda fazoviy tuzilishi asosida molekulaning faol markazlari aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Sianur kislota va uning vinil efirlarini gomogen va geterogen katalitik vinillash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
sianur kislotaning vinil efirlari «Elektrokimyozavod» QK AJda metallarning vodorodsul`fidli korroziyasiga qarshi ingibitor sifatida qo‘llanilgan (O‘zbekiston Respublikasi «Elektrokimyozavod» QK AJning 2021 yil 5 yanvardagi 03-son ma’lumotnomasi). Natijada, korxonada qo‘llanilayotgan uglerodli po‘latni 72–81 % himoya qilish imkonini bergan;
sianur kislotaning trivinilefiri «Elkimyo-superfos» MChJ texnologik tizimidagi metall konstruksiyalari korroziyasini oldini olishda joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi «Elkimyo-superfos» MChJning 2020 yil 11 martdagi 45-son ma’lumotnomasi). Natijada, texnologik uskunalar metallari korroziyasi jarayonini 76–84% ga kamaytirish imkonini bergan;
vinil birikmalarni sintez qilish usuli Korkit Ata nomidagi Qizilo‘rda universitetining (Qozog‘iston) hamda sianur kislotani geterogen usulda vinillash Tojikiston Milliy Fanlar akademiyasi Kimyo institutining ilmiy-tadqiqot ishlarida qo‘llanilgan (Korkit Ata nomidagi Qizilo‘rda universitetining 2020 yil 13 oktyabrdagi 15-32-03/2030-son; Tojikiston Milliy fanlar akademiyasi V.I. Nikitin nomidagi kimyo institutining 2020 yil 14 oktyabrdagi 31008/23-1/199-sonli ma’lumotnomalari). Natijada, biologik faol, azot tutgan yangi organik birikmalarni sintez qilish imkonini bergan.