Zohidova Yulduz Qobilovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Televidenie va shaxs: teleyangiliklarda boshlovchining o‘rni (ijtimoiy vaziyat, jurnalist pozisiyasi va mahorat masalalari)», 10.00.09 – Jurnalistika (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.PhD/Fil185
Ilmiy rahbar: Mo‘minov Fayzulla Abdullaevich, filologiya fanlari doktori, professor
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, PhD.03/30.12.2019.Fil.14.01
Rasmiy opponentlar: Mamatova Yakutxon Muxamadjonovna, filologiya fanlari doktori, professor v.b.; Hayitov Shuhrat Moylievich, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori(PhD).
Yetakchi tashkilot: Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: teleyangiliklar dasturi boshlovchisining o‘rni, roli, pozisiyasi va mahoratini hamda ushbu nuqtai nazardan teleko‘rsatuv reytingini oshiruvchi mezonlarni aniqlash.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
boshlovchilik faoliyati evolyusiyasida diktorlik, suxandonlik, kommunikatorlik kabi bosqichlar aniqlanib, hozirda uning obrazi orqali auditoriyada yangiliklar dasturiga qiziqishni uyg‘otish vazifasi yuklatilgani asoslangan;
teleboshlovchining shaxsi, mavzu va yo‘nalishi, ekranda paydo bo‘lishining davriyligi, tomoshabinda ijodiy xodim va ekran ramzi sifatida taassurot qoldirishi kabi auditoriyaning boshlovchi «ekranga chiqishini kutishi»ning mezonlari nazariy jihatdan isbotlangan;
teleboshlovchi telekanalning ma’naviy va ma’rifiy darajasini ifoda etuvchi shaxs bo‘lishida ma’lumotni samarali etkazish, adresatning fikrlarini va munosabatlarini o‘zgartirish borasidagi kommunikatorlik hamda kasbiy va shaxsiy sifatlarni amaliyotda qo‘llash ko‘nikmasiga ega bo‘lishida bilim, teran tafakkur, qobiliyat, hozirjavoblik, samimiylik, kamtarinlik kabi professional kompetentlik xususiyatlari dalillangan;
davlat va nodavlat telekanallarning tijoriy faoliyati mexanizmi shakllanishi natijasida boshlovchiga yangiliklar dasturining reytingini oshirish qobiliyatiga ega bo‘lish talabining qo‘yilishi, uning ekrandagi faoliyati uzluksizligining ta’minlanishi, ixtisoslashuvi, televizion imijni saqlashi «individual brend» darajasiga etishishida asosiy omillar ekani dalillangan;
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Teleyangiliklar dasturida boshlovchining roli, mahorati va pozisiyasini tadqiq etish hamda uning ilmiy-nazariy asoslarini ishlab chiqish asosida:
teleboshlovchining efir olib borish jarayonida kinetik va lingvistik kodlarni qo‘llash mahorati, xolislik tamoyiligiga asoslangan ijtimoiy pozisiyani ifodalash usullari, axborot etkazishda infoteyment stilining samarasi yuzasidan olingan ilmiy natijalardan, tadqiqot doirasida o‘tkazilgan ijtimoiy va onlayn so‘rovnomalar natijalaridan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi «Yoshlar» teleradiokanali tomonidan efirga uzatiladigan «Yangi Davr» informatsion dasturining kontenti sifatini oshirishda qo‘llanilgan (O‘zbekiston MTRKning 2020 yil 16 iyuldagi 14-02-119-son ma’lumotnomasi). Natijada boshlovchilarning ma’lumot etkazish usullari va muloqot texnikasini rivojlantirish, auditoriyaning qiziqishlarini o‘rgangan holda telelavhalarni taqdim etish hamda matn sifatini oshirish imkonini bergan;
teleyangiliklar dasturi boshlovchisi ijtimoiy-madaniy sharoitlarga moslashish darajasi bilan farqlanuvchi televidenie vakili sifatida kommunikatorning yangi tipi ekani, telemuloqot samaradorligiga erishish usullaridan foydalanish tamoyillari, jonli efirda ishlash imkoniyatlari dastur reytingini oshirishi yuzasidan olingan ilmiy natijalardan, dissertatsiyaning amaliy qismida keltirilgan taklif va xulosalardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi «Mahalla» teleradiokanali» DUK tomonidan tayyorlaniladigan «Reportyor» informatsion ko‘rsatuvining konsepsiyasini ishlab chiqish va ssenariysini yozish hamda dasturning anonsi va infografik materiallarini yaratishda foydalanilgan (O‘zbekiston MTRKning 2019 yil 30 oktyabrdagi 01-18-159-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalar faoliyat olib borayotgan teleboshlovchilarning amaliy kasbiy malakasini oshirishga yordam bergan;
verbal va noverbal xulq-atvorni namoyon etuvchi adabiy til me’yorlariga amal qilish, nutqdagi sheva unsurlaridan qochish, axborot taqdim etishda maxsus terminlarning izohini berish kabi ilmiy izlanishlar yuzasidan olingan amaliy takliflardan Oliy Majlis Senati va Xorazm viloyatida tashkil etilgan mintaqaviy seminar-treninglarda foydalanilgan (Oliy Majlis Senati Devonining 2015 yil 29 oktbyardagi 04/569-son ma’lumotnomasi). Natijada mamlakatimizda axborot sohasini xalqaro standartlarga mos ravishda isloh qilish, yuqori palataning aniq harakat dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish, qonun ijodkorligi faoliyati samaradorligini oshirish yo‘lida har bir senat a’zosi va deputatning tashabbuskorligi, muntazam izlanish olib borishi yuzasidan bildirilgan ilmiy-nazariy fikrlar seminar-trening faoliyatini takomillashtirishga xizmat qilgan.
talabalarning boshlovchi mahorati bo‘yicha bilimlarning nazariy asoslarini o‘rganishi, studiyada ishlash ko‘nikmasini oshirishi, boshlovchining mahorati muammolari bo‘yicha echimlar qabul qilish malakasiga ega bo‘lishi yuzasidan olingan ilmiy-nazariy xulosalardan Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetining o‘quv jarayonida, xususan, 2–A jurnalistika (teleradiojurnalistika) yo‘nalishi bo‘yicha kiritilgan «Reportyorlik mahorati», «Teleradiokanallarning Internetdagi xizmati», «Televidenieda mualliflik ko‘rsatuvlarini tayyorlash» kabi fanlarni o‘qitish tizimida foydalanilgan(Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetining 2021 yil 31 martdagi 01-21-04/526-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalar ta’lim sifatini yanada oshirishga xizmat qilgan.