Adizova Nodira Baxtiyorovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Buxoro tumani mikrotoponimlarining leksik-semantik tadqiqi», 10.00.01 – O‘zbek tili.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.PhD/Fil775.
Ilmiy rahbar: Qilichev Bayramali Ergashevich, filologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Buxoro davlat universiteti, PhD.03/27.02.2020.Fil.72.09.
Rasmiy opponentlar: Muhamedova Saodat Xudoyberdievna, filologiya fanlari doktori, professor; Ruzimbaev Sarvar Saparbaevich, filologiya fanlari nomzodi, dotsent;
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Buxoro tumani toponimlarining kelib chiqish omillari, nomlanish sabablari, leksik-semantik va onomastik-grammatik xususiyatlarini toponimik tahlil, lingvomadaniy hamda etnolingvistik tamoyillar asosida aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
Buxoro tumani toponimlarining hududdagi hamda mamlakatdagi toponimlar bilan umumiy va xususiy belgilari shu joy aholisining til xususiyatlari, dunyoqarashi, milliy an’ana hamda urf-odatlariga bog‘liqligi yig‘ilgan faktik dalillar orqali asoslangan;
Buxoro tumani joy nomlarining etimologiyasi, lug‘aviy ma’nolari, fonetik, morfemik va morfologik tarkibiy tuzilishiga ko‘ra grammatik modellari, ularning diaxron hamda sinxronligi hozirgi o‘zbek tili toponimikasi nazariyasiga muvofiq aniqlangan;
Buxoro tumani hududidagi joy nomlarining etnotoponim, antropotoponim, gidrotoponim, fitotoponim, kasb-kor atamalari asosida shakllangan semantik tiplari, oykonimlar onomastik leksika sathi me’yorlariga mos holda tasniflanib, ularining lingvistik tabiatiga xos lisoniy, onomastik-grammatik, onomastik-morfologik, onomastik-sintaktik xususiyatlari ochib berilgan;
Buxoro tumani toponimlarining yasalishida ko‘pincha rabot, metan/mitan komponentlari, onomastik konversiya hamda negizlarning sintaktik aloqasi muhim ahamiyat kasb etgani dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Buxoro tumani toponimlarini lisoniy tadqiq qilish jarayonida erishilgan ilmiy natijalar asosida:
Buxoro tumani toponimiyasini o‘rganish va ilmiy xulosalar chiqarishda, o‘zbek nomshunosligida hozirga qadar mavjud bo‘lgai ilmiy tasavvurlarni ma’lum darajada to‘ldirishda, o‘zbek dialektologiyasi, o‘zbek tili tarixiy leksikologiyasi ochib berishdagi ilmiy-nazariy qarashlardan 2012-2016 yillarda bajarilgan F1-XT-0-19919-raqamli «O‘zbek mifologiyasi va uning badiiy tafakkur taraqqiyotida tutgan o‘rni» mavzusidagi fundamental loyihasida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 10 dekabrdagi 89-03-5187-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘zbek xalq mifologiyasi materiallarida uchraydigan joy nomlari, ularning milliy an’ana va urf-odatlar bilan bog‘liqligi oydinlashtirilgan;
Buxoro tumani toponimlarining nazariy va amaliy jihatdan asoslangan «Buxoro tumani toponimlari» (ISBN 978-994-3602-1-4) deb nomlangan monografiyasidan oliy ta’lim tizimi 5120100 – Filologiya va tillarni o‘qitish (o‘zbek tili) bakalavriat ta’lim yo‘nalishida «Hozirgi o‘zbek adabiy tili. Leksikologiya», «Til tarixi», «O‘zbek dialektologiyasi», «Areal lingvistika», «Onomastika»; 5121000 –Tarix. Buxoro tarixi bakalavriat ta’lim yo‘nalishida «Buxoro toponimiyasi», «Buxoro arxeologiyasi», «Tarixiy o‘lkashunoslik»; 5146100 –Geografiya bakalavriat ta’lim yo‘nalishida «Toponimika», «Buxoro geografiyasi», «O‘lkashunoslik» fanlari bo‘yicha ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlarida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 10 dekabrdagi 89-03-5187-son ma’lumotnomasi). Natijada bu talabalarning toponimika bo‘yicha nazariy tushunchalarini kengaytirishi bilan ta’limda o‘qitishning ilmiy-metodik samaradorligini oshirishga xizmat qilgan;
«Buxoro tuman mikrotoponimlarining leksik-semantik tadqiqi» mavzuiga oid tadqiqoti natijalaridan Buxoro viloyati teleradiokompaniyasining «Dolzarb mavzu», «Qadriyat, urf-odat va an’ana», «O‘zbekona», «Adabiyot darsi», «Adabiy muhit» kabi teleko‘rsatuvlarida, shuningdek, «Qadriyatlar qadim beshigi», «Ma’naviyat gulshani» kabi radioeshittirishlarida foydalanildi (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi «Buxoro» telekanalining 2020 yil 23iyundagi 1/158-son ma’lumotnomasi). Natijada viloyat toponimiyasiga tegishli ayrim tarixiy toponimlarning ma’nosi, ularning paydo bo‘lish sabablari va ayrim oykonimlarning yasalishida rabot, metan/mitan komponentlari muhim ahamiyat kasb etishi haqidagi ma’lumotlar tomoshabinlar auditoriyasiga etkazilgan;
«Buxoro tumani toponimlari» monografiyasidan viloyat geografik ob’ektlarga nom berish masalalarini muvofiqlashtiruvchi komissiya faoliyatida foydalanilgan (Geografik ob’ektlarga nom berish masalalarini muvofiqlashtiruvchi viloyat komissiyasi 2020 yil 7 dekabrdagi 19/4829-son ma’lumotnomasi). Natijada «Buxoro tumani toponimlari» monografiyasida keltirilgan ma’lumotlardan Buxoro tumani hududida mavjud bo‘lgan oykonim, gidronim, nekronim va fitonimlar, shuningdek, boshqa turli geografik ob’ektlarning nomlarini sharhlash, ularning kelib chiqishi va etimologiyasi bilan bog‘liq masalalarni aniqlashda asos vazifasini o‘tagan.