Saidova Rayhonoy Abdug‘anievnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Badiiy matnda belgi munosabatlari»,10.00.02 – O‘zbek adabiyoti.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B 2019.3.PhD/Fil960.
Ilmiy rahbar: Murodov G‘ayrat Nekovich, filologiya fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Buxoro davlat universiteti. PhD.03/27.02.2020.Fil.72.09.
Rasmiy opponentlar: Sariev San’atjon Matchonboevich, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD); Hasanov Shavkat Ahadovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Navoiy davlat pedagogika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: badiiy matn tarkibidagi belgilarning paradigmatik, sintagmatik va zid munosabatlarini, ularning badiiy matn yaxlitligini yuzaga keltirishdagi o‘rni va ahamiyatini aniqlash, matnlararo aloqa-bog‘lanishlarni oydinlashtirish va shu asosda matnning yaxlit tizim ekanligini ko‘rsatishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
belgi strukturasi tarkibidagi bildiruvchi-bilinuvchi munosabatlari hamda bilvosita va bevosita aloqalar aniqlangan;
matnlararo paradigmatik va sintagmatik bog‘lanishlar intermatn, matn adresanti singari semiotika komponentlari muayyan ilmiy-nazariy xulosalar bilan isbotlangan;
Rauf Parfi she’rlaridagi belgi munosabatlarining o‘ziga xos xususiyatlari, matnning ko‘lamdorligi, uning konnotativ tabiati asoslangan;
badiiy matn tizimida binar oppozisiyaning muayyan belgilar orasida sodir bo‘lishi aniqlangan, matn tarkibidagi zid munosabatlar semiotik kvadrat (SK) sathining diagonal, vertikal va gorizontal chiziqlarida aks etishi dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Badiiy matnda belgi munosabatlarini aniqlash jarayonida erishilgan ilmiy natijalar asosida:
modernistik she’riyatga xos xususiyatlar tavsifi, badiiy matndagi belgilar tizimi haqidagi xulosalardan F-1-06-raqamli «Istiqlol davri o‘zbek adabiyotida Sharqu G‘arb adabiy an’analari sintezi» nomli fundamental loyihada (2012-2016 yy.) foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 20 oktyabrdagi 89-03-4076-sonli ma’lumotnomasi). Natijada o‘zbek adabiyotida modern uslubda yaratilgan she’riy asarlarning badiiy shakli, ifoda uslubi, poetik taraqqiyot tamoyillarini chuqurroq yoritish, matnlarda belgilarning paradigmatik va sintagmatik belgilarini tavsiflashga erishilgan;
Aristotelning mantiqiy kvadratiga asoslangan semiotik kvadratni zamonaviy o‘zbek adabiyoti namunalariga qo‘llash badiiy matn mohiyatini oydinlashtirishda muhim ahamiyat kasb etishi ochib berilgan xulosalardan A-1-197-raqamli «Yoshlar madaniyatini shakllantirishda Alisher Navoiy pedagogik qarashlarining o‘rni va ahamiyatini tadqiq etish» mavzusidagi amaliy loyihasida (2015-2017 yy.) foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 20 oktyabrdagi 89-03-4076-sonli ma’lumotnomasi). Natijada lirik ijod namunalarini badiiy matn sifatida o‘rganish va ularni yagona adabiy-poetik tizim tarzida tadqiq etishning samaradorligi e’tirof etilgan;
dissertatsiya muallifining ilmiy nashrlarda chop etilgan «Badiiy matnda semiotik tizim», «Lirik matn tarkibidagi badiiy munosabatlar tahlili», «She’riy matnda paradigmatik munosabatlar» kabi maqolalaridagi umumlashma-xulosalardan A-1-118-raqamli «Navoiy obrazining talqin va tasvirlariga oid o‘quv qo‘llanmasini tayyorlash va nashr etish» mavzusidagi amaliy loyihasida (2015-2017 yy.) foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 20 oktyabrdagi 89-03-4076-sonli ma’lumotnomasi). Natijada o‘zbek adabiyotida badiiy matnni tahlil va talqin etishda semiotikaning ahamiyatini ko‘rsatishga, tipologik mohiyatini aniqlashga erishilgan;
tadqiqotdagi paradigmatik va sintagmatik aloqa-bog‘lanishlar, milliy hamda jahon adabiyoti namunalari yagona badiiy tizim ekanligini tasdiqlovchi xulosalardan Turkiyaning Istambul Tijorat universiteti Erasmus + (K-102) «Turkiy xalqlar fol`klorining elektron fondini yaratish va ingliz tiliga tarjima qilish» loyihasida foydalanilgan (Istambul Tijorat universitetining 2020 yil 10 iyundagi bergan ma’lumotnomasi). Natijada turkiyalik va chet ellik talabalarning o‘zbek adabiyoti asoslarini anglash, xususan, badiiy ijod namunalarini o‘rganish va tadqiq qilishida semiotik usullarning ahamiyati oydinlashgan;
badiiy matndagi zid munosabatlarni yoritishga oid xulosalaridan Lal Baxadur Shastri nomidagi hind madaniyat markazida foydalanilgan (Hind madaniyat markazining 2020 yil 2 martdagi ma’lumotnomasi). Natijada tadqiqotlarni tashkil etish, kitobxonlik madaniyatini oshirish va o‘zbek adabiyotini o‘rganishni targ‘ib qilish bo‘yicha hamkorlikka erishilgan;
badiiy matnning struktur-semiotik tahlili bo‘yicha nazariy-amaliy xarakterdagi ilmiy qarashlardan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi «Mahalla» telekanali tomonidan tayyorlangan «Ma’rifat yog‘dusi» dasturi ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining 2020 yil 10 fevraldagi 01-18-131-sonli ma’lumotnomasi). Natijada tomoshabinlarning strukturalizm va semiotikaning badiiy adabiyotni o‘rganishdagi ahamiyati, xususan, struktur-semiotik tahlil jarayonida belgi munosabatlarini tadqiq etishning o‘ziga xos jihatlari haqidagi bilimlari takomillashishi uchun zamin yaratgan.