Ismoilov Xurmatillo To‘lqinjon o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Sud majlisining sotsiolingvistik va psixolingvistik aspektlari” (Jinoyat ishlari bo‘yicha sud majlisi misolida)», 10.00.01.-O‘zbek tili.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.4.PhD/Fil449
Ilmiy rahbar: Nabieva Dilora Abduhamidovna filologiya fanlari doktori, professor
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Andijon davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Andijon davlat universiteti, PhD.03/30.12.2019.Fil.60.02.
Rasmiy opponentlar: Mirzohidova Muyassar Inamjanovna, filologiya fanlari doktori, professor; Iskandarova Sharifa Madalievna, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot nomi: Namangan davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqot maqsadi: o‘zbek sud nutqini sotsiolingvistik va psixolingvistik aspektini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
jinoyat ishlari bo‘yicha sud faoliyatini tartibga soluvchi qonun matnlari sifatida O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi, O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodekslari leksik-semantik jihatdan yoritilib, sud hukmi matnining tipologik tarafdan rasmiy, nobadiiy va muhokama matnlar sirasiga kirishi asoslangan;
bevosita ishtirok etishda psixologik diagnostika hamda profayling metodlari sud majlisiga tatbiq etilib, sudlanuvchilarning psixolingvistik portreti shakllantirilgan hamda birinchi marta jinoyat sodir etgan sudlanuvchilar nutqi va takroran – davomli jinoyat sodir etuvchi sudlanuvchilar nutqi kabi guruhlarda ob’ektiv omillar: sud binosi, sud majlisi zali, sud hay’ati; sub’ektiv omillar: shaxsiy manfaat, yaqin qarindoshlar (ota-ona), qulaylik va noqulaylik holatining nutqqa ta’siri dalillangan;
sud nutqiy jarayonidagi sotsial nutq va sotsial leksika raislik qiluvchi – sud`ya, davlat ayblovchisi – prokuror, himoyachi – advokat nutqi misolida dalillanib, muloqotning rasmiyligi “sudlanuvchi” murojaat shakli misolida yoritilgan;
psixolingvistik metodning hukm matni tushunilishidagi o‘rni ekstralingvistik va intralingvistik jihatdan dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Sud lingvistikasining sotsiolingvistik va psixolingvistik aspektlari tadqiqi yuzasidan erishilgan ilmiy natijalar asosida:
muloqot jarayonini shaxs-nutq kesishmasida amaliy tadqiq etishda individni psixologik baholash, nutqning sotsial xoslanganlik xususiyatlarini aniqlash, matnga psixolingvistik yondashuv asosida uning idrok etilishi haqidagi ilmiy xulosalardan OT-F1-18 «Ommaviy lisoniy madaniyatni shakllantirish metodlari va metodologiyasini ishlab chiqish» (2017-2020 yy.) mavzusidagi fundamental loyihada nutqning sotsial xoslanishi va rasmiy muloqot tavsifiga bag‘ishlangan qismlarida foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 17 noyabrdagi № 89-03/4794 sonli ma’lumotnomasi). Natijada, muloqotning ommaviy turlari muammolarining nazariy talqinini mukammallashtirishga erishilgan;
sudlanuvchilar nutqiga psixolingvistik yondashuv asosidagi ilmiy xulosalardan Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon viloyat sudining 2018-2020 yillar davomida o‘tkazilgan ochiq sud majlislarida foydalanilgan (Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon viloyat sudining 2019 yil 10 noyabrdagi №1-1384-20/1007 raqamli ma’lumotnomasi). Natijada, sud majlislaridagi muloqot vaziyatlarida sudlanuvchilarning psixolingvistik portretini to‘g‘ri shakllantirish hamda nutqining to‘g‘ri va oson tushunilishiga erishilgan;
tinglovchiga psixolingvistik ta’sir etish, individni psixologik baholash, matnga psixolingvistik yondashuv asosida uning idrok etilishi borasidagi ilmiy xulosalardan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi Davlat unitar korxonasi «Mahalla» teleradiokanalining «Huquqiy maslahat», «Qonun va ijro» kabi ko‘rsatuvlarini tayyorlash jarayonida foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi Davlat unitar korxonasi «Mahalla» teleradiokanalining 2021 yil 18 martdagi 02-10/611-son ma’lumotnomasi). Natijada, ko‘rsatuvlarning teletomoshabinlarga psixolingvistik ta’sirchanligi ortib, aholi orasida huquqiy ongni yanada oshirishga erishilgan;
sud majlisi ishtirokchilarining nutqiga psixolingvistik yondashuv asosidagi ilmiy xulosalardan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi Davlat unitar korxonasi «O‘zbekiston» teleradiokanalining «Bedorlik», «Huquqiy echim», «Kim haq?» nomli eshittirishlarini tayyorlash jarayonida foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi Davlat unitar korxonasi «O‘zbekiston» teleradiokanalining 2020 yil 18 noyabrdagi № 04-25/1142-son ma’lumotnomasi). Natijada, ushbu eshittirishlar uchun tayyorlangan materiallar ilmiy dalillar bilan boyigan, mukammallashgan, qiziqarliligi, hayotiyligi hamda ilmiy ahamiyati ortgan.