Samanov Shermuxammad Abdurasulovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “G‘o‘zaning genomlararo introgressiv usullari bilan olingan tizmalarining qimmatli xo‘jalik belgilarini baholash asosida nav olish”, 06.01.05- seleksiya va urug‘chilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.4.PhD/Qx663.
Ilmiy rahbar: Amanov Baxtiyar Xushbakovich, biologiya fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti, PhD.05/27.02.2020.Qx.42.02.
Rasmiy opponentlar: Rashidova Dilbar Karimovna, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, katta ilmiy xodim; Miraxmedov Mirvaxob Sadikovich, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat agrar universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi g‘o‘zaning genomlararo introgressiv usullari bilan olingan tizmalarning qimmatli xo‘jalik va sifat belgilarini shakllanishi, korrelyativ bog‘liqligi hamda klaster tahlili asosida genetik jihatdan boyitilgan yangi nav yaratishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk marotaba, introgressiv T-24, T-RSM, T-138, T-141 tizmalarda qimmatli xo‘jalik va tolani sifat belgilarini klaster tahlili natijasida 3 ta guruhga ajralishi aniqlangan;
genomlararo T-24, T-RSM, T-138, T-141 tizmalarning ko‘saklarning ochilish sur’ati andoza navga nisbatan 2-13 kunga ertapishar ekanligi, jumladan, T-RSM tizmasida o‘suv davri 109 kunni tashkil etishi aniqlangan;
ko‘p genomli tizmalar ya`ni T-RSM (6,7 g), T-24 (7,1 g) bir dona ko‘sakdagi paxta vazni yuqori ko‘rsatkichlarga ega bo‘lishi aniqlangan;
T-138 tizmasi chigitlarining unuvchanligi Fusarium oxysporum f.sp.vasinfectum patogen zamburug‘ shtammlariga 70,0% kuchli chidamli, T-RSM va T-138 tizmalari Verticillium dahliae zamburug‘iga nisbatan tolerantligi 80,0-100,0% ekanligi isbotlangan;
T-RSM tizmasi Fusarium oxysporum f.sp.vasinfectumga kuchsiz zararlanganligi, T-RSM, T-141 tizmalari Fusarium solani bilan umuman zararlanmaganligi, T-24 va T-RSM tizmalari Verticillium dahliae zamburug‘iga o‘simlik barglari 100% zararlanmaganligi aniqlangan;
introgressiv tizmalarni qiyosiy baholash asosida hosildor, ertapishar, tolasi uzun, tola chiqimi va sifati yuqori bo‘lgan tizmalar tahlil qilingan hamda mujassamlashgan uslublar asosida yangi o‘rta tolali «Niso» g‘o‘za navi yaratilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
G‘o‘zaning genomlararo introgressiv tizmalarining qimmatli xo‘jalik belgilarini baholash asosida nav olish bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar asosida:
g‘o‘za navlarining genotiplarini boyitishda turli genomli turlardan foydalanish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar 2016-QNXZ-B-20 raqamli «G‘o‘zaning genomlararo introgressiv usullari bilan olingan tizmalarining qimmatli xo‘jalik belgilarini baholash asosida nav olish» mavzusidagi loyihasida introgressiv duragay shakllarining abiotik stress omillariga chidamliligini baholashda foydalanilgan (Xitoy Xalq Respublikasi Fanlar akademiyasining 2020 yil 10-noyabrdagi ma’lumotnomasi). Natijada ko‘p genomli turlar asosida olingan tizmalarning morfologik va qimmatli xo‘jalik belgilarining irsiylanishi va tashqi muhitning noqulay sharoitlarida o‘zgaruvchanlik xarakterini aniqlash imkonini bergan;
g‘o‘zaning ko‘p genomli turlari asosida olingan tizmalar FA-A-KX-2018-30 «G‘o‘zaning yangi tezpishar, hosildor, kasalliklarga bardoshli, turli iqlim sharoitlariga moslashgan, o‘zida qimmatli xo‘jalik belgilarini mujassam etgan navlarni yaratish» mavzusidagi amaliy loyihada g‘o‘zaning genomlararo tizmalarining qimmatli xo‘jalik va biologik xususiyatlariga hamda seleksiyaviy imkoniyatiga baho berishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2020 yil 12 noyabrdagi №4/1255-2472-sonli ma’lumotnomasi). Buning natijasida hosildor, tashqi muhitning noqulay omillariga va kasalliklariga chidamli bo‘lgan noyob namunalar ajratib olish orqali genetik imkoniyatlaridan samarali foydalanish imkonini bergan;
yangi “Niso” navi Qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini sinash markazining Termiz nav sinash uchastkasida, Mingbuloq nav sinash uchastkasida, Xatirchi nav sinash uchastkasida va Jizzax nav sinash uchastkasida hosildorligi yuqori bo‘lganligi aniqlangan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2020 yil 16 dekabrdagi №02/020-4410-sonli ma’lumotnomasi). Natijada andoza navlardan 1,5-2,5 s/ga qo‘shimcha hosil olish imkonini bergan;
g‘o‘zaning genomlararo introgressiv tizmalari Respublikada yetakchi bo‘lgan «G‘o‘za genofondi» noyob ob’ektiga kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2020 yil 12 noyabrdagi №4/1255-2473-sonli ma’lumotnomasi). Ushbu introgressiv tizmalar g‘o‘za kolleksiyasi fondini boyitish, g‘o‘zaning yovvoyi turlarini baholash, stress omillarga moslasha oladigan va genetik jihatdan boyitilgan namunalar bo‘yicha elektron bazasi axborot-tahlil tizimini shakllantirish imkonini bergan.