Sherimbetov Sanjar Gulmirzoevichning

fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Orol dengizining suvi qurigan hududlaridagi o‘simliklarning molekulyar-biologik va ekologik xususiyatlari», 03.00.01–Biokimyo; 03.00.10 – Ekologiya (biologiya fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.DSc/B1.

Ilmiy maslahatchi: Muxamedov Rustam Sultanovich, biologiya fanlari doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Bioorganik kimyo instituti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Bioorganik kimyo instituti, O‘zbekiston Milliy universiteti, O‘simlik moddalari kimyosi instituti, DSc.27.06.2017.K/V/T.37.01.

Rasmiy opponentlar: Kadirova Dil`bar Abdullaevna, biologiya fanlari doktori; Xamidov G‘ulomjon, biologiya fanlari doktori, professor; Abdullaev Alisher Abdumavlyanovich, biologiya fanlari doktori.

Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: Orol dengizining janubiy qurigan hududlaridagi o‘simliklarning biokimyoviy, molekulyar-biologik va ekologik xususiyatlarini aniqlash hamda ularning resurs imkoniyatlarini baholashdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

Janubiy Orolqum hududida 220 yuksak o‘simlik turlari (shundan 130 turi ilk bor) o‘sishi aniqlangan va mazkur hudud o‘simliklari Eron-Turon florasi zamirida paydo bo‘lganligi isbotlangan;

o‘simlik turlarining tarkibidan 38 ta, tuproq tarkibidan 37 ta kimyoviy elementlarning miqdori, reniy elementi o‘simlik tarkibida aniqlangan hamda hududda tarqalgan o‘simlik organlari tarkibidagi erkin aminokislotalar miqdori aniqlangan, fenilalanin va prolinning o‘simliklarning stress omillarga moslashishidagi roli isbotlangan;

Orol dengizining qurigan tubida tarqalgan o‘simliklarning oqsil-peptid komponentlari ajratilgan va ularning inson organizmi uchun patogen hisoblangan bakteriyalarga qarshi antibiotik potensialga ega ekanligi isbotlangan;

ilk bor Atriplex pratovii o‘simligi rbcL genining 488, 537 va 811 juft nukleotiddan, matK genining 283, 403 va 804 juft nukleotiddan, psbB-psbH regionining 577 juft nukleotiddan iborat ketma-ketligi aniqlangan va sekvens natijalari EMBL-EBI ma’lumotlar bazasiga kiritilgan;

ilk bor Atriplex pratovii o‘simligining Atriplex turkumi boshqa turlaridan farq qilishi molekulyar-genetik jihatdan isbotlangan va  Atriplex pratovii o‘simligining rbcL, matK genlari bo‘yicha turlararo va turkumlararo molekulyar filogeniyasi ishlab chiqilgan;

o‘simlik turlari ekologik guruhlarga ajratilgan va ularning bioindikatsiya xususiyatlari asoslangan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:

Orol dengizining suvi qurigan hududlaridagi o‘simliklarning biokimyoviy, molekulyar-biologik va ekologik xususiyatlaribo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:

bioindikatsion xususiyatga ega turlar (Salsola arbusculaformis, S.orientalis, S.richteri, Alhagi pseudalhagi, Kalidium capsicum, Halostachys belangeriana, Haloxylon aphyllum, Atraphaxis spinosa) indikator o‘simliklar sifatida, biofaol birikmalariga ega turlar (Tamarix ramosissima, Alhagi pseudalhagi, Peganum harmala, Nitraria schoberi, Astragalus villosissimus) dorivor o‘simlik zaxirasi sifatida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining 2017 yil 9 fevraldagi RF-02/10-914-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalar yangi avlod dori vositalari ishlab chiqarishda Orolqum o‘simlik turlaridan zaxira sifatida foydalanish imkonini bergan;

sho‘rxoklarda keng tarqalgan o‘simlik turlari (Tamarix hispida, Halostachys belangeriana, Haloxylon aphyllum, Salsola dendroides, Climacoptera aralensis, Atriplex pratovii, Limonium otolepis) fitomeliorant o‘simliklar sifatida sho‘rlangan erlar uchun joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi O‘rmon xo‘jaligi bosh boshqarmasining 2016 yil 17 maydagi 06/11-535-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalar Orolqum hududining sho‘rlangan hududlarida sun’iy fitotsenozlar yaratishda hamda fitomelioratsiya ishlarida foydalanish imkonini bergan;

aniqlangan o‘simlik turlaridan (Tamarix ramosissima, T.hispida, Alhagi pseudalhagi, Peganum harmala, Nitraria schoberi, Salsola orientalis, S.richteri, S. dendroides, Halostachys belangeriana, Haloxylon aphyllum, Climacoptera aralensis, Limonium otolepis) geologik qidiruv ishlarida, o‘rmon va o‘tloqzorlar barpo etishda, dorivor o‘simlik resurs bazasi sifatida joriy etilgan (Orolni qutqarish Xalqaro fondi GEF Jamg‘armasining 2017 yil 7 fevraldagi 1/49-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalar Orololdi hududi o‘simliklaridan o‘rmon va o‘tloqzorlar barpo etish ishlarida foydalanish imkonini bergan;

Orolqum o‘simliklarining xilma-xilligi, ekologiyasi, dinamikasi va kimyoviy elementlar tarkibi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar Rossiya fanlar akademiyasi Shirshov nomidagi Okeanologiya institutining ilmiy-tadqiqot ishlarida  qo‘llanilgan (Rossiya fanlar akademiyasi Shirshov nomidagi Okeanologiya institutining 2016 yil 11 martdagi
01/2115-224-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalar Orololdi regioni hozirgi ekologik holatini monitoring qilish imkonini bergan.

Atriplex pratovii o‘simligining rbcL, matK genlari, psbB-psbH regioni sekvensi bo‘yicha olingan natijalar Evropa nukleotid arxivi (Buyuk Britaniya, Kembridj) EMBL-EBI ma’lumotlar bazasida LT604458, LT604459, LT604460, LT628367 va ular oqsillari mos ravishda SCB66075.1, SCB66076.1, SCB66077.1, SCZ84109.1 ID raqamlari orqali ro‘yxatdan o‘tkazilgan (http://www.ebi.ac.uk). Ushbu sekvens ma’lumotlaridan dunyoning turli mintaqalarida o‘suvchi turlarni o‘rganishda global doirada foydalanilmoqda.

Yangiliklarga obuna bo‘lish