Yuldashev Doniyor Taxirovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Atoqli otlarning antropotsentrik tadqiqi», 10.00.01 – O‘zbek tili (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.3.DSc/Fil95 
Ilmiy maslahatchi: Do‘simov Zaribboy, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Urganch davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti, DSc.02/30.12.2019.Fil.46.03.
Rasmiy opponentlar: Lutfullaeva Durdona Esonovna, filologiya fanlari doktori, professor, Uluqov Nosirjon Muhammadalievich, filologiya fanlari doktori, professor, Husanov Nishonboy Abdusattorovich, filologiya fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: antropotsentrik paradigma asosida o‘zbek tilidagi atoqli otlarning lingvokul`turologik xususiyatlarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 
atoqli otlarga antropotsentrik yondashuvning tub ildizlari mumtoz milliy merosimizga taalluqli ekanligi va XX asr o‘rtalari – XXI asr boshlari o‘zbek nomshunosligida ham antropotsentrizm elementlari ko‘plab uchrashi dalillangan; 
atoqli otlarda konsept va tushunchaning farqlanishi hamda nomlardagi «inson – tabiat», «inson – jamiyat», «inson – bilim» konseptlari somatik, zamon, antropik, biomorfik, predmetli, ma’naviy kabi turli madaniyat kodlarda namoyon bo‘lishi ochib berilgan;
nom hamda jamiyat munosabatida antroponim va toponimlar alohida tipni tashkil qilishi, tarixiy hamda zamonaviy nomlarning vujudga kelishi til materiallaridagi va xalq tafakkur tarzidagi o‘zgarishlarga bog‘liq bo‘lishi isbotlangan;    
atoqli otlarda inson faoliyatining aks etishida nominator(lar)ning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy-maishiy, tabiiy-jo‘g‘rofiy hayot tarzi, ishonch va aqidalari, madaniy va ma’rifiy darajasi, o‘zi va olamni anglashga bo‘lgan intilishi kabi asosiy omillarga bog‘liqligi aniqlangan;  
atoqli otlarning vujudga kelishida nominator va nominatsiya jarayonining o‘rni yoritilib, nomlarning nominatsiya tamoyilini belgilash turg‘un yoki o‘zgaruvchan tafakkur tarzida namoyon bo‘lishiga va an’anaviy yoki rasmiy nomlash jarayoniga bog‘liqligi asoslangan;
atoqli otlar onomasiologiya masalasida antropotsentrizmning mohiyati, nomlarning nominatsion-motivatsion asoslari aniqlanib, toponimlarning atalish tamoyillari va nominatsiya qonuniyatlari shakllanishida inson omilining asosiyligi nisbiylik, transpozisiya, pozitivlik, negativlik orqali dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Atoqli otlarning antropotsentrik tadqiqi yuzasidan olingan natijalari asosida:
o‘zbek tili atoqli otlar tizimini antropotsentrik paradigma asosida o‘rganish, nomlarning jamiyat hayotida tutgan o‘rni va motivatsiyasini tadqiq etish bo‘yicha olingan xulosalardan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori institutida bajarilgan FA-F1-G041 raqamli «O‘zbek tili leksikasi va terminologiyasining mustaqillik davri taraqqiyotini tadqiq etish» (2012-2016) nomli fundamental loyihada inson  faoliyatining atoqli otlarda  aks  etishi va nomlarning  atalish  tamoyillari  hamda  nominatsiya  qonuniyatlarini yoritishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2020 yil 11 noyabrdagi №3/1225-2456-son ma’lumotnomasi). Natijada atoqli otlar va ayrim terminlarning tahlilidan foydalanish asosida loyiha bo‘yicha bajarilgan tadqiqotning mukammal bo‘lishiga erishilgan;
ayrim atoqli otlarning ma’nolariga doir xulosalar, etimologik tavsiflardan Mahmud Zamaxshariyning «Muqaddimat ul-adab» asarini o‘zbek tilidagi izohi bilan nashr qilish hamda Xorazm Ma’mun akademiyasida 2017 yilda Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 17 martdagi 49-bayoni asosida xo‘jalik shartnomasi asosida amalga oshirilgan «Ogahiy tomonidan fors tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilingan «Axloqi muhsiniyn» asarini tabdil qilish, nashrga tayyorlash va chop etish» grant loyihasida keng foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasining 2020 yil 28 iyuldagi №03-03-519-son ma’lumotnomasi). Natijada eski o‘zbek tilidagi arabiy va forsiy qatlamga mansub atoqli otlarning ma’noviy tavsiflari mukammallashgan, manbadagi atoqli otlarning to‘g‘ri o‘qilishi, tabdil hamda talqin qilinishiga erishilgan;
atoqli otlarning jamiyat hayotida tutgan o‘rni, unda inson faoliyati aks etishiga oid natijalardan qadimiy manbalarda qo‘llangan atoqli otlar ma’nolarini tushuntirishda, muzeylar fondida saqlanayotgan eksponatlarning ilmiy pasportini yozishda foydalanilgan (Xalqaro «Oltin meros» xayriya jamoat fondining 2020 yil 21 iyuldagi №01-42-son ma’lumotnomasi). Natijada xorijlik mutaxassis va sayyohlarning o‘zbek onomalari ‒ atoqli otlarining qadimiyligiga qiziqishlari ortgan;
atoqli otlarning motivatsion asoslari va nominatsion universaliyalari tadqiqi natijalaridan manbalardagi tarixiy nomlarning ma’nolarini tushuntirishda, Xiva «Ichan-Qal’a» davlat muzey-qo‘riqxonasiga qarashli muzeylardagi eksponatlar mazmunini sharhlashda, mahalliy nomlarni xorijlik sayyohlarga targ‘ib qilishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining 2021 yil 22 yanvardagi №01-12-01-305-son ma’lumotnomasi). Natijada mahalliy va xorijiy sayyohlarning tarixiy nomlar, vatanimiz tarixi haqidagi tasavvurlari boyishiga erishilgan;
Xorazm viloyat teleradiokompaniyasining ko‘rsatuvlari va eshittirishlari ssenariylarini tayyorlashda, xususan, «Tilimizni o‘rganamiz», «Munavvar kun» ko‘rsatuvlarida tadqiqot natijalaridan foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Xorazm viloyat teleradiokompaniyasining 2020 yil 2 iyuldagi 993- va 994-son ma’lumotnomalari). Natijada adabiy-badiiy, ma’naviy-ma’rifiy dasturlarda o‘zbek tilining nufuzi, rivojlanish jarayonlari, atoqli otlarning tadrijiy taraqqiyotini atroflicha yoritish imkoniyati yaratilgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish