Musaev Odil Raxmatovichning

fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbekistonda millatlararo munosabatlarni rivojlantirishning ijtimoiy-falsafiy xususiyatlari», 09.00.04–Ijtimoiy falsafa (falsafa fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.DSc/Fa.12.

Ilmiy maslahatchi:To‘ychiev Berdiqul To‘raqulovich, falsafa fanlari doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.27.06.2017.F.01.05.

Rasmiy opponentlar: Saifnazarov Ismoil Saifnazarovich, falsafa fanlari doktori, professor; Hakimov Nazar Hakimovich, falsafa fanlari doktori, professor; Haydarov Xurram Farmonovich, falsafa fanlari doktori, professor

Yetakchi tashkilot:Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekistonda millatlararo munosabatlarni rivojlantirishning ijtimoiy-falsafiy xususiyatlarini ochib berish hamda polietniklik sharoitida millatlararo totuvlikni ta’minlash, polietnik jamiyatlarda ijtimoiy-siyosiy barqarorlikni mustahkamlash yuzasidan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

polietniklik sharoitida milliy siyosat konsepsiyasini yaratish ijtimoiy zarurat ekanligi ilmiy asoslangan va uning asosiy tamoyillari (mul`tikul`turalizm, tolerantlik, plyuralizm, teng huquqlilik) takomillashtirilgan;

davlat va fuqarolik jamiyati institutlari, o‘zini o‘zi boshqarish organlarining etnomunosabatlarni rivojlantirish mexanizmlari (empirik, strategik, tizimlilik) ishlab chiqilgan;

etnomadaniy plyuralizm va etnosiyosiy paradigma millatlararo munosabatlarni rivojlantirishning ijtimoiy, siyosiy, huquqiy negizi ekanligi ilmiy asoslangan; 

milliy mafkuradagi teng huquqlilik, tolerantlik, etnoplyuralizm, mul`tikul`turalizm g‘oyalarining millatlararo munosabatlarni mustahkamlashi ilmiy asoslangan;

milliy madaniy markazlarning etnomunosabatlarni konsolidatsiyalashtiruvchi konstruktiv institutlar sifatidagi ijtimoiy maqomini (qo‘mita yoki vazirlik darajasida) oshirish yuzasidan taklif va tavsiyalar ishlab chiqilgan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:

Millatlararo munosabatlarni rivojlantirish bo‘yicha ishlab chiqilgan ijtimoiy-falsafiy takliflar asosida:

milliy siyosat konsepsiyasini yaratishga doir nazariy takliflardan Respublika baynalmilal madaniyat markazida ishlab chiqilgan O‘zbekiston Respublikasining milliy siyosat konsepsiyasining I. «O‘zbekistonda millatlararo munosabatlarning bugungi holati»; II. «Davlat milliy siyosatining asosiy tamoyillari»; III. «Davlat milliy siyosatining maqsad va vazifalari» bo‘limlarini tayyorlashda foydalanilgan (Respublika baynalmilal madaniyat markazining 2016 yil 26 dekabrdagi 281-son ma’lumotnomasi). Ushbu nazariy takliflar O‘zbekiston Respublikasi milliy siyosat konsepsiyasining xalqaro demokratik standartlarga mos ravishda ishlab chiqilishiga xizmat qilgan;

etnomunosabatlarni rivojlantirishning mexanizmlariga doir amaliy tavsiyalardan Respublika «Mahalla» xayriya jamoat fondining 2016 yilga mo‘ljallangan ish rejasining 31. «Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyati uchun zarur bo‘lgan uslubiy tavsiyalar tayyorlash»; 33. «Fuqarolar yig‘inlarining diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchilarining ishini samarali tashkil etishning tartib-taomillari»; 41. «Mahallalarda huquqbuzarlik, millatchilik, diniy ekstremizm, aqidaparastlik mafkurasi, missionerlik kabi salbiy illatlarning oldini olish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqish» bandlarini tayyorlashda foydalanilgan (Respublika «Mahalla» xayriya jamoat fondining 2015 yil 30 noyabrdagi 02-02/591-son ma’lumotnomasi). Natijalarning amaliyotga joriy etilishi ko‘p millatli mahallalardagi tadbirlarni empirik, strategik, tizimlilik asosida tashkil etish imkonini bergan;  

etnosiyosiy paradigma millatlararo munosabatlarni rivojlantirishning ijtimoiy, siyosiy, huquqiy negizi ekanligi borasidagi nazariy takliflardan Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi 2016 yil ish rejasining 4.31. «Mamlakatimizda istiqomat qilayotgan turli millat va elat vakillari ishtirokida joylarda «Qudratimiz – birlik va hamjihatlikda», «O‘zbekiston – umumiy uyimiz», «Biz bir zamin va bir zamon farzandlarimiz» mavzularida respublika ilmiy-amaliy anjumanlari, davra suhbatlari va do‘stlik uchrashuvlarini tashkil etish» bandini tayyorlashda foydalanilgan (Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazining 2016 yil 16 dekabrdagi 01/04-808-son ma’lumotnomasi). Mazkur nazariy takliflarning amaliyotga joriy etilishi jamiyatda millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik, etnomadaniy plyuralizmni rivojlantirishga xizmat qilgan;

milliy mafkuradagi teng huquqlilik, tolerantlik, etnoplyuralizm, mul`tikul`turalizmning millatlararo munosabatlarni mustahkamlashiga oid takliflardan Respublika Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazining 2016 yil uchun ishlab chiqilgan ish dasturining 5. «Milliy g‘oyaning innovatsion texnologiyalari va yoshlarni baynalmilal ruhda tarbiyalashning zamonaviy usullari»; 53. «Mustaqillik yillarida O‘zbekistonda ijtimoiy siyosiy barqarorlik va millatlararo totuvlikni ta’minlash borasida erishgan yutuqlarni targ‘ib qilish mexanizmlarini ishlab chiqish» bandlarini tayyorlashda foydalanilgan (Respublika Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazining 2016 yil 15 oktyabrdagi 245-son ma’lumotnomasi). Bu turli millat yoshlari ongiga baynalmilallik, tolerantlik, etnoplyuralizm, mul`tikul`turalizm g‘oyalarini singdirish imkonini bergan;

milliy madaniy markazlarni millatlarni konsolidatsiyalashtiruvchi konstruktiv institutlarga aylantirish yuzasidan bildirilgan takliflardan Respublika baynalmilal madaniyat markazi 2016 yil ish rejasining «O‘zbekiston – yagona Vatan», «Yagona zamin – yagona taqdir», «Qudratimiz – birlik va hamjihatlikda», «O‘zbekiston – ko‘p millatli ahil oila», «Biz sening farzandlaringmiz, O‘zbekiston!», «O‘zbekiston mustaqilligi – millatlararo munosabatlar rivojida yangi davr», «16 noyabr` – Xalqaro bag‘rikenglik kuni» bandlarini ishlab chiqishda keng foydalanilgan (Respublika baynalmilal madaniyat markazining 2016 yil 26 dekabrdagi 282-son ma’lumotnomasi). Tadqiqot natijalarining amaliyotga joriy etilishi respublikamizda etnomunosabatlarni konsolidatsiyalashtiruvchi konstruktiv institutlarning shakllanishiga hamda ijtimoiy-siyosiy barqarorlikning mustahkamlanishiga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish