Muxitdinova Kamila Shayaxmetovnaning 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon 

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «O‘simlik kompozisiyasi asosida olingan gepatoprotektor vositasini ishlab chiqish va standartlash», 15.00.02 – Farmatsevtik kimyo va farmakognoziya (farmatsevtika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: V.2019.4.PhD/Far57.
Ilmiy rahbar: Ubaydullaev Qudratilla Asatillaevich, kimyo fanlari nomzodi, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent farmatsevtika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent farmatsevtika instituti, DSc.04/30.12.2019.Far.32.01.
Rasmiy opponentlar: Urmanova Flyura Faridovna, farmatsevtika fanlari doktori, professor; Nishanboev Sobir Zaripboevich, farmatsevtika fanlari nomzodi.
Yetakchi tashkilot: «Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi» DUK.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: mahalliy o‘simlik xomashyosidan gepatoprotektor ta’siriga ega bo‘lgan ekstrakt va uning asosida biologik faol qo‘shimchalarni ishlab chiqish va standartlashtirish usullarini nazariy va eksperimental asoslashdan iborat. 
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
«Gepafit» suyuq ekstrakti, «Gepaten» quruq ekstrakti va «Gepaten» qobiq bilan qoplangan tabletkalar tarkibidagi biologik faol moddalar sifatini nazorat qilish usullari: flavonoidlar yig‘indisi kversetinga qayta hisoblandi va glisirrizin kislotasining miqdoriy tahlil usuli ishlab chiqilgan;
ekstraktlar va ular asosidagi biologik faol qo‘shimchalarning sifatini nazorat qilishning yuqori samarali suyuqlik xromatografiyasi va spektrofotometriya usullari ishlab chiqilgan;
ob’ekt sifatida qo‘llanilgan dori vositalar va biologik faol qo‘shimchalar uchun  taklif etilgan miqdoriy tahlil usullari ICH Topic Q 2 (R1) «Validation of Analitical Procedures: Text and Methodology» talablari bo‘yicha validatsiya qilingan; 
«Gepafit» suyuq ekstrakt va «Gepaten» tabletkalarning  farmakologik  sinovlari o‘tkazilib, gepatoprotektorlik faolligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: 
O‘simlik kompozisiyasi asosida gepatoprotektor vositasini ishlab chiqish va standartlash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
«Gepaten» quruq ekstrakti uchun vaqtincha farmakopeya maqola  loyihasi «Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish Davlat Markazi» DUKga ro‘yxatdan o‘tkazish uchun taqdim etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash  vazirliging 2018 yil 15 oktyabrdagi 8n-3/280-son xati; «Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi» DUKning 2020 yil 15 oktyabrdagi 29/01-408-son xati). Natijada, ushbu farmakopeya maqolasining tasdiqlanishi jigar kasalliklarini davolash uchun dori vositalar va biologik faol qo‘shimchalar  uchun substansiya ishlab chiqish imkonini beradi;
«Gepafit» biologik faol qo‘shimcha uchun texnik shartlar tasdiqlangan (TS 25368758-001:2017) hamda uni ishlab chiqarish bo‘yicha texnologik yo‘riqnoma O‘zbekiston Respublikasi Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi tomonidan tasdiqlangan (TI 25368758-001:2017). Natijada, “Pharm Quality Systems” MChJda gepatoprotektor ta’sirga ega bo‘lgan «Gepafit» biologik faol qo‘shimchani ishlab chiqarish imkonini bergan;
«Gepaten» biologik faol qo‘shimcha uchun texnik shartlar tasdiqlangan (TS 25368758-001:2018) hamda uni ishlab chiqarish bo‘yicha texnologik yo‘riqnoma O‘zbekiston Respublikasi Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi tomonidan tasdiqlangan (TI 25368758-001:2018). Natijada, mahalliy xomashyolar asosida jigar xastalliklarida qo‘llaniladigan biologik faol qo‘shimchalar assortimentini kengaytirish  imkonini bergan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish