Xidoyatov Jaxongir Suratovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Bolalarda zamonaviy texnologiyalarni qo‘llagan holda appendikulyar peritonitni xirurgik davolashni takomillashtirish», 14.00.35 – Bolalar xirurgiyasi (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.PhD/Tib1013.
Ilmiy raxbar: Akilov Xabibulla Ataullaevich, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Tibbiyot xodimlarini kasbiy malakasini rivojlantirish markazi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, DSc.04/30.12.2019.Tib.49.01.
Rasmiy opponentlar: Ergashev Baxtiyor Berdalievich tibbiyot fanlari doktori, professor; Akbarov Mirshavkat Mirolimovich, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Samarkand davlat tibbiyot instituti
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: zamonaviy kam invaziv texnologiyalarni joriy etish orqali bolalarda o‘tkir asoratli appendisitni davolash natijalarini yaxshilashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
bolalarda o‘tkir asoratli appendisitning turli xil namoyon bo‘lishi va klinik kechishining xususiyatlariga bog‘liq xolda, laparoskopik appendektomiyada konversiyaning asosiy patogenetik va klinik xavf omillari aniqlangan;
o‘tkir asoratli appendisit bilan kasallangan bolalarda laparoskopik aralashuvlar davomida ochiq appendektomiyaga o‘tish xavfini oshiruvchi muhim intraoperatsion omillar aniqlangan;
bolalardagi o‘tkir appendisitning nafaqat asoratli kechishini tasdiqlovchi belgilarni, balki konversion appendektomiyaning prediktorlarini aniqlashda kompyuter tomografiyaning yuqori informativligi ko‘rsatilgan;
o‘tkir asoratlangan appendisitli bolalarda «salbiy» laparoskopiyani kamaytirishda konversiyaning perioperativ prediktorlarini aniqlashning ahamiyati isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Bolalarda appendikulyar peritonitni xirurgik davolash taktikasini takomillashtirish bo‘yicha bajarilgan ilmiy tadqiqot natijalari asosida:
«Bolalarda o‘tkir asoratlangan appendisitda laparoskopik xirurgiya» nomli uslubiy tavsiyanoma tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2021 yil 30 martdagi 8n-z/56-son ma’lumotnomasi). Ishlab chiqilgan tavsiyalar bolalarda, ayniqsa kasallikning gangrenoz-perforativ shakli bo‘lgan bemorlar guruhida, o‘tkir asoratlangan appendisitni davolash natijalarini yaxshilash imkonini bergan;
olingan ilmiy natijalar amaliy sog‘liqni saqlash faoliyatiga, xususan, Samarqand davlat tibbiyot instituti 2-klinikasining hamda Buxoro viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining bolalar xirurgiyasi bo‘limlari amaliy faoliyatiga joriy qilingan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2021 yil 30 martdagi 8n-z/56-son ma’lumotnomasi). Bolalarda o‘tkir asoratlangan appendisitni xirurgik davolashning taktik jihatlarini takomillashtirish endovizual xirurgik faollikni 59,2% dan 94,2% gacha oshirishga, konversiyalar chastotasini 18,2% dan 10,6% gacha, o‘ziga xos asoratlar chastotasini esa 40% dan 7,9% gacha kamaytirishga, qoniqarli natijalar ulushini 57,7% dan 78,3% gacha oshirish hamda qoniqarsiz natijalar chastotasini 9,2% dan 2,5% gacha kamaytirishga erishish imkonini bergan.