Palimbetov Kamalbay Sarsenbaevich
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Qoraqalpoq xalq dostoni “Qo‘blon”ning genezisi, tipologiyasi va poetikasi”, 10.00.08 – Fol`klorshunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.3.DSc/Fil137
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi
Ilmiy maslahatchi: Allambergenov Keңesbay, filologiya fanlari doktori, professor.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyot va fol`klori instituti, Dsc.02/30.12.2019.Fil.46.02.
Rasmiy opponentlar: Bahadirova Sarigul, filologiya fanlari doktori, professor; Eshonqulov Joppar Solievich, filologiya fanlari doktori, professor; Jumanazarov Umrzoq, filologiya fanlari doktori, professor
Yetakchi tashkilot: Urganch davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Qoraqalpoq xalq dostoni «Qo‘blon»ning genezisi, tipologiyasi va poetik xususiyatlarini tadqiq qilish asosida Markaziy Osiyo turkiy xalqlari epik an’anasida qahramonlik eposining vujudga kelishi va ilk epik syujetlarning shakllanishiga asos bo‘lgan manbalarni aniqlashdan iboratdir.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
qoraqalpoq xalq dostoni «Qo‘blon»ning milliy versiyalarini qiyosiy tahlil qilish asosida Markaziy Osiyo turkiy xalqlari qahramonlik eposining paydo bo‘lishi urug‘-qabilachilik davri fol`kloridagi arxaik syujetlar va mifopoetik tasavvurlarning badiiy evolyusiyasi bilan bog‘liq ekanligi isbotlangan;
doston syujetining turkiy va mo‘g‘ul-buryat xalqlari fol`kloridagi o‘ziga xos milliy versiyalari tarixiy-genetik jihatdan mushtarak manba asosida yuzaga kelganligi dalillangan;
«Qo‘blon» dostoni turkiy versiyalarini o‘rta asr eposi kontekstida qiyosiy-tadqiq etish natijasida «Kitobi dadam Qo‘rqut» hamda «O‘g‘uznoma» kabi yodgorliklar an’anaviy epik syujet rivojiga ta’sir ko‘rsatganligi asoslab berilgan;
doston syujetida patriarxal-urug‘chilik davrlariga xos maishiy turmush tarzining aks etishi va ko‘chmanchilik madaniyatiga mansub qadriyatlarning poetik transformatsiyasiga asoslangan holda qahramonlik eposining qadimiy namunalari qipchoq tip turkiy etnoslar epik an’anasida shakllanganligi isbotlangan;
jirovlarning badihago‘ylik iqtidori va individual ijrochilik mahorati tufayli an’anaviy epik syujet taraqqiy etib, badiiy jihatdan o‘ziga xos milliy versiyalar paydo bo‘lganligi aniqlangan;
qahramonning epik biografiyasi ‒ botirning tug‘ilishi, safari va uylanishi motivlarining tasvirida qadimgi arxaik motivlar, mifologik qarash va e’tiqodlar, ekzogamik nikoh an’anasining ifodasi saqlanib qolganligi ko‘rsatilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Qoraqalpoq qahramonlik dostoni «Qo‘blon»ning genezisi, tipologiyasi va poetikasini tadqiq etish orqali olingan natijalar asosida:
tadqiqotning «Qo‘blon» dostonining janr xususiyatlari, milliy versiya va variantlarining o‘ziga xosligini tadqiq etishga oid materiallari hamda nazariy umumlashmalaridan Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot institutida bajarilgan F1-FA-0-43429, FA-F1, G002 raqamli «Qoraqalpoq fol`klori va adabiyoti janrlarining nazariy masalalarini tadqiq qilish» (2012-2016) fundamental tadqiqotida foydalanilgan (Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limining 2020 yil 10 dekabrdagi 17.01/142 -sonli ma’lumotnomasi). Natijada mazkur ilmiy loyihalarning qoraqalpoq xalq dostonlari syujetining tarixiy-genetik asoslari, turkiy xalqlar epik an’anasidagi tipologik mushtarakliklari va poetik o‘ziga xosligini o‘rganishga bag‘ishlangan fasllari tayyorlangan;
dissertatsiyaning qoraqalpoq xalq dostoni «Qo‘blon»ning syujetining turkiy xalqlar yozma yodgorliklari bilan aloqadorligi, turkiy xalqlar eposi kontekstida tutgan o‘rni, genezisi va shakllanish tarixi, tipologiyasi, poetikasi, badiiyati, ijrochilar badiiy mahoratiga oid ilmiy-nazariy xulosalari qoraqalpoq tilida ta’lim beradigan o‘rta maktablarning tadqiqotchining muallifligi va hammuallifligida yozilgan 6-sinf (Nukus shahri, «Bilim» nashriyoti, 2017), 8-sinf (Nukus shahri, «Bilim» nashriyoti, 2019) va 10-sinf (Nukus shahri, «Bilim» nashriyoti, 2017) «Adabiyot» darsliklarida foydalanilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining 2020 yil 11 noyabrdagi JQ-78-sonli ma’lumotnomasi). Natijada qahramonlik eposining vujudga kelishi va tadrijiy rivojiga oid ilmiy konsepsiyalarning joriylanishi orqali darsliklarning nazariy saviyasi yaxshilanishiga erishilgan;
«Qo‘blon» dostonining badiiy xususiyatlari, janriy o‘ziga xosligi va jirovlarning badihago‘ylik mahoratiga bog‘liq masalalar tahlili asosida chiqarilgan ilmiy xulosalar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Yozuvchilar uyushmasi tomonidan tashkillashtirilgan yosh ijodkorlar seminarlarida ma’ruza sifatida joriylangan (Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmasining 2020 yil 29 oktyabrdagi 78-sonli ma’lumotnomasi). Natijada yosh ijodkorlarga qoraqalpoq xalq dostonlari va dostonchilik an’analarining o‘ziga xos jihatlari haqida umumiy tushunchalar berilgan;
tadqiqotning xalq dostonlari kompozisiyasi, syujeti va motivlar tarkibi, g‘oyaviy-badiiy xususiyatlari bilan bog‘liq nazariy xulosalaridan Qoraqalpog‘iston teleradiokompaniyasining «Gavhar so‘zlar», «Adabiyot va davr», «Xalq xazinasidan», «Me’ros», «Xalq durdonasidan» nomli teleko‘rsatuvlarni tayyorlashda foydalanilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Teleradiokompaniyasining 2020 yil 11 noyabrdagi 01-02/230-sonli ma’lumotnomasi). Natijada ushbu teleko‘rsatuv va radio eshittirishlarning ilmiy-ommabopligi ta’minlangan hamda milliy qadriyatlarimizning ma’naviy-madaniy taraqqiyotda tutgan o‘rnini yoshlar orasida keng targ‘ib qilishga erishilgan.