Achilov Nasim Kamolovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “XX asrning oxiri va XXI asr boshlari dostonchilik an’analarining saqlanish holati”, 10.00.08 – Fol`klorshunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: №B2018.1.DSc/Fil111
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qarshi davlat universiteti
Ilmiy maslahatchi: To‘ra Mirzaev, filologiya fanlari doktori, akademik.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti, Dsc.02/30.12.2019.Fil.46.02 raqamli Ilmiy kengash
Rasmiy opponentlar: Allambergenov Kesenbay, filologiya fanlari doktori, professor; Eshonqulov Joppor Salievich, filologiya fanlari doktori, professor; Sariev San’at Matchonbaevich, filologiya fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi baxshichilik va dostonchilik san’atining o‘ziga xosligi, bugungi saqlanish holati, epik an’analarning jonlanishi va tarqoq syujetlar evolyusiyasida baxshi mahoratining o‘rni, xalq dostonlari og‘zaki ijro usuli va shakllaridagi o‘zgarishlar, baxshilar repertuarida terma ijodkorligi va individual ijroning kuchayib borish omillari, doston ijro etishda parchalanish va uning professional sahnaga ko‘chish usullari hamda hozirgi jonli og‘zaki an’analarning saqlanishida epik xotira, bilim va dunyoqarashning o‘rnini ochib berishdan iboratdir.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
Janubiy O‘zbekiston baxshilarining ijodiy faoliyati misolida ijtimoiy-madaniy voqelikning jonli epik an’anaga ta’siri tufayli dostonchilikda so‘nish jarayoni yuzaga kelishi va baxshilar epik repertuarida individual ijodkorlikning kuchayib borishi natijasida doston ijrochiligida an’ananing uzilish holati ro‘y berishi isbotlangan;
baxshichilik san’atining rivojlanishi va jonli ijro holatini saqlab qolishga dostonchilik markazlari-maktablari faoliyatidagi epik an’ana izchilligi, baxshi-shoirlar epik repertuarining muttasil boyib borishi va ustoz-shogird munosabatlarining davomiyligi asos bo‘lganligi aniqlangan;
Qodir baxshining dostonchilik faoliyatini tahlil qilish asosida baxshichilik san’atining saqlanishi hamda epik an’ananing qayta jonlanishi epik xotira, bilim va dunyoqarashning tiklanishi bilan bevosita aloqadorligi dalillangan;
Eposni o‘zlashtirishda barqaror uzviylikning davom etmaganligi baxshilar ijrosida individual ijodkorlikning kuchayishi, dostonchilikda an’ananing buzilishi va soxta dostonlarning epik bilim tanazzuliga olib kelayotgan holatlar repertuarda yasama, sun’iy dostonlarni shakllantirib, boshqa dostonlarning yaratilishiga sabab bo‘layotganligi ilmiy asoslangan;
baxshilar ijrosida terma ijodkorligining kuchayib borishi, dostonlarda to‘rtlik va beshlik band tuzilishining qat’iylashishi jonli og‘zaki an’ananing so‘nishi jarayoniga xos holatlar ekanligi dalillangan hamda bunda doston matnining buzilish holatlari, soxta dostonlarning yuzaga kelishi epik bilim tanazzuliga sabab bo‘lishi “Alpomish” dostoni syujeti asosida individual doston ijro etish holatlari misolida asoslangan;
doston ijrosi va kuylarining professionallashuvi hamda baxshichilik san’atining sahnaviy talqinga ko‘chishi Janubiy O‘zbekiston epik an’anasining hozirgi holatiga xos asosiy xususiyat ekanligi ko‘rsatilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
baxshichilik san’atining o‘ziga xosligi, doston va uning turlari, janr xususiyatlari, xalq dostonlari ijro shakli va usullari, bunda baxshi shaxsi va uning ijrochilik mahorati, qahramonlik dostonining g‘oyaviy-badiiy talqini, obrazlar tarkibi, baxshi-shoirlar va dostonchilik maktablaridagi o‘rni masalasiga doir ilmiy-nazariy xulosalaridan Termiz davlat universitetida bajarilgan I-2013-54-raqamli “O‘zbekistonda baxshichilik san’atining shakllanishi va taraqqiyoti tarixi” mavzusidagi innovatsiya loyihasini bajarishda foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 2 oktyabrdagi 89-03-3642-son ma’lumotnomasi). Natijada dostonchilik maktablarining ijro usullari, xalq dostonlarining turlari, “Alpomish” dostonining versiya va variantlari, doston ijrosida do‘mbira kuylarining o‘rni masalasiga doir yangi ilmiy qarashlar asoslanishiga erishilgan;
fol`klor asarlarida xalq ma’naviy olamining badiiy ifoda etilishi, xalq dostonlarida hayotiy voqelik va ijtimoiy munosabatlarning o‘rni, baxshi-shoirlar ijodining hozirgi ma’naviy-madaniy taraqqiyotdagi ahamiyatiga doir tahliliy umumlashmalari Qarshi davlat universitetida bajarilgan OT-F8-002-raqamli “Hozirgi zamon sivilizatsiyasining inson ijtimoiy qiyofasiga ta’siri” mavzusidagi fundamental loyihani bajarishda foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 2 oktyabrdagi 89-03-3642-sonli ma’lumotnomasi). Natijada xalq dostonlarining shaxs ijtimoiy qiyofasining shakllanishiga ta’siri va uning badiiy-estetik tafakkurini o‘stirishdagi o‘rnini ko‘rsatishga erishilgan;
dostonlar syujeti, motiv va obrazlarining genezisi, shakllanishi, baxshi ijrochiligining genezisi arxaik fol`klor va mifologik e’tiqodlar bilan bog‘liqligiga doir ilmiy-nazariy qarashlaridan Navoiy davlat pedagogika institutida bajarilgan F1-XT-0-19919-raqamli “O‘zbek mifologiyasi va uning badiiy tafakkur taraqqiyotida tutgan o‘rni” mavzusidagi fundamental loyihani bajarishda foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 2 oktyabrdagi 89-03-3642-sonli ma’lumotnomasi). Natijada epik syujet, motiv va obrazlarning yuzaga kelishida dastlab mifologik syujetlarning o‘rni mavjudligi, mifopoetik tafakkurning xalq dostonlari syujeti shakllanishida tutgan o‘rnini aniqlashga erishilgan;
dostonlarning xalq pedagogikasi bilan aloqadorligi va dostonchilik an’analarida umuminsoniy qadriyatlarning aks etishiga doir ilmiy qarashlaridan Navoiy davlat pedagogika institutida bajarilgan XT-F2-004-raqamli “O‘zbek xalq pedagogikasi va fol`klor an’analari” mavzusidagi yosh olimlar fundamental ilmiy tadqiqot loyihasini bajarishda foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 2 oktyabrdagi 89-03-3642-sonli ma’lumotnomasi). Natijada yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash maqsadida xalq dostonlaridagi badiiy vositalardan foydalanishning pedagogik asoslariga doir ilmiy qarashlarni takomillashtirish bo‘yicha metodik ko‘rsatmalar ishlab chiqilgan;
dostonchilik san’atining hozirgi saqlanish holati va baxshi-shoirlar ijodiy faoliyatida yuz berayotgan o‘zgarishlar, ustoz-shogirdlik an’analarining epik xotiraning davomiyligida tutgan o‘rni, baxshichilikning zamonaviy ijro usullari va sahnaviy talqinlariga doir ilmiy qarashlaridan “O‘zbekiston” milliy teleradiokompaniyasi “Qashqadaryo” bo‘limining “Fayzli kun” teleko‘rsatuvi va “Ilmu ma’rifat” radioeshittirishini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “Qashqadaryo” televideniesining 2020 yil 8 va 9 sentyabrdagi 689 hamda 741-sonli ma’lumotnomalari). Natijada baxshilar ijrosining ma’rifiy-estetik ahamiyati, dostonlarning yosh avlod dunyoqarashi va tafakkurini o‘stirishdagi o‘rni, yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlar asosida tarbiyalashda muhim o‘rin tutishi, fol`klor namunalarining yuksak tarbiyaviy ahamiyati haqidagi ilmiy qarashlarni keng ko‘lamda ommalashtirishga erishilgan.