Sattarova Dilfuza Maksudovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Elektrospinning usuli orqali xitozan Bombyx mori va uning hosilalari asosida nanotolalar olish», 02.00.06 – Yuqori molekulyar birikmalar, 02.00.12 – Nanokimyo, nanofizika, nanotexnologiya (kimyo fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.2.PhD/K100.
Ilmiy rahbarlar: Rashidova Sayyora Sharafovna, kimyo fanlari doktori, professor, akademik; Qodirxonov Murodxon Rashidxonovich, kimyo fanlari nomzodi, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Namangan davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Polimerlar kimyosi va fizikasi instituti huzuridagi DSc.02/30.12.2019.K/FM/T.36.01 raqamli ilmiy kengash asosidagi bir martalik ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Ruzimuradov Olim Narbekovich, kimyo fanlari doktori, dotsent, Milusheva Rakiya Yunusovna,kimyo fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Toshkent to‘qimachilik va engil sanoat instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: elektrospinning usulida xitozan Bombyx mori va uning hosilalaridan nanotolalar olish hamda ularning xossalari va morfologiyasini o‘rganishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor xitozan Bombyx mori va uning hosilasi bo‘lgan karboksimetilxitozandan belgilangan diametrli nanotolalar olingan;
elektrospinning usulida xitozan Bombyx mori va uning hosilasi karboksimetilxitozandan nanotolalar olishning maqbul sharoitlari aniqlangan;
xitozan Bombyx mori va uning hosilasi karboksimetilxitozanning molekulyar -massaviy tavsiflari va olingan nanotolalarning morfologiyasi orasidagi bog‘liqlik isbotlangan;
nanotolalarning morfologiyasi xitozan Bombyx mori va karboksimetilxitozanning elektrospinning jarayoni ko‘rsatkichlariga bog‘liqligi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Elektrospinning usuli orqali xitozan Bombyx mori va uning hosilalari asosida nanotolalar olish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
itozan va uning hosilalari eritmalarining reologik xossalarini tadqiqot natijalaridan A-4-13 raqamli “Elektrospinning usulida fibroin, xitozan va akrilonitril sopolimeri asosida nanotolali noto‘qima materiallar olish texnologiyasini ishlab chiqish” mavzusidagi amaliy loyixasida elektrospinning usulida akrilonitril sopolimeri va ipak fibroini eritmalaridan nanotolali qatlamli noto‘qima materiallar olishdagi polimer eritmalarining reologik xossalarini elektrospinning jarayoniga ta’sirini o‘rganishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 4 dekabrdagi 89-03-5081-son ma’lumotnomasi). Natijada elektrospinning usulini samaradorligini oshirishda eritmaning qovushqoqligi va sirt tarangligini jarayon parametrlari (kuchlanish, igna diametri, elektrodlar orasidagi masofa) orasidagi bog‘liqlikni tadqiq qilish imkonini bergan;
xitozan va uning hosilalarini molekulyar massaviy tavsiflarini ular asosida olingan nanotolalarning morfologiyasi bilan bog‘liqligini o‘rganishda olingan natijalardan F-A-2018-033 raqamli “Tabiiy ipak va paxta chiqindilaridan nanotolali, nanog‘ovakli materiallar olishning elektrospinning usulini takomillashtirish” mavzusidagi fundamental loyihasida elektrospinning usuli yordamida olingan nanotolali materiallarni morfologiyasini boshqarishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 4 dekabrdagi 89-03-5081-son ma’lumotnomasi). Natijada, nanotolali materialar morfologiyasini (o‘rtacha diametr, nuqsonsiz) polimerlarning molekulyar massaviy tavsiflarini o‘zgartirish orqali nazorat qilish imkonini bergan;
elektrospinning usulida olingan xitozan tutgan nanotolali materiallarning mustahkamligini oshirishda va sorbsiyasini o‘rganishdagi olingan natijalar “Hemostasis Application of Foam Dressing Material Based on Chitosan” Xitoy Shimoliy-sharq Pedagogika universiteti va Xitoy Fanlar Akademiyasi Amaliy Kimyo institutining fundamental loyihasida xitozan asosida tayyorlangan gemostatik xossaga ega bog‘lov materiallarni muhit o‘zgarishiga chidamliligini oshirishda foydalanilgan (Xitoy Shimoliy-sharq Pedagogika universitetining 2020 yil 9 sentyabrdagi ma’lumotnomasi). Natijada, nanotolali materialarni neytral va kuchsiz asosli muhitda tolali tuzilishini saqlab qolish hususiyatini aniqlash va sorbsion xossalarini tadqiq qilish imkonini bergan.